Tijorat siri to‘g‘risida

16/10/2014 - 19:14 6707

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014 y., 37-son, 463-modda)

Qonunchilik palatasi tomonidan 2014 yil 18 iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2014 yil 28 avgustda ma'qullangan

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi tijorat sirini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Tijorat siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Tijorat siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining tijorat siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:

tijorat siri - uchinchi shaxslarga noma'lumligi sababli fan-texnika, texnologiya, ishlab chiqarish, moliya-iqtisodiyot sohalarida hamda boshqa sohalarda tijorat qimmatiga ega bo‘lgan, qonuniy asosda erkin foydalanilmaydigan axborot bo‘lib, ushbu axborot mulkdori uning maxfiyligini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ko‘radi;

tijorat sirining maxfiyligi - tijorat sirining tarqalib ketishi, oshkor etilishi va undan ruxsatsiz foydalanilishi xavfsizligi ta'minlanganligi holati;

tijorat sirining mulkdori - tijorat siriga egalik qilish, undan foydalanish hamda uni tasarruf etishni amalga oshiruvchi va unga nisbatan tijorat siri rejimini o‘rnatgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

konfident - tijorat sirini uning mulkdori bilan tuzilgan shartnoma asosida egalik qilishga va foydalanishga olgan yuridik yoki jismoniy shaxs;

tijorat sirini oshkor etish - tijorat sirini tashkil etuvchi axborotning uchinchi shaxslarga bunday axborot mulkdorining yoki konfidentning roziligisiz yoxud mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomaga xilof ravishda, mumkin bo‘lgan har qanday shaklda (og‘zaki, yozma, boshqa shaklda, shu jumladan texnika vositalaridan foydalangan holda) ma'lum bo‘lib qolishiga olib keladigan harakat yoki harakatsizlik;

tijorat siri rejimi - tijorat siridan foydalanishni cheklaydigan huquqiy, tashkiliy, texnik va boshqa chora-tadbirlar tizimi.

4-modda. Tijorat siriga doir talablar

Tijorat siri quyidagi talablarga muvofiq bo‘lishi kerak:

uchinchi shaxslarga noma'lumligi sababli o‘z mulkdori uchun haqiqiy yoki potensial tijorat qiymatiga ega bo‘lishi;

qonun hujjatlariga muvofiq hammaga ma'lum yoki hamma uchun ochiq bo‘lmasligi;

uning maxfiyligi muhofaza qilish chora-tadbirlari bilan ta'minlangan bo‘lishi;

davlat sirlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir belgilariga ega bo‘lmasligi.

Tijorat sirining mazmuni va hajmi uning mulkdori tomonidan belgilanadi.

5-modda. Tijorat sirini tashkil etishi mumkin bo‘lmagan ma'lumotlar

Quyidagi ma'lumotlar tijorat sirini tashkil etishi mumkin emas:

davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan mol-mulkka doir huquqlar va bu huquqlar bo‘yicha bitimlar to‘g‘risidagi;

yuridik shaxsning ta'sis hujjatlaridagi, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va yuridik shaxs tashkil etmagan dehqon xo‘jaliklari haqidagi yozuvlar tegishli davlat reyestrlariga kiritilganligi faktini tasdiqlaydigan hujjatlardagi;

tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi hujjatlardagi;

davlat unitar korxonasining, davlat muassasasining mol-mulki tarkibi to‘g‘risidagi va ular tomonidan tegishli byudjet mablag‘laridan foydalanilishi haqidagi;

atrof muhitning ifloslanishi, yong‘in xavfsizligining holati, sanitariya-epidemiologik va radiatsiyaviy vaziyat, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi hamda ishlab chiqarish ob'yektlarining xavfsiz faoliyat ko‘rsatishini, har bir fuqaroning va butun aholining xavfsizligini ta'minlashga salbiy ta'sir ko‘rsatuvchi boshqa omillar haqidagi;

xodimlarning soni va tarkibi, mehnatga haq to‘lash tizimi va mehnat sharoitlari to‘g‘risidagi, shu jumladan mehnatni muhofaza qilish, ishlab chiqarishdagi jarohatlanishlar va kasb kasalliklari ko‘rsatkichlari, shuningdek bo‘sh ish o‘rinlari bor-yo‘qligi haqidagi;

ish beruvchilarning ish haqi to‘lash va ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorligi to‘g‘risidagi;

qonun hujjatlari buzilishlari va bunday buzilishlarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish faktlari to‘g‘risidagi;

davlat mulki ob'yektlarini xususiylashtirish bo‘yicha tanlovlarning yoki kim oshdi savdolarining shartlari haqidagi;

notijorat tashkilotlar daromadlarining miqdorlari va tuzilishi, ushbu tashkilotlarning mol-mulki miqdorlari va tarkibi haqidagi, ularning xarajatlari, bu tashkilotlar xodimlarining (a'zolarining) soni va mehnatiga haq to‘lash, notijorat tashkilotning faoliyatida fuqarolarning tekin mehnatidan foydalanilishi to‘g‘risidagi;

yuridik shaxs nomidan ishonchnomasiz ish yuritish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarning ro‘yxati haqidagi;

davlat statistika hisoboti sifatida taqdim etilishi lozim bo‘lgan ma'lumotlar.

Oshkor etilishi shartligi yoki foydalanishni cheklashga yo‘l qo‘yilmasligi boshqa qonunda belgilangan ma'lumotlar tijorat sirini tashkil etishi mumkin emas.

6-modda. Tijorat siri mulkdorining huquqlari

Tijorat siri mulkdorining huquqlari mulkdor tomonidan axborotga nisbatan tijorat siri rejimi o‘rnatilgan paytdan e'tiboran vujudga keladi.

Tijorat sirining mulkdori quyidagi huquqlarga ega:

tijorat siri rejimini yozma shaklda belgilash, o‘zgartirish va bekor qilish;

tijorat siridan foydalanish tartibi va shartlarini belgilash;

mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishga ijozat berish yoki ijozat berishni taqiqlash;

tijorat siridan o‘z ehtiyojlari uchun foydalanish;

tijorat sirini uning maxfiyligini muhofaza qilish to‘g‘risidagi shartlar kiritilishini nazarda tutadigan shartnomalar asosida fuqarolik muomalasiga kiritish;

tasodifan va (yoki) yanglishib amalga oshirilgan harakatlar natijasida tijorat sirini qo‘lga kiritgan shaxslardan uning maxfiyligi muhofaza qilinishini talab qilish;

tijorat siri uchinchi shaxslar tomonidan oshkor etilgan, qonunga xilof ravishda olingan yoki undan qonunga xilof ravishda foydalanilgan hollarda o‘z huquqlarini qonunda belgilangan tartibda himoya qilish, shu jumladan o‘z huquqlari buzilishi natijasida yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilish.

Tijorat sirining mulkdori qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

7-modda. Tijorat sirini muhofaza qilish muddati

Tijorat sirini muhofaza qilish tijorat sirining maxfiyligi yo‘qoladigan paytga qadar uning mulkdori va (yoki) konfident tomonidan amalga oshiriladi.

8-modda. Tijorat siri rejimini o‘rnatish

Tijorat siri rejimi tijorat sirining mulkdori tomonidan o‘rnatiladi. Tijorat siri rejimini o‘rnatish shartnoma asosida konfident zimmasiga ham yuklatilishi mumkin.

Tijorat sirining mulkdori «tijorat siri» grifini qo‘yish va olib tashlashni, tijorat sirini qo‘lga kiritish, undan foydalanish va uni oshkor etish shartlarini, muhofaza qilish usullarini, tijorat sirini topshirish vositalarini tanlashni mustaqil ravishda belgilaydi.

Tijorat siri rejimi tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan ushbu Qonunning 10-moddasida  nazarda tutilgan chora-tadbirlar ko‘rilganidan keyin o‘rnatilgan deb hisoblanadi.

Tijorat siri rejimidan mamlakat konstitutsiyaviy tuzumi asoslarini himoya qilish, davlat mudofaasi va xavfsizligini, fuqarolarning axloqini, sog‘lig‘ini, boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash talablariga zid maqsadlarda foydalanilishi mumkin emas.

Maxfiylik haqidagi qoidalarni fuqarolik-huquqiy shartnomalarga kiritish tijorat siri rejimini o‘rnatishning zaruriy shartidir.

9-modda. Tijorat siri rejimini o‘zgartirish yoki bekor qilish

Tijorat sirining mulkdori, konfident o‘zlari tuzgan shartnomalarda qabul qilingan majburiyatlarni buzmagan holda tijorat siri rejimini o‘zgartirish yoki bekor qilish huquqiga ega. Tijorat siri rejimi o‘zgartirilganda yoki bekor qilinganda tijorat sirining mulkdori bu haqda konfidentni shartnomada nazarda tutilgan muddatda yozma shaklda xabardor qilishi shart.

10-modda. Tijorat sirini muhofaza qilish chora-tadbirlari

Tijorat sirini muhofaza qilish chora-tadbirlari quyidagilarni o‘z ichiga olishi kerak:

tijorat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarning ro‘yxati va hajmini belgilash;

tijorat siri bilan muomalada bo‘lish tartibini belgilash va bunday tartibga rioya etilishi ustidan nazorat o‘rnatish;

tijorat siridan foydalanishga ijozat olgan shaxslarni hisobga olish;

tijorat siri aks etgan moddiy jismlarga yoki tijorat sirini o‘z ichiga olgan hujjatlarning rekvizitlari tarkibiga uning mulkdorini ko‘rsatgan holda «tijorat siri» grifini qo‘yish.

Tijorat sirining mulkdori, konfident tijorat sirini muhofaza qilish bo‘yicha qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa chora-tadbirlarni ham qo‘llashga haqli.

Tijorat sirini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni tashkil etish hamda ularning bajarilishini nazorat qilish tijorat sirining mulkdori va (yoki) konfident zimmasiga yuklatiladi.

11-modda. Tijorat sirini mehnat munosabatlari jarayonida muhofaza qilish

Tijorat sirining muhofaza qilinishini ta'minlash maqsadida ish beruvchi (tijorat sirining mulkdori, konfident):

o‘z mehnat vazifalarini bajarish uchun tijorat siridan foydalanishi zarur bo‘lgan xodimni tijorat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlar ro‘yxati bilan tilxat olgan holda tanishtirishi;

xodimni ish beruvchi tomonidan o‘rnatilgan tijorat siri rejimi va uni buzganlik uchun javobgarlik choralari bilan tilxat olgan holda tanishtirishi;

ish beruvchi tomonidan o‘rnatilgan tijorat siri rejimiga rioya etishi uchun xodimga zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.

Xodimning tijorat siridan foydalanishi, agar bu uning mehnat vazifalarida nazarda tutilmagan bo‘lsa, o‘zining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Tijorat sirining muhofaza qilinishini ta'minlash maqsadida xodim:

ish beruvchi tomonidan o‘rnatilgan tijorat siri rejimiga rioya etishi;

ish beruvchining roziligisiz tijorat sirini oshkor etmasligi va undan shaxsiy maqsadlarda foydalanmasligi;

mehnat shartnomasi (kontrakt) bekor qilinganda o‘z foydalanishida bo‘lgan, tijorat siri aks etgan moddiy jismlarni ish beruvchiga topshirishi yoki uni mazkur jismlardan ish beruvchining nazorati ostida yo‘q qilib yoxud o‘chirib tashlashi shart.

Tijorat sirining muhofaza qilinishini ta'minlash maqsadida mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomada quyidagilar nazarda tutilishi kerak:

xodimning va tijorat siri mulkdori yoki konfident bo‘lgan ish beruvchining tijorat siri muhofaza qilinishini ta'minlash bo‘yicha majburiyatlari;

mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnoma bekor qilingandan keyin sobiq xodim tijorat sirini oshkor etmasligi shart bo‘lgan muddat.

Xodim mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomada nazarda tutilgan vazifalarni bajarishi munosabati bilan foydalanishga ijozat olgan tijorat siriga qonunga xilof ravishda tijorat siri rejimi o‘rnatilganligi ustidan sud tartibida shikoyat qilish huquqiga ega.

12-modda. Mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishni bekor qilish uchun asoslar

Mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishni bekor qilish uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

mehnat shartnomasining (kontraktning) yoki fuqarolik-huquqiy shartnomaning bekor qilinishi;

tijorat sirini oshkor etmaslik bo‘yicha olingan majburiyatlarning buzilishi.

Qonun hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq boshqa holatlar ham mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishni bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Mehnat munosabatlari jarayonida tijorat siridan foydalanishning bekor qilinishi xodimni tijorat sirini oshkor etmaslik bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlardan ozod etmaydi.

13-modda. Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning o‘zaro munosabatlarida tijorat sirining muhofaza qilinishi

Xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan savdo-iqtisodiy, fan-texnika, valyuta-moliyaviy va boshqa munosabatlar amalga oshirilayotganda kelishuvchi taraflar tijorat sirini tashkil etuvchi ma'lumotlarning tavsifini va ro‘yxatini, shuningdek uning muhofaza qilinishini ta'minlash bo‘yicha o‘zaro majburiyatlarni alohida shartlashib oladi.

14-modda. Tijorat siri uning mulkdori tomonidan konfidentga topshirilganda tijorat sirini muhofaza qilish

Tijorat sirining mulkdori shartnomaga muvofiq o‘zi tomonidan konfidentga topshirilgan tijorat sirini oshkor etmasligi shart.

Konfident o‘zi shartnoma bo‘yicha olgan tijorat sirining maxfiyligini saqlashi shart.

15-modda. Tijorat sirini taqdim etish

Agar tijorat sirini talab qilib olish qonun hujjatlariga muvofiq davlat organining vakolatiga kirsa, tijorat sirini taqdim etish mazkur davlat organining asoslantirilgan talabiga ko‘ra tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan tekin amalga oshiriladi.

Tijorat sirini taqdim etish to‘g‘risidagi asoslantirilgan talab, agar qonunda boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, davlat organining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolangan bo‘lishi, unda tijorat sirini talab qilib olishning maqsadi va huquqiy asosi, uni taqdim etish muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak.

Tijorat sirini taqdim etish tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan rad etilgan taqdirda, davlat organi uni sud tartibida talab qilib olishga haqli.

16-modda. Tijorat sirini taqdim etishda uning maxfiyligini ta'minlash

Davlat organlari o‘zlariga tijorat sirining mulkdori yoki konfident tomonidan taqdim etilgan tijorat sirining maxfiyligini ta'minlovchi shart-sharoitlar yaratishi shart.

Davlat organlarining xodimlari xizmat vazifalarini bajarishi munosabati bilan o‘zlariga ma'lum bo‘lib qolgan tijorat sirini oshkor etishga yoki boshqa shaxslarga, shu jumladan davlat organlariga topshirishga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno, shuningdek undan g‘arazli yoki boshqa shaxsiy maqsadlarda foydalanishga haqli emas.

17-modda. Tijorat siri bilan sudda tanishtirish chegaralari

Sud muhokamasi chog‘ida sudni va ishda ishtirok etuvchi shaxslarni tijorat siri bilan tanishtirishga tijorat sirining mulkdori yoki konfident da'vogar yoki javobgar sifatida ishtirok etayotgan nizoning mazmuniga bevosita taalluqli bo‘lgan qismi bo‘yicha yo‘l qo‘yiladi.

Sudning tijorat siridan cheklanmagan holda foydalanishiga faqat quyidagi hollarda ruxsat beriladi:

tijorat siri mulkdorining yoki konfidentning davlat organlari bilan nizolarida;

tijorat siri mulkdorining bankrotligi to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilganda, tijorat sirining mulkdori tugatilganda yoxud uning faoliyati tugatilganda;

tijorat siri vorislik ob'yekti bo‘lganda vorislik huquqi xususidagi nizolarda;

er-xotin yoki ulardan biri tijorat sirining mulkdori bo‘lganda ularning umumiy mol-mulki bo‘linishi xususidagi nizolarda;

tijorat sirining mulkdori va konfident o‘rtasidagi nizolarda;

tijorat siri mulkdorining va (yoki) konfidentning muassislari o‘rtasidagi nizolarda.

18-modda. Nizolarni hal etish

Tijorat sirini muhofaza qilish va undan foydalanish sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

19-modda. Tijorat siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Tijorat siri to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.

20-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta'minlasin.

21-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

 

O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti  I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014 yil 11 sentyabr,
O‘RQ-374-son

Manba: LexUz