O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga sharh

16/05/2015 - 14:02 9152

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotni liberallashtirish, boshqaruvning bozor tamoyillari va mexanizmlarini joriy etish, qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi ortiqcha byurokratik to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

2012-2014-yillarda xususiy mulk mavqeini oshirish va uni himoya qilish, ishbilarmonlik muhiti va biznes yuritish sharoitlarini yanada yaxshilashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining o‘n beshdan ortiq qonuni, jumladan, “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida (yangi tahrirda)”, “Tadbirkorlik faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillari to‘g‘risida”, “Raqobat to‘g‘risida”, “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida” va boshqa qonunlar qabul qilindi.

Natijada kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 2000-yildagi 31 foizdan bugungi kunda 56 foizga yetdi, ish bilan band aholining 77 foizi ushbu sohada mehnat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni xususiy tadbirkorlikning iqtisodiyotdagi roli va o‘rnini tubdan oshirish, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish yo‘lidagi mavjud to‘siq va cheklovlarni tugatish, xususiy mulkning yalpi ichki mahsulotda, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi ulushini izchil oshirish uchun yanada qulay iqtisodiy, huquqiy sharoit va rag‘batlar yaratishga qaratilgan. 

Farmonga muvofiq xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ishonchli himoyasini ta’minlash, ularning jadal rivojlanishi yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishning to‘rtta asosiy yo‘nalishi bo‘yicha asosan joriy yilda amalga oshiriladigan o‘ttiz uchta aniq chora-tadbirni ko‘zda tutuvchi kompleks Dastur tasdiqlandi. 

Chora-tadbirlar dasturida xususiy mulk va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish, ularni tashkil etish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish tartibini yanada soddalashtirish, ma’muriy va jinoyat qonunchiligini liberallashtirish hisobidan tadbirkorlikka yanada keng erkinlik berishga alohida e’tibor qaratilgan. 

Xususan, agar shaxs O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni (soliqlar yoki boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) ilk marotaba sodir etib, jinoyat aniqlangan kundan 30 kun davomida davlatga yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan, penya va boshqa moliyaviy jarima turlarini to‘lagan bo‘lsa, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilmasligi va shaxs javobgarlikdan ozod etilishini nazarda tutuvchi tartib joriy etilmoqda. 

Shuningdek, Jinoyat kodeksiga xo‘jalik yurituvchi subyektlar mansabdor shaxslariga nisbatan ular tomonidan soxta bankrotlik va bankrotlikni yashirish orqali yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplanganda ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazo qo‘llanilmasligini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritish ko‘zda tutilmoqda. 

Savdo-sotiq qoidalari, savdo va vositachilik faoliyati sohasidagi huquqbuzarliklarni jinoiy yurisdiksiyadan ma’muriy yurisdiksiyaga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Juda katta miqdorda zarar yetkazilishiga olib kelgan huquqbuzarliklar bundan mustasno. 

Tadbirkorlik tuzilmalari va boshqa nodavlat tashkilotlarida ma’muriy-taqsimot va ma’muriy-xo‘jalik vakolatlarini amalga oshiruvchi mansabdor shaxslar javobgarligini yumshatish choralari belgilandi. Jumladan, Jinoyat kodeksiga noqonuniy ravishda moddiy mukofot olganlik (tijorat porasi), vakolatlarini suiiste’mol qilganlik va boshqa huquqbuzarliklar uchun nisbatan yumshoq jazo choralarini nazarda tutuvchi alohida moddalar kiritiladi. Yuqorida ko‘rsatilgan huquqbuzarliklar natijasida yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplangan holda ozodlikdan mahrum etish shaklidagi jazo qo‘llanilmaydi. 

Chora-tadbirlar dasturida xususiy tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishda sud organlari rolini kuchaytirish nazarda tutilgan. Xususan, tadbirkorlik subyektlari soliq va bojxona qonunchiligini buzganligi munosabati bilan ularning mulkini musodara qilish, to‘lovchi tomonidan e’tiroz bo‘lganda, qo‘shimcha hisoblangan bojxona to‘lovlarini undirish faqat sud qarori bilan amalga oshiriladi. Xo‘jalik sudlariga nazorat qiluvchi organning shikoyat qilinayotgan harakati (qarori) ijrosini to‘xtatib turish huquqi beriladi, xo‘jalik sudlari tomonidan da’vo arizasini ko‘rib chiqishga qabul qilish va ishni sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risidagi ajrim chiqarish muddati 10 kundan 5 kungacha qisqartirildi. 

Qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari doirasida nazorat qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining tekshiruvlari xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan jalb etilgan advokatlar ishtirokida amalga oshirilishini nazarda tutuvchi tartib joriy etilmoqda (xo‘jalik yurituvchi subyekt yozma ravishda mazkur huquqni rad etgan hollar bundan mustasno).

Dasturda barcha turdagi ro‘yxatga olish va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish, turli davlat xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish borasida kompleks chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Masalan, endilikda qonunchilikda tadbirkorlik subyektlari uchun ko‘zda tutilgan imtiyoz va yengilliklardan foydalanishda turli yozma arizalar bilan murojaat qilishning hojati yo‘q. 

O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasining maxsus axborot portali vositasida o‘tkaziladigan elektron savdolar orqali tadbirkorlik subyektlaridan birlamchi ehtiyojdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlarini amalga oshirish tartibi soddalashtirildi. 

Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yish O‘zbekiston Respublikasi interfaol davlat xizmatlari Yagona portaliga integratsiya qilingan internet tarmog‘ida avtomatlashtirilgan tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish va hisobga qo‘yish tizimi orqali 24 soat uzluksiz amalga oshiriladi. 

Davlat xizmatlaridan foydalanishda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, arizachilarning xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qiluvchi mansabdor shaxslar bilan bevosita aloqasini istisno qilish maqsadida bugungi kunda turli idoralar qoshida faoliyat yuritayotgan, alohida davlat xizmatlari ko‘rsatayotgan “bir darcha” xizmatlarining o‘rniga tuman (shahar) hokimliklari huzuridagi tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatga olish inspeksiyalari negizida “bir darcha” tamoyili asosida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish Yagona markazlari tashkil etiladi. 

Shu bilan birga, tadbirkorlik subyektlari tomonidan zarur hujjatlarni taqdim etish asosida davlat arxitektura-qurilish nazorati hududiy inspeksiyalari tomonidan qurilish obyektlarini ro‘yxatga olish va qurilish-montaj ishlariga ruxsat berishning bildirish tartibini joriy etish, yer maydonlarini tanlash va ajratish bo‘yicha materiallarni tayyorlash, kelishish va tasdiqlash tartib-taomillari va muddatlarini optimallashtirish hisobidan tadbirkorlik subyektlariga yer maydonlarini taqdim etish bilan bog‘liq tartib-taomillarni yanada soddalashtirish nazarda tutilmoqda. 

Farmon bilan tasdiqlangan chora-tadbirlar Dasturida xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishni yanada tartibga solish hamda tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va noqonuniy aralashganlik, xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining javobgarligini oshirish, jumladan, jinoiy javobgarligini joriy etish o‘ta muhim ahamiyat kasb etuvchi vazifa sifatida belgilangan. 

Jumladan, 2015-yilning 1-iyulidan rejali tekshiruvlar o‘tkazishning yagona tartibi va davriyligi joriy etiladi. Mazkur tartibga ko‘ra, mikrofirmalar, kichik korxonalar va fermer xo‘jaliklari faoliyati bo‘yicha barcha tekshiruvlar rejali asosda to‘rt yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan, boshqa xo‘jalik subyektlarini tekshirish uch yilda bir martadan ko‘p bo‘lmagan va faqat O‘zbekiston Respublikasi Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi qarori bilan amalga oshiriladi. Ayni paytda moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan rejali tekshiruvlarni amalga oshirish muddati 30 kalendar kunidan 10 kungacha qisqartirilmoqda. 

Tadbirkorlik faoliyati subyektlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha rejali tekshiruvlar faqat oxirgi rejali tekshiruv davridan keyingi muddatni qamrab olishi shart. Tadbirkorlik subyektlariga yo‘l qo‘yilgan xatolarni tekshiruv davom etayotgan davrning o‘zida to‘g‘rilash, shu orqali faoliyatining to‘xtatib qo‘yilishi va tugatilishining oldini olish imkoniyati yaratilmoqda. 

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlarining huquqiy savodxonligini oshirish va ular faoliyatiga doir kompleks tekshiruvlar tayinlanishidan avval huquqbuzarliklarning oldini olishga doir profilaktika ishlari samaradorligini oshirish masalalariga katta e’tibor qaratilgan. Nazorat qiluvchi organlarning faoliyati aynan shu mezon asosida baholanadi. 

Bu chora-tadbirlarning tatbiq etilishi O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik subyektlari faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunini yangi tahrirda qabul qilishni nazarda tutadi. 

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi, Oliy sudiga manfaatdor tuzilmalar bilan birgalikda tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va noqonuniy aralashgani uchun davlat, huquqni muhofaza qilish va nazorat qiluvchi organlar mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish va qabul qilish topshirildi. 

Jumladan, xo‘jalik yurituvchi subyektlar moliyaviy-xo‘jalik faoliyati bo‘yicha tekshiruv va taftish o‘tkazish tartibini, davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini buzganlik, xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatini va (yoki) ularning bank hisobvaraqlari bo‘yicha amaliyotlarni noqonuniy to‘xtatib qo‘yganlik, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning hisobvaraqlaridagi mavjud pul mablag‘lari to‘g‘risida axborotni asossiz ravishda talab qilganlik, xo‘jalik yurituvchi subyektlarni xayriya ishlari va pul mablag‘lari ajratish bilan bog‘liq boshqa tadbirlarga majburiy jalb qilganlik va boshqa harakatlar uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish ko‘zda tutilmoqda. 

Tadbirkorlik subyektlariga tegishli bo‘lgan binolar va boshqa inshootlarni shu mulkning bozor qiymatini qoplamasdan buzib tashlaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni joriy etish nazarda tutilmoqda. 

Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qilish va boshqa davlat organlarining tadbirkorlik faoliyati erkinligini himoya qilish sohasidagi qonunchilikni ko‘p marotaba buzgan mansabdor shaxslariga nisbatan jinoiy javobgarlik choralari qo‘llaniladi. 

Shu bilan birga, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining noqonuniy harakatlari yoki ularning mansabdor shaxslari harakatlari (harakatsizligi) natijasida tadbirkorlik subyektiga yetkazilgan zararni, jumladan, boy berilgan foydani to‘liq qoplash mexanizmini joriy etish nazarda tutilmoqda. 

Mazkur o‘zgartish va qo‘shimchalarning barchasi ma’muriy va jinoyat qonunchiligida o‘z aksini topadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilish va noqonuniy aralashish hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl qiluvchi boshqa huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutadigan alohida XVII bobini kiritish ko‘zda tutilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga ham tegishli qo‘shimchalar kiritiladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qabul qilingan farmoni ijrosini ta’minlash kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, biznes muhitni yaxshilash, O‘zbekiston iqtisodiyotiga mahalliy va xorijiy investitsiyalarni yanada keng jalb qilish, yangi ish o‘rinlari yaratish, pirovardida, xalqimiz farovonligini yuksaltirish imkonini beradi. 

Manba: UzA