Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish mavzusidagi xalqaro konferensiyaga tayyorgarlik

09/10/2014 - 15:27 6042

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2014 yil 5 avgustda qabul qilingan farmoyishiga binoan, «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusida shu yilning 28-29 oktyabr kunlari Urganch shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyasiga tayyorgarlik doirasida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 22 sentyabrdagi topshirig‘iga asosan, joriy yilning 8 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida O‘zbekistondagi Diplomatik korpus va  xalqaro moliya institutlari vakillari ishtirokida Orol dengizi mintaqasidagi amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti va muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

Konferensiyaning asosiy maqsadi - Orol dengizi mintaqasida ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilashga qaratilgan dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun xalqaro hamjamiyat mablag‘ va sa'y-harakatlarini safarbar etish, shuningdek, ekologik ofatning salbiy oqibatlarini kamaytirishga doir xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan iborat.

Ma'lumotnoma: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 22 sentyabrdagi 03/1-3389 - sonli topshirig‘iga asosan Orol dengizi mintaqasidagi amalga oshirilish rejalashtirilgan loyihalar ro‘yxati tasdiqlangan.

Ushbu ro‘yxatga asosan O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 4 milliard AQSH dollaridan ziyod 87 ta investitsion loyihalar tasdiqlangan bo‘lib, ular 4 ta asosiy yo‘nalishlardan iborat:

1. Orol dengizi mintaqasidagi suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish va ulardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish.

2. Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash muammolarini yengillashtirish, aholi salomatligi va genofondini saqlash hamda aholining munosib hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish.

3. Orol dengizi mintaqasida yashovchi aholining turmush tarzini yaxshilash uchun ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlar yaratish.

4. O‘simlik va hayvonot dunyosini, ekotizimlarni va bioxilma-xillikni qayta tiklash va himoya qilish.

Mazkur birinchi davra suhbati Orolbo‘yi mintaqasini qayta tiklash muammolarini yengillashtirish, aholi salomatligi va genofondini saqlash va aholining munosib hayot kechirishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni hamda ushbu mintaqada yashovchi aholining turmush tarzini yaxshilash uchun ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmlar yaratish masalalariga bag‘ishlandi.

Ushbu tadbir natijasida taqdim etilgan loyihalarga xalqaro moliya institutlari tomonidan chuqur qiziqish bildirildi. Jumladan, Islom taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa Ittifoqi va Turkiya xalqaro rivojlantirish agentliklari tomonidan Meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishda zamonoviy va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi), Sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish (Sog‘liqni saqlash vazirligi), Ta'lim tizimini rivojlantirish (Xalq ta'limi vazirligi),  Elektr energiyasi iste'molini nazorat qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimi (“O‘zbekenergo” DAK), Ichimlik suvi va sanitariya, qishloq infrastrukturasini rivojlantirish («O‘zkommunxizmat» agentligi), Xususiy tadbirkorlikni va kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash (“Tadbirkor ayollar” uyushmasi va Orolbo‘yi mintaqasi genofondini himoya qilish xayriya jamg‘armasi) bo‘yicha loyihalarga qiziqish bildirildi hamda hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi ma'lum qilindi.