Xalqimiz farovonligining muhim omili

20/03/2015 - 15:25 7768

Jahonda davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy oqibatlariga qaramay, mamlakatimiz iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Bu borada Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham qator yangilanishlar, xususan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini izchil ro‘yobga chiqarish tufayli makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning yuqori sur'atlari ta'minlanmoqda. Bu yangilanishlar samarasi  Orolbo‘yi hududida o‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot hajmining 8,4 foizga, jumladan, sanoat 10,3 foizga, iste'mol tovarlari ishlab chiqarish 12 foizga, qishloq xo‘jaligi 6,1 foizga, qurilish 9,7 foizga, chakana savdo tovar aylanmasi 14,1 foizga o‘sishida ham ko‘rindi.

Ushbu ko‘rsatkichlarga erishish maqsadida, sanoat mahsulotlari hajmining kengayishiga, sanoatning ustuvor tarmoqlariga alohida ahamiyat qaratildi. Qolaversa, hududda kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash natijasida, bu soha vakillarining yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi yildan-yilga oshib bordi. Birgina misol: agar, 2007 yilda yalpi hududiy mahsulotda soha vakillarining ulushi 55,7 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2014 yilda ushbu ko‘rsatkich 65,4 foizga teng bo‘ldi.

Shubhasiz, aholi turmush farovonligi oshishida sanoat, qishloq-xo‘jaligi, shuningdek xizmat ko‘rsatish va servisni rivojlantirish muhim omillardan hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, “2013-2015 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi” ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, o‘tgan yilda qoraqalpoq zaminida 1839 ta loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilib, 132 mlrd.so‘m va 6,3 mln. dollar miqdorida investitsiyalar jalb etildi. Ushbular tufayli Orolbo‘yi hududida 10 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari barpo etildi.

Albatta, bunday ijobiy natijalarga erishishda, bank tizimida olib borilgan islohotlar ham ta'sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, 2014 yilda Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 12 foizdan 10 foizga, tijorat banklarining kreditlar bo‘yicha foiz stavkasining ham shunga mos ravishda kamaytirilishi muhim ahamiyat kasb etdi. Xususan, tijorat banklari tomonidan 2014 yilda 5327 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlariga jami 364,0 mlrd.so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgani va bu 2013 yilga nisbatan 134,1 foizga oshgani fikrimizning yaqqol tasdig‘idir.

E'tiborlisi, kreditning 20,8 foizi sanoatga, 27,8 foizi qurilishga, 5,0 foizi transport va aloqaga, 11,2 foizi qishloq xo‘jaligiga, 12,0 foizi savdoga, 18,8 foizi xizmat ko‘rsatish va 4,4 foizi boshqa tarmoqlarga yo‘naltirildi.

Jumladan, dastur doirasida sanoatda 65,8 mlrd. so‘m va 6,3 mln. dollar miqdoridagi investitsiyalar hisobiga 321 ta loyiha amalga oshirilib, 6653 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 47,2 mlrd. so‘m hamda investitsiyalar hisobiga 1152 ta loyiha amalga oshirilib, 2083 ta yangi ish o‘rinlari yaratildi. Qishloq xo‘jaligida esa 18,3 mlrd. so‘mlik investitsiyalar hisobiga 366 ta loyiha amalga oshirilib, 1417 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Butun O‘zbekistonda, jumladan, qoraqalpoq zaminida amalga oshirilayotgan ushbu ijobiy yangilanishlar, Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan iqtisodiy islohotlarning eng muhim yo‘nalishlari va ustuvor vazifalar sifatida, sanoatda zamonaviy texnologiyali quvvatlarni ishga tushirish, investitsiya jarayonini takomillashtirish, ishlab chiqarishni texnik va texnologik jihatdan yangilash va to‘laqonli raqobat muhitini shakllantirishga zamin yaratilganidan dalolat beradi.

Chunki, ushbulardan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad - yurtdoshlarimiz uchun yangi ish o‘rinlarini barpo etish, ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va pirovordida aholi turmush darajasini yuksaltirishdan iboratdir. Shu ma'noda, respublikada energetika, kimyo, oziq-ovqat va yengil sanoat korxonalarini modernizatsiya va yangilashda ham bir qancha ishlar amalga oshirildi. Jumladan, “Taxiatosh Issiqliq Elektr stansiyasi”da 2013-2020 yillarda qiymati 695,3 mln.dollarlik investitsiya kiritish hisobiga, qo‘shimcha quvvati 230-280 MVt bo‘lgan 2 ta bug‘-gaz qurilmasi bunyod etilmoqda. 2014 yilda bu ishlarga dastlabki 4,8 mln. dollar miqdoridagi investitsiyalar yo‘naltirildi.

Natijada mazkur ob'yektlar foydalanishga topshirilgach, stansiyada belgilangan quvvat 730 MVtdan 930 MVtga ko‘payishi, elektr energiyasining ishlab chiqarish quvvati 3,1 mlrd. KVts dan 5,4 mlrd. KVts gacha ko‘tarilishi va yiliga 488,6 mln. kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Bunday ijobiy yangilanishlarni oziq-ovqat sohasida ham ko‘rish mumkin. Chunonchi, “Turon-Xo‘jayli” AJda 200 mln.so‘mlik investitsiya jalb etilishi tufayli distirlangan yog‘li kislota ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi. Korxonaga 25,2 ming dollarlik kondensatotvod uskunalari olib kelib o‘rnatildi. “Beruniy Yog‘gar” AJda 129,0 ming dollarlik loyiha amalga oshirilishi natijasida bir kecha-kunduzda 10 tonna ekstratsiya yog‘ini tozalovchi uskunalar o‘rnatildi.

Kimyo sanoatining gigant quvvatlaridan hisoblangan “Qo‘ng‘irot soda zavodi”da (qo‘shimcha 100 ming tonna) kaltsiylangan soda ishlab chiqarish loyihasi uchun o‘tgan yili 25,1 mln. dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirildi.

Qo‘ng‘irot soda zavodi
Qo‘ng‘irot soda zavodi

Davlatimizning sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha tegishli qaroriga muvofiq, Xo‘jayli tumanidagi “Nurbek Oq Oltin” HK korxonasida akkumulyator, Qorao‘zak tumanidagi “Qaraqalpaq Vermi Invest” MCHJ korxonasida vermikulit konsentrati ishlab chiqarish loyihalari kiritildi. Ushbu dasturga ko‘ra, “Qaraqalpaq Vermi Invest” mas'uliyati cheklangan jamiyatda 2014 yilda 710 mln. so‘mlik 420 tonna vermikulit konsentrati, “Nurbek Oq Oltin” korxonasida esa, ming dona akkumlyator ishlab chiqarildi.

Bundan tashqari, 2015-2019 yillarga mo‘ljallangan mahalliylashtirish dasturiga asosan, yana 3 ta loyiha - Xo‘jayli tumanidagi "Karakalpaksteklotar" korxonasida har xil sig‘imdagi shisha idishlar, Ellikqal'a tumanidagi "Elrozi nur" korxonasida vermikulit konsentratidan briket mahsulotlari va Nukus shahridagi "TIDY VITA" korxonasida sintetik kir yuvish mahsulotlari ishlab chiqarish taklif etilgan.

Ushbular ezgu-maqsadlar uchun 2014 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida qariyb 4 trln. so‘mlik investitsiya jalb etildi. Bu 2013 yilga nisbatan o‘sish sur'ati 143,4 foizga ko‘p, degani.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonning boshqa hududlari qatori Orolbo‘yida ham yaratuvchilikka, obodonchilikka mustahkam zamin yaratilmoqda. Eng asosiysi, bunday yangilanish, islohotlar samarasi odamlar ongu-shuuridagi o‘zgarishlarda, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchida namoyon bo‘lib bormoqda.

Qahramon SARIYEV,
Qoraqalpog‘iston Respublikasi
Iqtisodiyot vaziri