Milliy turizm - iqtisodiy taraqqiyotning oyinasi

07/10/2014 - 20:51 5113

O‘tgan hafta ham yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida katta voqyealarga boy bo‘ldi. Ushbulardan biri va asosiysi, bu, shubhasiz, BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99 sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi bo‘ldi.

150 dan ziyod turizm sohasi vakillari hozir bo‘lgan ushbu nufuzli anjumanda Prezidentimiz Islom Karimov ishtirok etdi va nutq so‘zladi.    

Forum ishtirokchilaridan biri, Iqtisodiyot vazirligi Xizmatlar sohasi va servizni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Nodirjon Ahmedjonovning taasurrotlari bilan qiziqdik.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqida mazkur kengashning navbatdagi sessiyasi g‘oyat muhim masalaga - “Buyuk ipak yo‘li - xalqaro turizmni rivojlantirishning yangi istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlanganini qayd etarkan, xalqaro turizmni rivojlantirish va uning samaradorligini belgilaydigan eng muhim omillarga alohida to‘xtaldi, - dedi, u biz bilan suhbatda. - Ular asosan: sayyohlarni qabul qiladigan har bir davlatdagi tinchlik va xavfsizlikni ta'minlash; bu soha faoliyatini rivojlantirish barobarida aholi turmush darajasi, daromadi va farovonligi darajasining oshishi, soha rivoji tufayli o‘rta sinfga mansub odamlarning dam olishi uchun qulay muhit yaratilishi, sayyohlik logistikasi bilan bog‘liq qulay infratuzilmalarni barpo etilishi, turizm sanoatiga yo‘naltiriladigan investitsiya darajasi, yuqori malakali kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash, viza hamda turizm bilan bog‘liq boshqa byurokratik rasmiyatchiliklarni soddalashtirish kabi masalalar bo‘ldi. Nutqda ushbu omillarning qanchalik muhim va dolzarbligi har jihatdan puxta va atroflicha asoslantirilganini forum qatnashchilari ham e'tirof etishdi.

BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99 sessiyasi Samarqand shahrida o‘tkazilishi mamlakatimiz turizm sohasining rivojlanishi uchun hamda biz bu boradagi hali foydalanilmayotgan imkoniyat va salohiyatlarning kashf etilishida muhim omil bo‘ldi desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ma'lumki, mazkur yo‘nalishda yurtimizda istiqlol yillarida qator ijobiy o‘zgarishlar amalga oshirildi. Davlatimiz tomonidan bu sohaga so‘nggi yillarda yanayam katta e'tibor qaratilmoqda, xususan, 2013 yilda Xorazm, Qashqadaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari bo‘yicha hududiy dasturlar qabul qilindi. Dasturga asosan, 260 million dollar miqdoridagi 500 dan ortiq loyiha bo‘lib, jumladan turistik majmualarning qurilishi va rekonstruksiyasi uchun - 174 mln. dollar, turistik marshrutlarni takomillashtirish va obodonlashtirish uchun - 66 mln., turistik infratuzilmani yaxshilash uchun - 18 mln., soha mutaxassislarining malakasini oshirish hamda ularni qayta tayyorlash uchun - 2 mln. dollar mablag‘ni sarflash ko‘zda tutilgan.

Bundan tashqari, hozirda boshqa hududlarimizda ham turistik imkoniyatlarni kengaytirish va yanada taraqqiy ettirish maqsadida, maxsus dasturlar ishlab chiqilmoqda. Ushbu dasturlarni ishlab chiqilishida, xalqaro turizm uchun O‘zbekistonning jozibadorligini oshirishga xizmat qiladigan  jihatlarga alohida e'tibor qaratish lozim bo‘ladi. Darhaqiqat, Davlatimiz rahbari qayd etganidek, Turist hamisha haq!

Ushbu xalqaro forumning yana bir e'tiborli tomoni shundaki, Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi Taleb Rifai o‘z nutqida O‘zbekiston rahbari tilga olgan takliflar Xalqaro turizmni kelgusida rivojlantirish strategiyasining ishlab chiqilishida albatta inobatga olinishini, bu takliflar o‘ziga xos “yo‘l xaritasi” bo‘lishini bildirdi. Bunday e'tirof biz uchun judayam qadrli bo‘lib, bu boradagi ishlarni yanada izchil amalga oshirishga yo‘naltiradi.

Qisqasi, ushbu Ijroiya kengashning 99 sessiyasini yurtimizda o‘tkazilishi turizm salohiyatimizni yanada kengaytirish uchun g‘oyatda foydali bo‘lib, forumda bildirilgan fikrlar va tavsiyalar mamlakatimizda turistik sohadagi islohotlarni amalga oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Suhbatdosh: Obiddin Mahmudov

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati