Farovonlik va rivojlanish indeksi bo‘yicha dunyo mamlakatlari reytingida O‘zbekiston 57-pog‘onani band etdi

10/11/2014 - 17:39 6912

2014 yilning 3 noyabrida Buyuk Britaniyaning Legatum instituti (Legatum) tomonidan Farovonlik va rivojlanish indeksi (The Legatum Prosperity Index) e'lon qilindi. Mazkur indeks dunyoning 142 mamlakati, yer shari aholisining 96 foizi hamda jahon yalpi ichki mahsulotining 99 foizini qamrab oldi.

O‘zbekiston Respublikasi ushbu reytingda 2013 yilga nisbatan olti o‘ringa yuqorilab, dunyo mamlakatlari orasida 57-o‘rinni band etdi.

Ma'lumot uchun: O‘zbekiston ushbu reytingda 2013 yilda 63-o‘rin, 2012 yilda 64-o‘rin, 2011 yilda 64-o‘rin, 2010 yilda 76-o‘rindan joy olgan.

Legatum instituti tomonidan 2006 yildan beri e'lon qilib boriladigan mazkur indeks dunyo mamlakatlari erishgan yutuqlarni farovonlik va taraqqiyot nuqtai nazaridan baholovchi hamda jamiyat hayotining turli jihatlari va farovonlik darajasini aks ettiruvchi 8 yo‘nalishdagi (iqtisodiyot, tadbirkorlik, boshqaruv tizimining samaradorligi, ta'lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik, shaxs erkinligi va ijtimoiy kapital) 89 ko‘rsatkichni o‘zida qamrab olgan baholash tizimidir.

Farovonlik va rivojlanish indeksining yangi hisobotida O‘zbekistonning reytingi shaxs erkinligi (2013 yildagi 78-o‘rindan 57-o‘ringa), iqtisodiyot (71-o‘rindan 67-o‘ringa), sog‘liqni saqlash (65-o‘rindan 60-o‘ringa) kabi yo‘nalishlarda sezilarli darajada o‘sdi.

O‘zbekiston fuqarolik jamiyatiga ishonch darajasi, xayriya ishlari, saxovat va ko‘ngillilik (volontyorlik) rivoji, dinga e'tiqod qilish erkinligi va shu kabi ko‘rsatkichlarni o‘zida mujassam etgan ijtimoiy kapital yo‘nalishi bo‘yicha reytingda eng yaxshi bahoga loyiq topildi. Mazkur yo‘nalishda mamlakatimizning o‘rni 2013 yildagi 18-o‘rindan 16-o‘ringacha ko‘tarildi.

E'tiborlisi, Legatum instituti tadqiqotchilari siyosiy huquqlar, saylov va mehnat qilish erkinligi, fuqarolik erkinligi, hukumatga ishonch, siyosiy ta'qiblarning mavjud emasligi, mamlakat mudofaa qobiliyatiga ishonch va fuqarolik urushi qurbonlarining mavjud emasligi, mulkka tajovuz va mol-mulk o‘g‘irligidan himoyalanganlik, hukumatning atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha olib borayotgan ishlaridan qoniqish kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining natijalarini yuqori baholab, dunyo mamlakatlarining birinchi o‘ntaligiga kirganligini qayd etishdi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanish darajasi, aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi YAIMning o‘sishi, tadbirkorlik imkoniyatlari va ish o‘rinlarining mavjudligi, kreditlar sifati va mobil telefonlar ta'minlanganlik darajasi bo‘yicha ham dunyo mamlakatlari birinchi o‘ntaligiga kirdi.

Mamlakat ijtimoiy taraqqiyotini ifodalovchi bolalarni ta'limga jalb etish imkoniyati, sanitariya bilan qamrab olinganlik, yuqumli kasalliklar va qizamiqqa qarshi emlash imkonining mavjudligi, to‘yib ovqatlanmaslik darajasining pastligi, to‘laqonli dam olish imkoniyati va shu kabi ko‘rsatkichlar bo‘yicha O‘zbekiston yetakchi o‘rinlarda qayd etilgani alohida e'tiborga molik.

Legatum instituti (Legatium xalqaro investitsiya guruhining bo‘linmasi) ijtimoiy siyosat markazi bo‘lib, inson farovonligi darajasini uning moddiy holati yaxshilanishiga qarab emas, balki rivojlanganligini baholash nuqtai nazaridan tadqiqot olib boradi.

Farovonlik va rivojlanish indeksi (The Legatum Prosperity Index) manbalari sifatida BMT, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kabi nufuzli muassasalarning statistik ma'lumotlari, ijtimoiy tadqiqotlar va so‘rov ishtirokchilarining ekspert baholaridan foydalaniladi.

Legatum instituti eng farovon davlat sifatida Norvegiyani e'tirof etgan. Kuchli o‘ntalikka shuningdek Shveysariya, Yangi Zelandiya, Daniya, Kanada, Shvetsiya, Avstraliya, Finlyandiya, Niderlandiya va AQSH ham kiritilgan.

MDH davlatlari reytingini umumiy ro‘yxatda 53-o‘rinni band etgan Belarus boshqarmoqda, Armaniston esa 95-o‘rin bilan yakunlamoqda. Avvalgi hisobotga nisbatan Rossiya 7 pog‘onaga pasaygan (61-o‘rindan 68-o‘ringa), Qozog‘iston esa 47-o‘rindan 55-o‘ringa tushib, 8 o‘rin yo‘qotgan.