O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 7 apreldagi PF-4609-sonli "O`zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo`shimcha chora-tadbirlar to`g`risida"gi Farmoni

16/04/2014 - 11:07 7338

Qayd etib o`tilsinki, so`ngi yillarda O`zbekiston Respublikasida ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan yaxshilash, jahon amaliyotida umum qabul qilingan biznesni yuritish sharoitlarini baholash mezonlari tizimini joriy etish va shu asosda mamlakatimizning xalqaro reytingini yanada oshirishni ta'minlash bo`yicha keng chora-tadbirlar kompleksi qabul qilindi.

Tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro`yxatidan o`tkazish, kredit olish, xo`jalik nizolarini ko`rib chiqish, biznesni tugatish jarayonlari sezilarli darajada soddalashtirildi va arzonlashtirildi. Mulkni ro`yxatdan o`tkazish, yer uchastkalarini ajratish, qurilishga ruxsatnomalar berish, elektr tarmoqlariga ulanishda «bir darcha» tamoyillarini ommaviy joriy etish bo`yicha ishlar jadal sur'atlarda amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, O`zbekistonda ishbilarmonlik muhitining hozirgi holati va biznesni yuritish sharoitlari hali-hamon erkin bozor iqtisodiyoti talablari va tamoyillariga, umum qabul qilingan xalqaro normalarga to`liq hajmda javob bermayapti. Avvalgidek tadbirkorlik faoliyatini haddan ortiqcha tartibga solish holatlari mavjud, davlat organlari bilan tadbirkorlik sub'yektlari o`rtasida o`zaro munosabatlarning kontaktsiz shakllarini samarali joriy etish imkoniyatlari to`liq hajmda ishlatilmayapti. Biznesni yuritish uchun shart-sharoitlarni yaxshilash bo`yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar joylarda yetarli darajada amaliyotga joriy etilmayapti.

Ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirish, maksimal darajada qulay investitsiya iqlimini yaratish, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari faoliyatining ochiq-oydinligini oshirish, shu asosda tadbirkorlik faoliyatini yuritish sharoitlarini tubdan yaxshilash, yangi ish joylarini barpo etish va iqtisodiyotning xususiy sektorida aholi bandligini oshirish maqsadida:

1. 2014-2015 yillarda Investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni rag`batlantirish samaradorligini oshirishga oid qo`shimcha chora-tadbirlar Dasturi (keyingi o`rinlarda — chora-tadbirlar Dasturi) 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.

2. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

chora-tadbirlar Dasturiga kiritilgan tadbirlarning amalga oshirilishi ustidan tizimli nazorat o`rnatsin, shu jumladan ularni amalda joriy etishning natijadorligi to`g`risida tadbirkorlik sub'yektlari o`rtasida muntazam so`rovlar o`tkazish yo`li orqali nazoratni ta'minlasin;

ikki hafta muddatda litsenziya va ruxsatnoma xarakteriga ega hujjatlarni olish tartibotlaridan o`tish tartibini tubdan qisqartirish, soddalashtirish va arzonlashtirish bo`yicha aniq takliflarni kiritsin.

3. Vazirliklar, davlat qo`mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari bir oy muddatda o`zlarining rasmiy veb-saytlarida tadbirkorlik sub'yektlari bilan o`zaro munosabatlar masalalarini tartibga soluvchi axborotlarni joylashtirsinlar va keyinchalik ularni doimiy ravishda yangilab borsinlar, bunda quyidagilarga asosiy e'tibor qaratilsin:

ular tomonidan qabul qilingan idoraviy me'yoriy-huquqiy va boshqa hujjatlarni majburiy ravishda joylashtirib borish (tarqatilishi chegaralangan hujjatlar va tijorat siri bayon etilgan hujjatlar bundan mustasno);

tadbirkorlik sub'yektlariga ruxsatnoma xarakteriga ega hujjatlarni, litsenziyalar, sertifikatlar va boshqalarni rasmiylashtirish va berishning tartibi va muddatlari;

tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlari va boshqa turdagi xizmatlar ko`rsatishning muddatlari va narxi.

Vazirliklar, davlat qo`mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari rahbarlari zimmasiga belgilangan talablarga muvofiq, ularning rasmiy veb- saytlarida joylashtiriladigan axborotning to`liqligi va haqqoniyligi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatilsin.

O`zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo`mitasi, Adliya vazirligi vazirliklar, davlat qo`mitalari, idoralar, aksiyadorlik kompaniyalari, uyushmalari va mahalliy hokimiyat organlarining rasmiy veb-saytlarini yuritishda tadbirkorlik sub'yektlari bilan o`zaro munosabatlar masalalari bo`yicha qo`yiladigan talablarga rioya etilishi ustidan tizimli nazorat o`rnatsin.

4. Belgilab qo`yilsinki:

2014 yilning 1 iyunidan davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining rasmiy veb-saytlarida chop etilmagan ularning tadbirkorlik sub'yektlari bilan o`zaro munosabatlar masalalarini tartibga soladigan me'yoriy-huquqiy va boshqa hujjatlari talablarini buzish holatlari uchun tadbirkorlik sub'yektlariga javobgarlik choralari qo`llash taqiqlanadi;

tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonini murakkablashtirishni va tadbirkorlik sub'yektlariga yangi yuridik majburiyatlar yuklatishni nazarda tutadigan, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlariga yuridik javobgarlikning yangi choralarini belgilaydigan me'yoriy-huquqiy hujjatlar ular rasman chop etilgan fursatdan boshlab, uch oydan oldin bo`lmagan muddatda kuchga kiritiladi.

5. Soliqlarni va boshqa majburiy to`lovlarni o`z vaqtida to`laydigan, shuningdek ishlab chiqarishning barqaror o`sish sur'atlarini va rentabelligini ta'minlovchi kichik tadbirkorlik sub'yektlarining moliyaviy-xo`jalik faoliyatini soliq tekshiruvidan o`tkazishga qo`llanilgan moratoriy 2017 yilning 1 yanvarigacha bo`lgan muddatgacha uzaytirilsin (yuridik shaxslarni tugatishdagi, qo`zg`atilgan jinoiy ishlar doirasidagi, shuningdek byudjet va markazlashtirilgan mablag`lar va resurslaridan foydalanish bilan bog`liq rejadan tashqari tekshiruvlar bundan mustasno).

6. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, xo`jalik boshqaruvi organlarining 2014 yilning 1 iyulidan boshlab sanoatning ko`p mehnat talab qiladigan ayrim tarmoqlari bo`yicha kichik korxonalar ishchilarining cheklangan o`rtacha yillik sonini oshirish to`g`risidagi taklifi 2-ilovaga muvofiq qabul qilinsin.

O`zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qo`shimcha takliflarni kiritgan holda iqtisodiyotning ko`p mehnat talab qiladigan tarmoqlarida faoliyat yuritayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalarda qo`shimcha ish o`rinlarini tashkil etish yuzasidan tizimli monitoring o`rnatsin.

7. O`zbekiston Respublikasi Markaziy banki, tijorat banklari kichik tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetiga ularning hisobvaraqlaridan soliqlarni va boshqa majburiy to`lovlarni to`lashda banklar xizmatlari uchun to`lovlar undirish amaliyotini bekor qilsinlar.

8. Shunday tartib o`rnatilsinki, unga muvofiq:

xo`jalik yurituvchi sub'yektlarning soliq, moliyaviy hisobotlarni taqdim etmaslik va ularni ko`rsatilgan manzilda yo`qligi holatlarida ularning tijorat banklaridagi hisobvaraqlari bo`yicha operatsiyalarni to`xtatib turish davlat soliq xizmati organlari tomonidan faqat sudning tegishli qarori asosida amalga oshiriladi;

2014 yilning ikkinchi choragi uchun soliq solishdan boshlab, yangidan tashkil etilgan kichik tadbirkorlik sub'yektlari (chakana savdo tashkilotlaridan tashqari) qurilishi yakunlangan ob'yektni qabul qilish hujjati tasdiqlanganidan keyin 6 oy davomida, biroq ularning davlat ro`yxatidan o`tganidan so`ng bir yildan ko`p bo`lmagan davrda, yagona soliq to`lovi va yagona ijtimoiy to`lovni, ushbu to`lovlarning tasdiqlangan eng kam miqdorlarini hisobga olmagan holda, amalda bajarilgan ish hajmlaridan kelib chiqib to`laydilar.

2015 yilning 1 yanvaridan boshlab, kichik tadbirkorlik sub'yektlari statistika hisobotlarini yilda bir marotaba taqdim etadilar, bunda statistika organlari har chorakda faoliyatning tegishli yo`nalishlari va sohalari bo`yicha tanlanma asosdagi o`rganishlarni o`tkazib boradilar.

9. O`zbekiston Respublikasi Prezidenti va O`zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq o`zgartishlar kiritilsin.

10. O`zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Davlat soliq qo`mitasi, Markaziy bank boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti          I. KARIMOV

Toshkent sh.,
2014 yil 7 aprel,
PF-4609-son

Manba: LexUz

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.