Sanoatimiz yutuqlari namoyishi bo‘lgan tadbir nihoyasiga yetdi

07/11/2014 - 10:44 6294

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 24 fevraldagi “2014 yilda xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 38-sonli qaroriga asosan, shu yilning 28 oktyabr - 2 noyabr kunlari «O‘zekpomarkazi»ning ochiq maydon va ko‘rgazma zallarida VIII xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Unda, avval ta'kidlanganidek, 50 dan ortiq  mamlakatlardan, 1200 dan ortiq xorijiy firma va kompaniya vakillari ishtirok etishdi. Namoyish maydonlarida 20 mingdan ortiq eksponatlar joylashtirilib, ular orasida 2014-2016 yillarda tayyor mahsulot, butlovchi qismlar va materiallarni mahalliylashtirish dasturi asosida  o‘zlashtirilgan 1270 ta yangi mahsulot turlari joy egalladi. Shuningdek, bu yerda 1705 ta respublikamizning korxona, kompaniya va tashkilotlari, shulardan 1372 ta kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlari ham o‘z mahsulotlarini namoyish etishdi.

Yetti kun mobaynida «O‘zekpomarkazi»ga 95 mingdan ziyod kishi tashrif buyurdi. Ular orasidan 1,2 ming nafari Germaniya, Buyukbritaniya, Xitoy, Koreya, Yaponiya, Hindiston, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Chexiya, MDHga a'zo mamlakatlar vakillari.

© uzreport.uz
© uzreport.uz

Tadbir doirasida ishtirokchilar tomonidan 2013 yilga nisbatan 1,38 marta ko‘p shartnomalar tuzildi. An'anaviy yo‘nalishdagi mahsulotlar bilan bir qatorda, yangidan o‘zlashtirilgan, jumladan, “ISUZU” va “MAN” bazasida yangi maxsus texnikalar turlari, “Gentra” yengil avtomobili, xolodilnik, konditsioner, gaz plitalari, LED televizori, mobil telefonlari kabi maishiy texnikalarning yangi turlari, shuningdek, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari,  ko‘plab turdagi yengil sanoat, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ham eksport kontraktlari tuzilganini alohida e'tirof etish o‘rinlidir. Shuningdek, vazirlik va idoralar, banklar, lizing va sug‘urta kompaniyalarining standartlash va sertifikatsiyalash sohasiga ixtisoslashgan mutaxassislar xizmatining tashkil etilishi ham tadbir ishtirokchilariga kerakli ma'lumotlarni o‘z vaqtida olishlarida katta qulayliklar yaratdi.

Sanoatimiz yutuqlari ko‘zgusi

 - Mazkur sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida o‘zimizning ko‘p turdagi qotishmalardan tayyorlangan mahsulotlarimiz bilan qatnashdik, - deydi biz bilan suhbatda Toshkent rangli metallurgiya zavodi ijrochi direktori Ikrom Boboxanov. - ushbu materiallarga talab juda ko‘p. Shu boisdan bo‘lsa kerak, korxonamiz tomonidan respublikamizning turli joylaridan kelgan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlari bilan jami 16 mlrd. so‘m miqdorida 42 ta shartnoma imzolandi. Ular, orasida eksport shartnomalari ham mavjud. Bu, o‘tgan yilgi sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasida imzolangan shartnomalar summasiga nisbatan 130 foizga yoki 1,3 martaga ko‘p degani. Eksport bo‘yicha ham ko‘rsatkichlarimiz o‘tgan yilga nisbatan 105 foizga ortdi.

- Men ushbu zavod bilan laklangan chulg‘am simini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzdim, - deydi, “Kvars” mas'uliyati cheklangan jamiyatining bosh energetigi Xomid Ibragimov. - Ularni biz  elektr dvigatellarini ta'mirlash uchun ehtiyot qism sifatida ishlatamiz.

Tadbirning faol qatnashchilaridan biri, bu - “GidroSpetsKrovlya” Binoning ustki qismini yopishga mo‘ljallangan va suv o‘tkazmaydigan (tom yopgich) materiallar mahsuloti namoyish etilayotgan joyda xaridorlar gavjum ekan. Kimdir sotib olish shartnomasini tuzayapti, kimdir namunaga qo‘yilgan material sifati va tarkibini sinchkovlik bilan tekshirmoqda, yana kimdir zavod manzili va rekvizitlarini olmoqda.

- Biz bu yerga import o‘rnini bosuvchi ikki turdagi Izol va Folgoizol deb nomlangan, ya'ni  binolar ustki qismini yopishga mo‘ljallangan va suv o‘tkazmaydigan (tom yopgich) rulonli bitum materialimizni taklif qilyapmiz - deydi Bosh menejer Igor Marinin - Hozirgacha xaridorlarning keti uzilgani yo‘q. Avvallari bu materiallar, asosan Rossiya davlatidan olib kelinar edi.  Ikki milliard so‘mdan ortiq shartnomalar tuzdik. Hozirda 15 ta ish o‘rni yaratdik, kelgusida qo‘shimcha 50 ta ish o‘rni yaratmoqchimiz. 

“O‘zekspomarkazi”ning sanoat mahsulotlari namoyish etilayotgan zalni aylanarkanmiz, “O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyati joylashgan ko‘rgazma maydonidan befarq o‘tib ketolmadik.

Ma'luki, yonilg‘i-energetika sanoatida “O‘zbekko‘mir” ochiq aksiyadorlik jamiyatining o‘ziga xos o‘rni bor. Keyingi yillarda ishlab chiqarish jarayonlarini keng qamrovli modernizatsiyalash tufayli ko‘mir qazib olish sur'ati oshib bormoqda. Agar o‘tgan yilda 4 million tonna mahsulot qazib olingan bo‘lsa, joriy yilning to‘qqiz oyida 3,633 ming tonna ko‘mir qazib olindi va bu ko‘rsatkich yil oxiriga borib, 4100 ming tonnani tashkil etishi ko‘zda tutilgan. Buni keyingi yillarda o‘sish sur'atining 110 foizdan pastga tushmayotganidan sezsa ham bo‘ladi.

- Respublika iste'molchilariga sifatli ko‘mir yetkazib berish va uning uzluksizligini ta'minlash maqsadida barcha viloyatlarda aholiga ko‘mirni sotish bo‘yicha distribyuter markazlari tashkil etilmoqda. - deydi “O‘zbekko‘mir” OAJ axborot xizmati rahbari Svetlana Kim, - Hozirda Qoraqolpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Xorazm, Namangan, Farg‘ona viloyatlarida bu markazlarimiz faol xizmat ko‘rsatishmoqda.

2007 yildan buyon Mahalliylashtirish dasturi doirasida bosqichma-bosqich olib borilgan amaliy ishlar natijasida bugungi kunda juda katta hajmdagi import mahsulotining respublikaga olib kiritilishi to‘xtatildi. Shuning barobarida, tog‘ transporti va tog‘shaxtasi uskunalari uchun 200 pozitsiyadagi ehtiyot qism va ishlanmalar mahalliylashtirildi. 2015 yilda biz ko‘plab korxona va zavodlar bilan kooperatsiya ishlarini yo‘lga qo‘yganmiz. Jumladan, mamlakatimizning gigant korxonalari Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati, Olmaliq tog‘-metallurgiya kombinati, “Andijonmash” ochiq aksiyadorlik jamiyati, Navoiy mashinasozlik zavodi bilan o‘zaro hamkorlik ishlarini yanada mustahkamlash niyatidamiz.

Hududlar quvvati - mamlakat qudrati

Ko‘rgazma zallarida mamlakatimiz hududlarining sanoat salohiyati ham namoyish etilmoqda. Xususan, kichik biznes va tadbirkorlik sohasi vakillari bilan suhbatlasharkansiz, ularning qo‘lga kiritgan natijalari ancha salmoqli ekanini payqaysiz.

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi sanoatchilari, qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari va boshqa ishlab chiqarish sohalari hamda xizmat ko‘rsatish xodimlari qatnashayotgan ushbu tadbirda jami qariyb 14 milliard so‘mga yaqin mahsulotlarni yetkazib berish hamda sotib olish shartnomalari imzolandi. - deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi sanoat bo‘limi boshlig‘i Nursaid Sultonov. - Biz taklif etgan shartnomalar, asosan, qurilish materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etgan bo‘lsa, sotib olish uchun tuzilgan bitimlarning asosiy salmog‘ini qishloq xo‘jaligi texnikalari, avtomobillar, texnika va jihozlarning ehtiyot qismlari, yengil sanoat mahsulotlari tashkil etdi.

- Ushbu yarmarkada Namangan viloyatidan jami 50 ta korxona o‘zlarining eksportga yo‘naltirilgan va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlari va alohida ko‘rgazmalari bilan ishtirok etishdi. - deydi, viloyat iqtisodiyot boshqarmasi boshlig‘i Okibjon Inomov. - Jumladan, “China Namangan Indastriy” qo‘shma korxonasi - elektrodlar, “Aisha Xome Tekstil” qo‘shma korxonasi - yangi ko‘rinishdagi sochiqlar, “Batton Fashion Dizayn” mas'uliyati cheklangan jamiyati - tugmalar, “Nostandart” ilmiy ishlab chiqarish korxonasi yong‘in o‘chirish gidrant kabi yangi turdagi sanoat mahsulotlarini ilk bor namoyish etishdi.

Yarmarka davomida 37,4 mlrd. so‘mlik ichki kooperatsiya shartnomalari tuzilib, o‘tgan yilga nisbatan 1,7 martaga oshdi, shuningdek, 60,6 mln. dollarlik eksport shartnomalari imzolanib, 1,2 martaga ortdi.

Endilikda ushbu tuzilgan shartnomalarning bajarilishi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatilib, ularing ijrosi monitoring etib boriladi, zaruriyat tug‘ilganda, tadbirkor bilan bevosita hamkorlik qilinadi.

Sir emas, Toshkent viloyati hududlarimiz orasida eng sanoatlashgan salohiyatli viloyatlardan sanaladi. Shu ma'noda, viloyatning jami 129 ta eksportbop va import o‘rnini bosuvchi turli mahsulotlari bilan Yarmarkadagi ishtiroki alohida ahamiyat kasb etdi. Buni hududiy korxonalar tomonidan tuzilgan shartnomalar salmog‘idan ham bilsa bo‘ladi.

- Hududiy korxonalarimiz tomonidan yarmarka doirasida 2015 yil uchun mahsulot sotib olish bo‘yicha 132,5 mlrd. so‘mlik jami 144 ta shartnoma imzolandi. - deydi viloyat hokimining iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Anvar Abduqodirov. - Shuningdek, viloyatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksporti bo‘yicha jami 655,4 mln. AQSH dollari miqdorida shartnomalar ro‘yxatga olinib, o‘tgan yilga nisbatan o‘sish sur'ati 121,9 foizni tashkil etdi.

- Respublikamizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mamlakatimizda yaratilgan qulay sharoit yangi zamonaviy korxonalarning shakllantirishga yordam bermoqda, sanoatimizning barqaror rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. - deydi mazkur tadbir tashkilotchilaridan biri, Iqtisodiyot vazirligi Mahalliylashtirish bo‘limi boshlig‘i Feruz Rahmatov. - Zamonaviy mahsulot turlarini ishlab chiqarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar tufayli so‘nggi yillarda yurtimizda sanoat mahsulotlari va xalq iste'mol mollarining ko‘plab yangi turlarini ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ro‘yxatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan mini asbob-uskuna va jihozlar, nasoslar, kabel-o‘tkazgich maxsulotlari va yuqori kuchlanishli jihozlarning zamonaviy turlari, turli og‘ir texnikalar uchun radiator va filtrlar, televizor, konditsioner, sovutgich, uyali aloqa vositalari kabi mahalliy korxonalar tomonidan yangi o‘zlashtirilgan mahsulotlar turlarini misol sifatida keltirishimiz mumkin.

Mana bu tadbirning yetti kun davomida ham Prezidentimizning qarorida belgilangan 1000 dan ortiq yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirishga qaratilgan 300 dan ziyod loyihalarni amalga oshirish to‘g‘risida mahalliy korxonalarimiz kelishuvga erishdilar. Ushbu loyihalar amalga oshirilsa, birlamchi hisob-kitoblarga ko‘ra, qo‘shimcha 1 milliard dollardan ortiq import o‘rnini bosadigan mahsulot yaratiladi.

Eng muhimi, ularning aksariyati hududlarda joylashgan sanoat korxonalarida amalga oshirilmoqda. Bu esa hududlarda yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga, aholi farovonlik darajasining oshishiga zamin bo‘lib xizmat qiladi.

Uzoqni o‘ylab o‘tkazilayotgan tadbir yoki men hamkorlarimni  topdim

Darhaqiqat, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi, mana sakkiz yildirki, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar, xom ashyolar va materiallarni sotib olish hamda o‘zining tayyor mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun bevosita shartnomalar tuzishlari, kelajakda yanayam barqaror ishlashlari uchun ulkan imkoniyat sifatida talqin etib kelinmoqda. Keling, yaxshisi, bu haqda tadbir ishtirokchilarning o‘zlaridan eshitaylik:

Dilafro‘z Karimova - “Gulbahor nurli kelajak” MCHJ rahbari. “Vatan taraqqiyotiga mening hissam” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlov Surxondaryo viloyati bosqichi g‘olibasi. U o‘zi yashayotgan Jarqurg‘on tumanida 20 ta yangi ish o‘rni yaratib, kasanachilik yo‘nalishida ko‘p tarmoqli, asosan, trikotaj buyumlar, bolalar kiyimini tikish ishlari bilan shug‘ullanib keladi.

- Mazkur tadbirda birgina mening korxonam bilan 2 milliard so‘mlik oldi-sotdi shartnomasi tuzildi. Men bunday yaratilgan shart-sharoitdan judayam xursandman, - deydi u ko‘zlari porlab. - Muhimi, bu yerda respublikamizning turli hududlarida yashab, shu yurt, shu yurtdoshlarimiz uchun noz-ne'mat yaratayotgan, iste'mol va sanoat tovarlari yetkazib berayotgan, yangi ishlanmalar, tejamkor texnologiyalar ixtirolari  ustida ish olib borayotgan tengdoshlarim bilan yaqindan tanishdim. Ular bilan o‘zaro fikr almashdik, rejalar tuzdik. Hali niyatlarim katta. Shulardan asosiysi, kelgusida nogironlar uchun barcha qulaylikka ega bo‘lgan 500 ta ish o‘rni tashkil etmoqchiman.

To‘lqinjon Ahmadaliyev - “Sotton Road” O‘zbekiston-Amerika-Kipr” qo‘shma korxonasi Bosh menejeri o‘rinbosari. Korxona tayyor trikotaj mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga yetkazib beradi. Korxonaning Rossiya, Belorusiya, Polsha kabi davlatlarda Savdo uylari mavjud.

- Ushbu Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasiga anchadan buyon qatnashib kelaman. - deydi u. - Avvalambor, bu tadbir uzoqni o‘ylab qilinayotganini tan olishimiz kerak. Chunki bu yerda bir vaqtning o‘zida ham xo‘jalik sub'yektlariga ishlab chiqarishni optimallashtirish, ham tarmoq ichidagi va tarmoqlararo kooperatsiyani yanada mustahkamlash va rivojlantirishga ko‘maklashish, ham respublikada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar haqida keng ma'lumot olish imkoni mavjud. Bu o‘z-o‘zidan bo‘ladigan ish emas. Chunki, aynan mana shunday xalqaro yarmarkalar va kooperatsiya birjalarida, tadbirkorlarga hamkorlar topish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida, o‘zi ishlab chiqargan mahsulotlarni sanoat kooperatsiyalari bo‘yicha yetkazib berish shartnomalari, shuningdek, eksport kontraktlarini imzolash uchun to‘laqonli imkoniyat yaratiladi. Bu, albatta biz tadbirkorlarning faoliyati kengayishiga, yangi ish o‘rinlari tashkil topishiga yaqindan yordam beradi.

Qisqasi, ushbu tadbir doirasida korxonamiz 50 turdagi tayyor mahsulotlar bilan qatnashib, 7 milliard so‘mlik shartnoma va eksport kontraktini imzolashga erishdik.

Yurtimiz sanoat salohiyati namoyish etilayotgan zal bo‘ylab yurarkanmiz, “JIHOZ - VENTILATSIYA” MCHJning “Toza havo - uzoq umr garovi” shiori ostida terib qo‘yilgan mahsulotlari e'tiborimizni tortdi. Qiziqdik. Mazkur mas'uliyati cheklangan jamiyat, asosan, yirik ishlab chiqarish inshootlari, ma'muriy idoralar, tashkilotlar binolari uchun shamollatgich, isitgich jihozlarining har xil turlarini ishlab chiqarish, o‘rnatish va ularni sotishga ixtisoslashgan respublikamizda sanoqli korxonalardan ekan.

- Bizning asosiy buyurtmachilarimiz: Qo‘ng‘irod soda zavodi, “Navoiyazot” OAJ, Turin politexnika instituti, Navoiy va Olmaliq kon-metallurgiya kombinatlari, Quvasoy va Ohangaron sement zavodlari kabi yigirmadan ziyod tashkilotlar hisoblanadi. - deydi, korxonaning xarid bo‘limi boshlig‘i, Sergey Kim. - Biz bu yerda ko‘plab korxona va tashkilotlar bilan bir milliard uch yuz million so‘mdan ortiq shartnomalar tuzdik. Bu, o‘tgan yilgiga nisbatan 170 marta ko‘p, degani. Rejalarimiz katta, kelgusida qator loyihalarimizni Mahalliylashtirish dasturiga kiritmoqchimiz.

Natijalar, tahlillar, mushohadalar

Ushbu VIII Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasida yuqorida qayd etilganidek, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, qurilish, metallurgiya, kimyo, neftekimyo, farmatsevtika, oziq-ovqat va yengil sanoat tarmog‘i hamda boshqa ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchi sanoat tarmoqlari vakillari faol qatnashishdi. Ko‘rgazma maydonida yangi ishlanmalar, xalqaro standartlarga to‘liq javob beruvchi sifatli, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar namoyish etildi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, tadbir ishtirokchilari va qatnashchilari har kuni tarmoq va korxonalarning texnik va texnologik imkoniyatlari bilan yanada yaqinroq tanishishtirish maqsadida o‘tkazilgan 80 ta taqdimotlarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Umuman olganda yarmarka tadbirlari, yangi tovar turlarini o‘zlashtirish uchun koopersiya aloqalarini rivojlantirish, ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan xom-ashyo va materiallar, qadoqlovchi va ishlab chiqaruvchi-texnikaviy ishlanmalarni yetkazib berish yoki sotib olish, eksport uchun shartnomalar tuzishga yo‘naltirilgan bilan ahamiyatlidir.

Qolaversa, Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi doirasida mamlakatimizning barcha iste'molchilari mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar, qayta ishlangan xom-ashyo va materiallarni qo‘shimcha tenderlar o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri  shartnomalar asosida sotib olishi ham alohida ahamiyatga molik.

Shu o‘rinda, bozor munosabatlarida marketingning asosiy tamoyillaridan biri, ya'ni “lozim joyda, lozim paytda, zarur mahsulot bilan bo‘la olish”  qoidasi yodga tushadi. Ha, bugun taraqqiyot ancha jadallashgan. Bunday paytda yuqoridagidek tadbirlarning muntazam ravishda o‘tkazilishi, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlaydi, tashqi bozorga chiqish imkoniyatini tezlashtiradi, qolaversa, mahalliy tadbirkorlar va ishlab chiqaruvchilarda tadbirkorlik madaniyatining yanada yuksalib, uning xalqaro munosabatlar bilan tobora integratsiyalashuviga xizmat qiladi.

Mazkur tadbirning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, bunda Kooperatsion birja qatnashchi-korxonalari sanoat tarmoqlarining talablarini baholay turib, rivojlanish istiqbollarini oldindan belgilab olish, ishlab chiqarishni rejalashtirish va kelgusi yil uchun buyurtmalar portfelini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Bir korxona doirasida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud bo‘lmagan yangi mahsulot, ishlab chiqarish resursi va texnologik imkoniyati mavjud bo‘lgan boshqa korxonani jalb qilish hisobidan o‘zlashtiriladi.

Shunday qilib, o‘zaro manfaatli talab va taklifning rivojlanishi asnosida mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlarni tashkillashtirish takliflari Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlandi hamda shu maqsadda maxsus tashkil etilgan internet saytlar (www.cooper.uz) va Iqtisodiyot vazirligining sayti (www.mineconomy.uz) da joylashtirib borildi. Natijasi yaqin kelajakda o‘z mevasini berishiga ishonchimiz komil.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, ushbu tadbir uzoq muddatli xo‘jalik aloqalarini shakllantirish va kengaytirish uchun bozor infratuzilmasini tashkil etish, korxonalarga zaruriy xom-ashyo va kredit resurslaridan foydalanish, mahalliy xom-ashyo bazasi negizida butlovchi buyumlar va materiallar, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda mahalliylashtirish dasturlari sanoat kooperatsiyasining jadal rivojlanishiga xizmat qiladi.

Natijada zamonaviy ishlab chiqarishga asoslangan eksportbop mahsulotlarimiz hajmi kengayadi, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, pirovordida aholi farovonligi ortib, yashash darajamiz yanada yuksalib boraveradi.

Iqtisodiyot vazirligi
Axborot xizmati