Import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada chuqurlashtirish va sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish bo‘yicha tahlillar, takliflar

14/10/2014 - 19:30 7157

Sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallarni ishlab chiqarishni Mahalliylashtirish dasturining amalga oshirilishi iqtisodiyotning tarkibiy o‘zgartirishda va jahon moliyaviy inqirozi oqibatlarini yengib o‘tishda muhim ahamiyatga ega.

Ushbu vazifani amalga oshirishda qonunchilik bazasining to‘laqonli yaratilganligi, jumladan dasturning shakllantirish va amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha Hukumat qarorlari, shuningdek, bu borada ma'sul vazirliklarning vazifalari va vakolatlari aniq belgilab berilgan yagona tizimning mavjudligi katta rol o‘ynaydi.

Amaldagi qonunchilikda quyidagi jihatlarga alohida e'tibor qaratilgan:

- korxonalarni eksportbop va import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishga jalb qilish;

- yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarishni rag‘batlantirish va amaldagi quvvatlarni modernizatsiya qilish va texnik yangilash;

- korxonalarning ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirishga qaratilgan tizimli ish olib borishga qiziqtirish.

Mahalliylashtirish dasturiga kirgan korxonalar soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha bir qator imtiyozga egadirlar.

Mahalliylashtirish dasturiga kirgan korxonalar quyidagi to‘lovlardan ozod etiladi:

- mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan, respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan butlovchi qismlar, komponentlar va texnologik jihozlar uchun bojxona to‘lovlaridan (bojxona hujjatlarini rasmiylashtirish uchun to‘lovdan tashqari);

- mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish faoliyati doirasida olingan daromad solig‘i, yagona soliq to‘lovidan (soddalashtirilgan soliq tizimida ishlaydigan korxonalar uchun);

- mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish jarayonida ishtirok etayotgan asosiy fondlardan mol-mulk solig‘i to‘lashdan.

Zamonaviy mahsulot turlarini ishlab chiqarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar tufayli so‘nggi yillarda respublikamizda sanoat mahsulotlari va xalq iste'mol mollarining ko‘plab yangi turlarini ishlab chiqarish keng yo‘lga qo‘yildi. Ushbu ro‘yxatga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlaydigan mini asbob-uskuna va jihozlar, nasoslar, kabel-o‘tkazgich maxsulotlari va yuqori kuchlanishli jihozlarning zamonaviy turlari, turli yengil avtomobillar va og‘ir texnikalar uchun radiator va filtrlar, televizor, konditsioner, sovutgich, uyali aloqa vositalari kabi mahalliy korxonalar tomonidan yangi o‘zlashtirilgan mahsulotlar turlarini misol sifatida keltirishimiz mumkin.

Shuni aytish joizki, Mahalliylashtirish dasturining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ta'sir etayotgan asosiy omillardan biri, bu ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish zarur bo‘lgan tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar turlari ro‘yxatining mahalliy ishlab chiqaruvchilarga doimiy ravishda tavsiya qilinib borilishidir.

Agar oldin tadbirkorlar nima ishlab chiqarishni “o‘ylash va qidirishga” vaqtlarini sarflagan bo‘lsalar, hozirda vazirlik va idoralar respublikamiz uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar turlarini aniqlab, tayyor loyiha takliflarni tadbirkorlarga taqdim etishmoqda.

Ishlab chiqilgan takliflar tadbirkorlik sub'yektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuboriladi hamda shu maqsadda maxsus tashkil etilgan internet saytlar (www.cooper.uz) hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi sayti (www.mineconomy.uz) da joylashtirib boriladi.

Ishlab chiqarishni yana bir rag‘batlantiruvchi omillardan biri, zarur materiallarni sotib olish va mahalliylashtirilgan mahsulotni sotish bo‘yicha buyurtmalar portfelini shakllantirish mexanizmini tadbiq qilinishi hisoblanadi.

Mahalliy korxonalar faoliyatini o‘rganish davomida yana shu narsa ayonlashdiki,  korxonalar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarining yetarli darajada rivojlanmagani va natijada xuddi shunday mahsulotlarning respublikamizga import qilinayotganining asosiy sababi, korxonalar va mahsulotlar to‘g‘risidagi ma'lumotning yetarli emasligi bo‘lib chiqmoqda.

Vaholanki, bir vaqtning o‘zida, qo‘shni va dunyoning rivojlangan davlatlarida ishlab chiqariladigan tovarlar haqidagi ma'lumotni internet tarmog‘idan, vakolatxonalardan, reklama va boshqa manbalardan osongina olish mumkin edi.  

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi tashkil etildi. Mana sakkiz yildan buyon mazkur yarmarka yurtimizda muntazam ravishda har yili o‘tkazib kelinmoqda. Unda ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan butlovchi qismlar, xom ashyolar va materiallarni sotib olish hamda o‘zining tayyor mahsulotlarini ichki va tashqi bozorlarda sotish uchun bevosita shartnomalar tuzishlari mumkin. Bu esa ularning yaqin kelajakda yanayam barqaror ishlashlari uchun ulkan imkoniyat yaratadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, respublikamizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish uchun mamlakatimizda yaratilgan qulay sharoit yangi zamonaviy korxonalarning shakllantirishga yordam bermoqda, sanoatimizning barqaror rivojlanishiga asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Feruz Rahmatov,
Mahalliylashtirish dasturini shakllantirish va monitoring bo‘limi boshlig‘i