Ravon yo`llar – xalqimiz farovonligi, bunyodkorlik qudrati timsoli

11/09/2014 - 17:56 5512

Qachon odamzod o‘zini yanada kuchli, qudratli sezadi? Qachon kishi bunyodkorlik ishlariga qo‘l uradi? Qachonki, oilasida totuvlik, ishida rag‘bat, yurtida tinchligu osoyishtalik barqaror bo‘lsa. Qachonki amalga oshirilayotgan islohotlar turmushining farovon bo‘lishiga, hayotining yuksalishiga xizmat qilsa...

MUSTAQILLIK BAYRAMI ARAFASIDA DAVLATIMIZ RAHBARI POYTAXTIMIZDA OLIB BORILAYoTGAN KENG KO‘LAMLI O‘ZGARIShLAR, YaNGILANIShLAR BILAN YaQINDAN TANIShDI. XUSUSAN OLMAZOR TUMANINING BERUNIY KO‘ChASIDAN BOShLANIB, ShAYXONTOHUR TUMANI XURShID KO‘ChASIGA QADAR DAVOM ETGAN, YO‘LNI HAM KO‘ZDAN KEChIRDI.

Aytish kerakki, mazkur qurilish loyihasi o‘ta qisqa muddat — shu yilning aprel oyidan boshlanib, Istiqlol bayrami arafasida qurib bitkazildi. Shu o‘rinda qisqacha ma’lumot:

Toshkent shahar hokimligi «Yagona buyurtmachi xizmati» injinering kompaniyasi buyurtmachi bo‘lgan mazkur loyihada «O‘zavtoyo‘l» davlat-aksiyadorlik kompaniyasining «Avtomagistral» ixtisoslashtirilgan avtomobil yo‘llarini qurish va ta’mirlash birlashmasi bosh pudratchi sifatida ish olib bordi.

Ushbu yo‘lga tungi yoritish moslamalari, yo‘l belgilari, chorrahalarda svetoforlar o‘rnatildi. Shuningdek, 4,8 kilometr masofaga yo‘lni ajratuvchi temir panjara, 10,2 km.lik yo‘lning ikki tarafiga temir-beton ariqlar, yana shuncha masofaga eni 2 metrdan iborat yo‘lning har ikki tomoniga piyodalar yo‘lakchasi, 10 km. piyodalar yo‘lagi yonidagi himoya panjaralari o‘rnatildi. Shunisi quvonarliki, yo‘l qurilish ishlarida asosan, o‘zimizning texnikalar — Samarqandda ishlab chiqarilgan 66 ta «MAN» rusumli yangi o‘zi ag‘dargich yuk avtomobili, Xorazmda ishlab chiqarilgan 5 ta XCMG ekskavatori, shuningdek, 180 dan ortiq turli yangi maxsus texnika tunu kun ishladi.

Umuman ushbu yo‘l poytaxtimizning Eski shahar qismida yashaydigan aholining uzog‘ini yaqin, og‘irini yengil qilish bilan birga, ularning kundalik hayotiga, yashash tarziga ham o‘zgacha ruh, kayfiyat olib kirdi. Agar e’tibor berilsa, Eski shaharning uzviy bo‘lagi bo‘lgan bu hududda ham yo‘llar tor, uylar tartibsiz qurilgan bo‘lib, asosan paxsa yoki xom g‘ishtdan iborat edi. Buning ustiga landshaft, ya’ni atrof-muhitni ko‘kalamzorlashtirish, unga mos ravishda ijtimoiy infratuzilmani yaratishga umuman e’tibor qaratilmagan edi. Uy-hovlilar bilan, yonma-yon bir qatorda, hech bir sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydigan, aralash-quralash, turli yo‘nalishlardagi kichik-kichik ishlab chiqarish sexlari ham qurilgan edi. Bunday sharoitda ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borish, aholi hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratishning sira iloji yo‘q edi.

Prezidentimiz yaqinda mazkur yo‘l qurilishi bilan tanishar ekan, shu hududdagi mahallalar oqsoqollari, faollari, jonkuyarlari bilan dildan suhbatlashdi. Shuningdek, Eski shahar aholisining hordiq chiqarishini mazmunli tashkil etish yuzasidan mutasaddilarga qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.

Yo‘l qurilishi munosabati bilan uylari buzilgan oilalarga o‘zlari istagan hududdan barcha qulayliklarga ega uy-joylar berildi, ularning xohishiga qarab, ayrimlariga yer-uchastkalar ham ajratildi.

— Odatda yashab kelayotgan uyi buzilsa, kishining ko‘ngli buziladi. Siz hozir qanaqa kayfiyatdasiz? — deya, suhbatga chorlaymiz, o‘zini Matluba Rahimova deb tanishtirgan ayolni.

— Men 1994 yildan buyon G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyida farrosh bo‘lib ishlayman. — deydi, u. — Bahor ko‘chasidagi bor-yo‘g‘i 3 sotix bo‘lgan 58-uyda, to‘rtta alohida ro‘zg‘or — qaynimning oilasi, ikki farzandimning oilasi va biz turmush o‘rtog‘im bilan jami — 11 jon siqilib yashab kelayotgan edik. Umr yo‘ldoshim bilan anchadan beri ikki yosh oilani alohida qilib ko‘p qavatli uyga chiqarib yuborishni o‘ylab yurardik. Lekin bunga qo‘limiz biroz kaltalik qilayotgan edi. Uyimiz o‘rniga tushgan yangi yo‘l qurilishi munosabati bilan bizga shahar hokimligi tomonidan 2 ta ikki xonali, 2 ta uch xonali uy ajratildi. Bu shinam uylarni, nabiralarimning keng va yorug‘ xonalarda yayrayotganini ko‘rib, xursandligimdan ko‘zimga yosh keladi. Axir, o‘zingiz o‘ylang, barcha qulayliklarga ega, eng muhimi, har biri alohida-alohida bo‘lgan zamonaviy uylarda emin-erkin yashaganga nima yetsin?! Bunday baxtdan kim ham suyunmaydi, deysiz?!

Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan odilona siyosat tufayli bugun turmushimiz yana ham yuksalyapti, hayotimiz tobora farovonlashib bormoqda. Buning isbotini mana men o‘zimning oilam misolida ko‘rib, shohidi bo‘lib turibman. Ayni paytda yuragim quvonchga to‘lgan. Yurtboshim haqiga bir umr duo qilaman, iloyo, umrlari uzoq bo‘lsin...

— Bu yerda mana shunday qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlarning barini aytadigan bo‘lsam, yozib olishga ruchkangizning siyohi yetmaydi, — deydi Hurriyat ko‘chasi, 4-tupikda yashovchi, onaxon Shoira Do‘stmuhammedova. — Mayli, hech bo‘lmasa, ularning ayrimlarini ayta qolay. Oldinlari mana shu o‘nqir-cho‘nqir, tor-jin ko‘chalardan farzandu nabiralarimni maktabga olib borib, olib kelish azob edi. Ayniqsa, qish paytlari uylarning tarnovidan erib oqayotgan suvlar bir qiyinchilik tug‘dirsa, ko‘chaning torligi va buning ustiga, uning sirpanchiqligi yana bir noqulaylik yaratar edi.

Hozir-chi? Shundoq uydan chiqib, o‘ttiz qadam yurmasdan katta ko‘chaga yetib olasiz. Zamonaviy qilib qurilgan bekat. Har besh-etti daqiqada avtobus, «marshrutka»lar g‘izillab qatnab turibdi. Bu yog‘i — maktabgacha bir qadam.

Ilgarilari-chi? Yo‘l bir tomonlama bo‘lishiga qaramasdan, mashinalar ikki tomonlama o‘tib-qaytar va ortidan ko‘tarilgan chang-to‘zondan nafas olib bo‘lmasdi. Ularning tutunini aytmaysizmi, shundoq dahlizdan o‘tib, yashaydigan xonamizga kirib dimoqqa urilardi.

Endi-chi?! O‘rtasi beton to‘siqlar bilan ajratilgan ravon yo‘llar barpo etildi. Svetoforlar o‘rnatildi. Yo‘l yoqasidagi gulzoru obodonchilik, qulay kommunikatsiya tizimini aytmaysizmi? Bilasizmi, mahallalar ko‘ksiga shabada tegadigan bo‘lib qoldi, havo ham toza, atrof ko‘kalamzorlashtirilgan. Hozirda atrofni yanada obodonlashtirish ishlari davom etayapti. Bu ishning boshida turganlarni hammamiz duo qilyapmiz.

Yangi yo‘ldan hamrohim, fotomuxbirimiz Sanjarbek bilan yengil mashinada harakatlanar ekanmiz, ko‘chaga o‘rnatilgan zamonaviy, o‘ziga xos tungi yoritgichlarni, aniq-tiniq «yo‘l harakati qoidalari» belgilarini, ko‘chaning har ikki tomoniga bir-biriga monand tarzda joylashtirilgan afisha va reklamalarni ko‘rib, ko‘zimiz quvnaydi. Biroz yurganimizdan so‘ng, shundoq ko‘cha yuzida suhbatlashayotgan odamlar yonida to‘xtadik.

— Amalga oshirilayotgan bunyodkorliklar: yangi yo‘llar, ko‘priklar, ularga mos ravishda qurilayotgan zamonaviy uylar majmuasi, infratuzilma obyektlari, bir so‘z bilan aytganda, juda ham katta obodonlashtirish ishlarini ko‘rib, kishi quvonadi, kayfiyati ko‘tariladi, — deydi «Guzarboshi» mahallasi raisi, O‘zXDP faoli Tursunxo‘ja Ergashev. — Yangi yo‘l ochilishi munosabati bilan Prezidentimiz tashrif buyurib, biz bilan bo‘lgan muloqotda bu yo‘l qurilishi, umuman, Eski shaharda yashayotgan aholining munosib ijtimoiy-madaniy hayoti va kelgusida turmush darajasining yuksalishi bilan bog‘liq masalalar «etti o‘lchab, bir kesish»dek obdon o‘ylanib, amalga oshirilayotgan ishlar ekanini alohida ta’kidladi. Hali bular katta yangilanishlarning debochasi ekan...

Darhaqiqat, istiqlol yillarida mamlakatimizda xalqimiz yuksak qadriyatlari, turmush-tarzidagi muhim va o‘ziga xos jihatlar o‘ta nozik va hushyorlik bilan inobatga olingan milliy shaharsozlik maktabi vujudga keldi. Qurilish industriyasi barpo etildi. Unga mos ravishda qurilish bozori shakllantirildi. Aynan uzoqni o‘ylab amalga oshirilgan islohotlar natijasida yurtimizning har bir go‘shasi — shahar bo‘ladimi, tuman markazimi yoki chekka viloyatning eng chekka qishlog‘imi, bundan qat’i nazar, bu bunyodkorliklar o‘rtasida uyg‘unlik, mantiqiy uzviylik paydo bo‘ldi.

Bir so‘z bilan aytganda, mazkur yo‘l qurilishi loyihasi, Prezidentimiz ta’kidlaganidek, Eski shaharni obodonlashtirish, qiyofasiga yangicha mazmun kiritish bilan bog‘liq yangi ishlarning boshlanishidir. Asosiysi, bunday o‘zgarishlar tufayli odamlarimiz, xalqimiz turmushi farovonlashmoqda, hayot tarzi tobora yaxshilanib bormoqda.

Maqola muallifi Obiddin MAHMUDOV

O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati

Manba: www.uzbekistonovozi.uz