Jahon banki “Biznesni yuritish 2015” xalqaro ma'ruzasida O‘zbekiston Respublikasining reytingini oshirdi

10/11/2014 - 17:35 6303

Jahon banki guruhi ekspertlari biznesni yuritish osonligi darajasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining reytingini navbatdagi bor oshirdi.

2014 yil 29 oktyabrda e'lon qilingan “Biznesni yuritish 2015: Samaradorlik doirasidan chiqib” (Doing Business 2015: Going Beyond Efficiency) ma'ruzasida O‘zbekiston 8 o‘rin yuqorilab, dunyoning 189 mamlakati ichida 141-o‘rinni band etdi.

So‘nggi bir necha yil davomida “Biznesni yuritish” hisobotida mamlakatimiz reytingining muntazam ravishda yaxshilanib borishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida so‘nggi yillarda investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida qabul qilingan chora-tadbirlarning amaliy natijadorligiga guvohlik bermoqda. Buning isboti sifatida Jahon bankining mazkur hisobotida O‘zbekiston 2005-2014 yillar davomida biznesni yuritish uchun eng qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha tizimli islohotlar o‘tkazgan ilg‘or 30 mamlakat qatorida e'tirof etildi.

Mamlakat reytingidagi e'tiborga molik eng katta o‘zgarishlar soliqqa tortish yo‘nalishi bo‘yicha qayd etildi (118-o‘rin, 61 o‘ringa yuqorilagan holda), bu soliq to‘lovlari umumiy miqdori hamda soliq to‘lash uchun sarflanadigan vaqtning 1,4 marta, shuningdek tadbirkorlik subyektlariga soliq yukining qariyb 2,5 martaga qisqargani natijasidir. Shu o‘rinda qayd etish joizki, Jahon banki ma'lumotlariga ko‘ra, soliq yuki darajasi O‘zbekistonda AQSH, Kanada, Germaniya, Avstriya, Fransiya, Italiya, Ispaniya, Gretsiya, Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Belarus, Ukraina va boshqa ko‘plab mamlakatlardagidan ancha pastdir.

Umuman, mazkur yo‘nalish bo‘yicha O‘zbekiston Xitoy (120), Yaponiya (122), Italiya (141), Braziliya (177), Kanada (181) va shu kabi qator mamlakatlarni ortda qoldirdi.

Minoritar investorlar himoyasi darajasi bo‘yicha ham sezilarli ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. O‘zbekiston ushbu indeks bo‘yicha 10 ballik tizimda 8 ball olib, o‘z mavqeyini 18 o‘ringa yaxshiladi.

Mazkur reytingning o‘sishida minoritar investorlar huquqlarining himoyasini kuchaytirish, direktorlik korpusi faoliyatining oshkoraligini ta'minlash va ularning aksionerlar oldidagi hisob berishi bo‘yicha talablarni yanada kuchaytirish evaziga mamlakatimizdagi korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Biznesni yuritish 2015” ma'ruzasida ijobiy o‘zgarishlar sifatida shuningdek O‘zbekistonda qurilishga ruxsat berish (1,5 marta), ko‘chmas mulkka huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (1,4 marta) va tadbirkorlik subyektlarining elektr tarmoqlariga ulanishi (1,2) muddatlarining qisqarishi qayd etildi. Xususan, Doing Business jamoasi ekspertlarining baholariga ko‘ra, O‘zbekistonda qurilishga ruxsat olish va ko‘chmas mulkka huquqni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sarflanadigan muddatlar, masalan, Yaponiya, Italiya, Rossiya, Isroil, Xitoy, Hindiston, Indoneziya va Vyetnam kabi mamlakatlardagidan ancha kam.

So‘nggi reytingga muvofiq, O‘zbekiston shartnomalar ijrosini ta'minlash (29-o‘rin), biznesni ro‘yxatga olish (65), to‘lovga noqobillikni hal etish (77) va minoritar investorlar himoyasi (100) yo‘nalishlari bo‘yicha birinchi yuz mamlakat qatoriga kirdi.

Ta'kidlash joizki, biznesni tashkil etish tartibotlarini sezilarli darajada soddalashtirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida bugun O‘zbekistonda biznes ochish uchun sarflanadigan vaqt, masalan, Qozog‘istondagidan 1,3 marta, Rossiya va Yaponiyadagidan - 1,5 marta, Isroil, Ispaniya va Gretsiyadagidan - 1,7 marta, Germaniyadagidan - 1,9 marta, Ukrainadagidan - 2,8 marta, Xitoy va Hindistondagidan - 4 marta, Indoneziyadagidan - 7 marta va Braziliyadagidan - 11 martaga kamdir.

“Biznesni yuritish 2015” hisobotida shuningdek bojxona organlariga hujjatlar taqdim etishning elektron tizimi joriy etilganligi munosabati bilan O‘zbekistonda eksport operatsiyalarini amalga oshirish uchun talab etiladigan vaqtning 1,3 martaga qisqargani ijobiy baholandi.

Umuman, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda davlat organlari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi munosabatlarning bilvosita shakllari faoliyatning turli sohalari va yo‘nalishlarida keng qo‘llanilmoqda. Bugun tadbirkorlik subyektlarining 99 foizi soliq hisobotlarini, 94,7 foizi statistik hisobotlarni elektron shaklda taqdim etmoqda.

Bundan tashqari, byurokratik tartibotlarni qisqartirish maqsadida qonunchilikda yildan-yilga qisqartirib borilayotgan ruxsat berish xarakteridagi hujjatlar va litsenziyalarni ko‘rib chiqish va rasmiylashtirishning “yagona oyna” tamoyili mustahkamlab qo‘yildi. Faqatgina so‘nggi 4 yil davomida jami 182 turdagi ruxsat berish tartibotlari va litsenziyalanadigan faoliyat turlari bekor qilindi.

“Biznesni yuritish 2015: Samaradorlik doirasidan chiqib” (Doing Business 2015: Going Beyond Efficiency) ma'ruzasi Jahon banki guruhi yillik nashrining 12-soni hisoblanib, unda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohalaridagi tartibga solish normalari baholanadi.

Joriy yilgi ma'ruzada mamlakatlar reytingini baholashning yangi usulidan foydalanilib, unga ko‘ra biznesni yuritish shart-sharoitlari qulayligini baholovchi umumiy reyting eng yaxshi (ilg‘or) ko‘rsatkichdan uzoqlashish darajasi asosida baholanadi. Mazkur ko‘rsatkich tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi huquqiy rejim mazkur sohani tartibga soluvchi ilg‘or amaliyotga qay darajada yaqin ekanligini ko‘rsatadi. Berilgan ball eng yaxshi darajaga qanchalik yaqinlashsa, tadbirkorlik muhiti shuncha yaxshi hisoblanadi.

Avvalgi ma'ruzalardan farqli ravishda “Biznesni yuritish 2015” hisoboti “Minoritar investorlar himoyasi” (korporativ boshqaruv) va “Bankrotlik jarayonida qarzdorlikni undirish” (normativ-huquqiy bazaning samaradorligi) yo‘nalishlari yangi ko‘rsatkichlar bilan to‘ldirildi.

Joriy yil reytingida, avvalgi 8 yildagi kabi, Singapur birinchi o‘rinni saqlab qoldi. Biznesni yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarga ega mamlakatlar beshtaligiga shuningdek Yangi Zelandiya, Gonkong (Xitoy), Daniya va Koreya Respublikasi ham kiritildi.

“Biznesni yuritish 2015” ma'ruzasida MDH davlatlari reytingini umumiy ro‘yxatda 45-o‘rinni band etgan Armaniston boshqarmoqda, Tojikiston esa 166-o‘rin bilan yakunlamoqda. Avvalgi ma'ruzaga nisbatan Rossiya joriy yilda 2 pog‘onaga (64-o‘rindan 62-o‘ringa), Ukraina - 16 pog‘onaga (112-o‘rindan 96-o‘ringa) ko‘tarildi, Qozog‘iston esa aksincha 76-o‘rindan 77-o‘ringa tushib, 1 o‘rin yo‘qotdi.