Respublika hududlarini 2008 yil 1-yarim yillikda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish asosiy ko‘rsatkichlari

15/08/2008 - 13:40 4734

2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining eng muhim ustivor vazifalarini amalga oshirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar 2008 yilning 1-yarim yilligida asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning belgilangan prognozlari bajarilishini ta’minladi.

Yalpi ichki mahsulot 9,3 foizga, sanoat mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 12,2 foizga, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 16,6 foizga, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish hajmi 5,4 foizga o‘sdi. 6,2 mln tonna g‘alla yig‘ib olindi. Mahsulot eksporti 48,2 foizga ko‘paydi. Davlat byudjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,8 foiz miqdorida profitsit bilan ijro etildi. Inflyatsiya darajasi prognozdagi parametrlardan yuqori bo‘lmadi. Aholining real pul daromadlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23,4 foizga o‘sdi.

Iqtisodiyotdagi tarkibiy qayta o‘zgartirishlar, yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish va texnologik jihatdan yangilash davom ettirildi. Investitsiyalarning umumiy hajmi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 19,8 foizga o‘sdi. To‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning o‘sishi 29,4 foizni tashkil etdi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta jihozlash dasturlari doirasida 29 ta loyihani amalga oshirish tugallandi. 185 ta ishlab chiqarish ob’yekti foydalanishga topshirildi.

Kichik biznesning roli o‘sdi, uning YAIMdagi salmog‘i o‘tgan yilning tegishli davridagi 38,1 foiz o‘rniga 40,2 foizni tashkil etdi. Xizmatlar ko‘rsatish hajmining 18,9 foizga o‘sishi ta’minlandi. Xizmat ko‘rsatish sohasining YAIMdagi ulushi o‘tgan yilning tegishli davridagi 42,8 foiz o‘rniga 44,7 foizgacha ko‘paydi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarini rivojlantirish maqsadida qabul qilingan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish davom ettirildi. Natijada joriy yilning 1-yarim yilligida 372,1 ming yangi ish o‘rni (2007 yilning shu davriga nisbatan 118 foiz), shu jumladan xizmatlar va servis sohasida 109 mingdan ortiq, kasanachilikni tashkil etish hisobiga 66,7 ming ish o‘rni yaratilishiga erishildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida hududiy tasarrufdagi korxonalar tomonidan 119,4 mlrd.so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, importning o‘rnini bosishning hisoblangan samarasi 88,3 mln. dollarni tashkil etdi.

“Yoshlar yili” Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirish yuzasidan faol chora-tadbirlar ko‘rildi. Qurolli Kuchlardagi xizmatdan qaytgan 7,8 ming nafar yosh ishga joylashtirildi. Qishloq joylarda yosh oilalarga qoramol sotib olish uchun 3,7 mlrd. so‘m imtiyozli kreditlar ajratildi.

Hududlardagi iqtisodiy salohiyatlardan oqilona foydalanish, yangi ishlab chiqarish ob’yektlarini ishga tushirish, mavjud korxonalarning quvvatlaridan samaraliroq foydalanish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat va servisni rivojlantirish barqaror o‘sishni ta’minlashning asosiy omillaridan bo‘ldi.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’ati Toshkent shahrida 140,6 foizni tashkil qilib, eng yuqori ko‘rsatkichga erishgan.

Sanoatning o‘sishiga Toshkent shahrida 657 ta (623 ta mikrofirma, 33 ta kichik korxona va 1 ta yirik korxona) yangi korxonalarning ro‘yxatga olinganligi eng katta omillardan biri bo‘lib xizmat qildi.

Toshkent viloyatida yalpi qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish hajmi 7,7 foizga o‘sdi va bu ko‘rsatkich respublika hududlari orasida eng yuqori bo‘ldi. Qishloq xo‘jaligida olib borilgan islohotlar, fermer xo‘jaliklari hamda dehqon xo‘jaliklari faoliyati uchun yaratib berilgan shart-sharoitlar o‘zining samarasini bermoqda. Qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishda ayniqsa dehqon xo‘jaliklarining ulushi (74,5 foiz) yuqori bo‘ldi.

Qashqadaryo viloyatida kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirilishi 152,5 foizni tashkil qildi va jami kapital qo‘yilmalarning 29,2 foizi xorijiy investitsiyalar hissasiga to‘g‘ri keldi. Jami investitsiyalarning 72,5 mlrd.so‘mi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida chakana savdo xizmati ko‘rsatish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 foizga oshdi.

Yanvar-iyul oylarida 54 ta chakana savdo shahobchalari ishga tushirildi va bu o‘z navbatida aholini arzon va sifatli iste’mol mollari bilan ta’minlanishini birmuncha yaxshiladi.

Aholiga pullik xizmat ko‘rsatish hajmlarining o‘sish sur’ati Andijon viloyatida 120,4 foiz kuzatildi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 40 foizga to‘g‘ri keldi. Hisobot davrida 277 ta, shundan qishloq joylarida 231 ta maishiy xizmat ko‘rsatish shahobchalari tashkil etildi.

Buxoro viloyatida bajarilgan eksport amallari hajmi 127 mln. AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 23 foizga o‘sdi va bu Respublika hududlari ichida eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.

Har bir hudud bo‘yicha iqtisodiyotning barcha jabhalarini rivojlantirish borasida, ayniqsa makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish maqsadida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqilgan. Ushbu dasturlarda belgilangan ko‘rsatkichlarning ijrosini ta’minlash yuzasidan keng ko‘lamdagi ishlar olib borilmoqda.