“Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida

18/10/2019 - 19:12 283

 “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Hukumat qarori (878-son, 16.10.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berilmoqda.

Qarorga muvofiq, “Sergeli Industrial Park” kichik sanoat zonasi hududida DUK shaklida alohida Direksiya tashkil etish orqali boshqaruvning maxsus tartibi joriy qilindi.

Direksiyaga bir qator vazifalar yuklandi. Xususan, Direksiya buyurtmachi funksiyasini bajaradi, yetakchi mahalliy va xorijiy tashkilotlarni jalb qilgan holda kichik sanoat zonasining bosh rejasi ishlab chiqilishini tashkil etadi.

Direksiya investorlar tomonidan zimmasiga olingan majburiyatlarni zarur tarzda bajarilishini nazorat qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Qarorga ko‘ra, kichik sanoat zonasi hududida joylashtirish uchun investitsiya loyihalarini tanlash Ma’muriy kengash tomonidan amalga oshiriladi.

Qaror bilan Ma’muriy kengashga kichik sanoat zonasi ishtirokchilariga doimiy foydalanish uchun yer uchastkalari berish to‘g‘risida qaror qabul qilish va ushbu yer uchastkasining har bir gektari uchun to‘lov miqdorini belgilash huquqi berildi.