Vazirlik haqida umumiy ma'lumotlar

22/02/2019 - 12:13 18604

O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-yanvardagi PQ-4105-sonli "O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi Qarori bilan tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi quyidagi asosiy strategik vazifalar va yo‘nalishlarni amalga oshiradi:

mamlakatni qisqa, o‘rta va uzoq muddatli davrda barqaror va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ta'minlashga, aholi farovonligini oshirish va uning eng muhim muammolarini hal etishga qaratilgan konsepsiyalar, kompleks, maqsadli, tarmoq va hududiy dasturlarini ishlab chiqish, jahon bozorlaridagi vaziyatni hamda global iqtisodiyot rivojlanishining uzoq muddatli istiqbollarini hisobga olgan holda, taklif etilayotgan yechimlardan kutilayotgan makroiqtisodiy maqsadli natijalar hamda ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini chuqur kompleks hisob-kitob qilish;

chuqur tarkibiy o‘zgartirishlarni va iqtisodiyotning diversifikatsiyalashni, ichki va tashqi bozorlarda mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotning raqobatdoshligini oshirishni ta'minlaydigan aniq maqsadga yo‘naltirilgan strukturaviy siyosatni amalga oshirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni chuqurlashtirish asosida eksport salohiyatni oshirish, iqtisodiyotning importga qaramligini kamaytirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish, tarmoqlar va hududlarni mutanosib va uyg‘un rivojlantirish, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilmani ildam rivojlantirish;

mamlakatimizni istiqbolli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning strategik ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, iqtisodiyotni isloh qilish va liberallashtirishni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulkning ustuvorligini ta'minlash, xususiy mulk va tadbirkorlikning huquq va manfaatlari himoyasini kuchaytirish, tadbirkorlik sub'yektlari bilan mustahkam hamkorlikda va ularning fikrlarini inobatga olgan holda, iqtisodiyotni boshqarishni bozor usullari va mexanizmlarini keng joriy etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

urbanizatsiya jarayonini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mintaqalar tabiiy va iqtisodiy resurslaridan samarali foydalanishni, hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, iqtisodiyot tarkibi va aholi turmush darajasidagi nomutanosibliklarni bartaraf qilishni ta'minlaydigan hududlarni intensiv va kompleks rivojlantirish hamda ishlab chiqarish kuchlarini optimal joylashtirish bo‘yicha takliflar, chora-tadbirlar va dasturlar ishlab chiqish, mamlakat aholisining daromadlari va bandligini izchil o‘stirishni ta'minlash;

kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash tizimini tashkillashtirish, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi markaziy apparati va uning tarkibiy bo‘linmalari ishlarining usul va shakllarini tizimli asosda doimiy takomillashtirish, byurokratizm va sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslik, fuqarolar murojaatlariga o‘z vaqtida javob qaytarish, xodimlarga yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish mas'uliyatini oshirish.