O‘zbekiston Respublikasini 2008 yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

01/08/2008 - 13:35 4634

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va joylardagi davlat hokimiyati organlarining Prezident Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2008 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining muhim ustuvor yo‘nalishlarini, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini rivojlantirish, texnik va texnologik yangilashga doir maqsadli kompleks dasturlarini bajarish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishi natijasida joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ko‘rsatkichlarining barqaror o‘sishi mustahkamlandi.

I. Makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotning izchil va muvozanatli o‘sish sur’atlarini ta’minlash

2008 yilning ikkinchi choragida shu yilning birinchi choragiga nisbatan   iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari jadallashdi va bu birinchi yarim yillikda yalpi ichki mahsulotning o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 9,3 foizga ko‘payishini ta’minladi. O‘zlashtirilgan investitsiyalar miqdorini 19,8 foizga oshirishni ta’minlagan faol investitsiya siyosati va qulay investitsiya muhiti iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlariga erishishda muhim omil bo‘ldi. Yetakchi sanoat tarmoqlarini texnik va texnologik modernizatsiya qilishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar sanoat ishlab chiqarishini rivojlantirishning yuqori sur’atini saqlashga yordam berdi va bu ko‘rsatkich 12,2 foizni tashkil etdi. Faol tashqi savdo siyosati eksport hajmini 48,2 foizga ko‘paytirish imkonini berdi.

Iqtisodiy yuksalish aholi real pul daromadlarining 23,4 foizga ko‘payishi tufayli ichki talab, jumladan, iste’mol mollariga bo‘lgan talabning oshishi bilan qo‘llab-quvvatlandi.  Bu iste’mol tovarlarining 16,6, chakana savdo aylanmasining 14,4 va aholiga pullik xizmat ko‘rsatishning 18,9 foizga o‘sishini ta’minladi.

O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (2007 yil birinchi yarim yilligiga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar 2008 yilning 1-yarim yilligi
Yalpi ichki mahsulot 109,3
Sanoat mahsulotlari hajmi 112,2
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 116,6
Yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari 105,4
Asosiy kapitaldagi investitsiyalar 119,8
Qurilish ishlari 109,1
Chakana savdo aylanmasi 114,4
Aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 118,9

Yalpi ichki mahsulotning yuqori o‘sish sur’atlariga макроиқтисодий barqarorlikni yanada mustahkamlash hisobidan erishildi. Bunda quyidagilar asosiy omil bo‘ldi: 

  • Davlat byudjetining muvozanatlashganligi. Davlat byudjeti daromadlari joriy yil birinchi yarim yilligining prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 101,1 foizni tashkil etdi, profitsit esa  yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,9 foiz bo‘ldi. Biznesga soliq yukini kamaytirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar xususiy sektor korxonalarida ishlab chiqarishni   faollashtirishga yordam berdi. Buning natijasida daromad solig‘i bo‘yicha tushumlar o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 42,6 foiz, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovi esa 36 foizga o‘sdi.
  • Pul bozoridagi muvozanat  va milliy valyutaning barqarorligi. Inflyatsiyaga qarshi yuritilgan faol siyosat va iste’mol bozorining zarur tovar hamda xizmatlar bilan to‘ldirilishi natijasida inflyatsiya jarayonlari sekinlashdi. Pul massasi va so‘m  ayriboshlash kursining o‘zgarishi belgilangan parametrlardan oshmadi. Aholining banklardagi depozitlari 19,3 foizga ko‘paydi.
  • Mamlakat to‘lov balansining barqarorligi va tashqi savdoning yuqori ijobiy saldosi. Bunga eksportning yuqori sur’atda o‘sishi, jumladan, energiya manbalari va neft mahsulotlari (1,6 marta), mashinalar va uskunalar (116,2 foiz), kimyo mahsulotlari (148,0 foiz), xizmatlar (125,8 foiz) hisobidan erishildi.

II.Tarkibiy o‘zgarishlarni davom ettirish, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash

Birinchi yarim yillikda Investitsiya dasturini amalga oshirish  tarkibiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga yordam berdi va mamlakatimiz hamda xorijiy sarmoyadorlar uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratildi. Barcha moliya manbalari bo‘yicha o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 3713,1 milliard so‘mni  yoki 2007 yilning birinchi yarmidagiga qaraganda 119,8 foizni tashkil qildi.

Investitsiyalar umumiy hajmining oshishi asnosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlar miqdori 31,2 foizga o‘sdi. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 88,4 million dollar yoki 2007 yilning shu davridagiga nisbatan 4,9 marta ko‘p mablag‘ ajratildi. Kapital qo‘yilmalar umumiy miqdorining qariyb 70 foizi ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirildi.

Joriy yilning hisobot davrida 185 yirik va kichik ishlab chiqarish ob’yekti foydalanishga topshirildi. Jumladan, oziq-ovqat sanoatida makaron, non va non mahsulotlari, qandolat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha (75), yengil va to‘qimachilik tarmog‘ida kalava, to‘qimachilik, charm va gilam mahsulotlari, poyabzal ishlab chiqarish, shoyi va tolani qayta ishlash bo‘yicha (28), qurilish materiallari sanoatida devor qurish uchun mo‘ljallangan materiallar, plastik romlar, eshiklar, shifer, ruberoid va boshqa qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha (46) ob’yekt  ishga tushirildi.

2008 yilning birinchi yarmida 3,5 milliard kub metr gaz ishlab chiqarish quvvatiga ega “Pomiq” kompressor stansiyasi,  “Neksiya-2” yengil avtomobilining yangi modelini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, “Jizzax platmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatida diametri 315-630 millimetr bo‘lgan polietilen quvurlar ishlab chiqarish, “Quvasoy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatda shifer ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, “Tagus tekstil”, “Poytug‘teks”, “Sirkeji Toshkent tekstil” qo‘shma korxonalari va boshqa investitsiya loyihalari nihoyasiga yetkazildi.

Joriy yil boshidan buyon 51 ta dotatsiya hududida 87 kichik ishlab chiqarish ob’yekti ishga tushirildi va bu 2100   nafardan ortiq kishini ish bilan ta’minlash imkonini berdi.

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilash dasturlarini amalga oshirish davomida uskunalar yetkazib berish va qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 341,2 million dollar ajratildi.  Bu borada 29  investitsiya loyihalari, jumladan, avtomobil sanoatida 9, yengil va to‘qimachilik sohasida 7, farmatsevtika sanoatida 5, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 5, kimyo sanoatida 2 va metallurgiya sanoatida bitta loyiha nihoyasiga yetkazildi.

Yuqorida qayd etilgan loyihalarni amalga oshirish natijasida yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8,8 foizga oshdi. “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik kompaniyasi korxonalarida    ishlab chiqarish quvvatlari 68,1 foizdan 72,5 foizgacha oshirildi, dorivor preparatlar eksporti 1,5 baravardan oshdi. Texnik chigitni qayta ishlash tufayli tozalanmagan paxta yog‘i olish (17,94 foizdan 18,54 foizgacha) va tozalangan paxta yog‘i olish (87,82 foizdan 88,55 foizgacha)  ko‘paydi. Buning natijasida qo‘shimcha 4,8 ming tonna tozalangan yog‘ olishga erishildi.

Ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish va rekonstruksiya qilish  tadbirlari doirasida yangi ishlab chiqarishlarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida hisobot davrida avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, elektr uzatish liniyalarini  rivojlantirish, temir yo‘l uchastkalarini, suv hamda gaz ta’minoti tizimlarini elektrlashtirishga doir choralar ko‘rildi. 500 kV  quvvatga ega Sirdaryo IES - “So‘g‘diyona” kichik stansiyasi va “Yangi-Angren IES-O‘zbekiston” yuqori kuchlanishli liniyalarni (joriy yilning iyunida yuqori kuchlanishli liniya vaqtinchalik sxema bo‘yicha 220 kV tokka ulandi) qurish, “Toshkent-Angren” temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirildi. 847 kilometr suv quvuri va 418 kilometr gaz uzatish tarmoqlari, 160 kilometr uzunlikdagi ta’mirlangan xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumiy foydalanish avtombil yo‘llari va uzunligi 80 pogon metr 5 ta ko‘prik foydalanishga topshirildi.

Qayta tashkil etish va moliyaviy sog‘lomlashtirish dasturlarini amalga oshirish natijasida 579 ta korxonaning 373 tasida (korxonalar umumiy sonining 64 foizi) ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyat ko‘rsatkichlarining yaxshilanishi kuzatilmoqda. 242 ta korxona o‘tgan yilga nisbatan oylik o‘rtacha ishlab chiqarish va mahsulot sotish hajmini 20 foizdan ko‘proqqa oshirdi, 119 ta korxonada ishlab chiqarishni rekonstruksiya qilish va texnik qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu korxonalarda 2784 ish o‘rni yaratildi va qayta tiklandi.

2006-2008 yillarda qayta tashkil etilayotgan korxonalarning foydalanilmayotgan quvvatlari negizida 103 ta yangi, jumladan, hisobot davrida 19 ta korxona tashkil etildi. Qayd etilgan mazkur korxonalarning 87 tasida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi va 4 ming nafardan ortiq kishi ish bilan ta’minlandi.

 Rivojlantirish va texnik modernizatsiya qilish dasturlarining amalga oshirilishi sanoat ishlab chiqarishini 12,2 foizga oshirish imkonini berdi. Bunda yuksak o‘sish sur’atlari mashinasozlik va metallni qayta ishlash sohasida (120,3 foiz), yoqilg‘i sanoatida (119,5 foiz), oziq-ovqat (130,2 foiz), yog‘ochni qayta ishlash va sellyuloza-qog‘oz sanoatida (129,8 foiz) ta’minlandi.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish (O‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar 2007 yilning 1-yarim yilligi 2008 yilning 1-yarim yilligi
Sanoat, jami 111,6 112,2
shu jumladan:
elektr energetikasi 99,4 100,7
yoqilg‘i 112,0 119,5
qora metallurgiya 110,5 103,3
rangli metallurgiya 98,3 93,9
kimyo va neft kimyosi 120,3 108,4
mashinasozlik va metallni qayta ishlash 129,5 120,3
yog‘och, yog‘ochni qayta ishlash,
sellyuloza-qog‘oz sanoati
125,3 129,8
qurilish materiallari 116,4 108,2
yengil  sanoat 112,1 112,4
oziq-ovqat sanoati 107,9 130,2
boshqa sanoat tarmoqlari 124,0 117,1

III. Islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirish

Xususiylashtirish dasturini amalga oshirish davomida 2008 yilning birinchi yarimida 174  davlat aktivlari, jumladan, birja savdolarida 38, Davlat tender komissiyasi qaroriga binoan 6, kimoshdi va tanlov savdolarida 67, investorlarga investitsiya majburiyatlari evaziga nolga teng xarid qiymati bo‘yicha 43 ob’yekt sotildi. Hisobot davrida 237 davlat korxonasi mulkchilik shaklini nodavlat shaklga o‘zgartirdi. Ularning 97,9 foizi xususiy mulkdorlar tomonidan to‘liq sotib olindi.

2008 yilning birinchi yarimida Moliya-bank tizimini isloh qilish dasturi, sug‘urta, auditorlik, lizing va baholash kompaniyalari, kredit uyushmalari va tijorat banklari faoliyatini rag‘batlantirish, shuningdek,  moddiy resurslarni sotishning bozor mexanizmlarini joriy etish  chora-tadbirlarining amalga oshirilishi tufayli bozor infratuzilmasi yanada rivojlandi. O‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan tijorat banklarining ustav kapitali qariyb 2 baravar, jami kapitali va iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari tegishli ravishda 40,7 va 28,4 foiz  oshdi. Tijorat banklaridagi aholi omonatlarining o‘sishi 51,5 foiz  ko‘paydi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan berilayotgan kreditlar miqdori  46,2 foiz ko‘paydi.

Moliya xizmatlarining umumiy hajmi  mikrokreditlar bilan birga 39,6 foiz ko‘paydi. Shuningdek, ko‘rsatilayotgan moliya-bank xizmatlari nomenklaturasi, ayniqsa, qishloq joylarida yanada kengaydi.

Auditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, shuningdek, auditorlik tashkilotlarining mas’uliyatini kuchaytirish  va ko‘rsatilayotgan auditorlik xizmatlarining  sifatini oshirish   choralari ko‘rildi.

Tovarlar bozorining samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga xizmat qiladigan moddiy resurslarni sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarini joriy etish tufayli O‘zbekiston Respublikasi Tovar xomashyo birjasida mahsulot  sotish hajmi 2008 yilning birinchi yarimida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 1,4 baravar oshdi.

IV. Aholi  bandligi darajasini ko‘tarishning eng muhim yo‘nalishi bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasi va kasanachilikni  qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish

Kichik biznesni yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2008 yilning 6 oyi mobaynida ro‘yxatga olingan kichik tadbirkorlik korxonalari soni shu yilning boshidagiga  nisbatan 2,9 foiz   o‘sdi va 434,5 mingtani tashkil etdi. Bunda ro‘yxatga olingan kichik korxonalar umumiy soniga nisbatan faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar ulushi 0,7 foiz  oshdi va 93,5 foizni tashkil etdi.

Faoliyat yuritayotgan kichik biznes korxonalari soni sanoatda 4,1, qurilishda – 6,7, transport va aloqa sohasida – 14,2, boshqa  ishlab chiqarish sohalarida 6,7 foiz o‘sdi. Yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushi  2007 yil birinchi yarmidagi 38,1 foizdan 40,2 foizgacha oshdi.

2008 yilning birinchi yarimida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 19 foiz o‘sdi, yalpi ichki mahsulotda xizmat ko‘rsatish sohasining salmog‘i o‘tgan yilning shu davridagi  42,8 foiz o‘rniga 44,7 foizni tashkil etdi. Axborot texnologiyalaridan foydalanish, moliyaviy kapitalni to‘plash va kredit-to‘lov tizimini rivojlantirishni kuchaytirishga asoslangan zamonaviy xizmat turlari, shuningdek, iste’mol xususiyatiga ega xizmat turlari jadal   rivojlanmoqda. Joriy yilning birinchi yarimida 100 dan ortiq transport yo‘nalishlari tashkil etildi,   mingdan ziyod yangi chakana savdo korxonasi, 190 umumiy ovqatlanish korxonasi, 1,4 mingta maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasi foydalanishga topshirildi. Raqamli ATSlar soni ko‘paydi. Respublikamiz hududlarida mobil aloqa xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. Bu esa aloqa va axborotlashtirish xizmatlari o‘sishini 145,6 foizga oshirishni ta’minladi. Avtomobillarni ta’mirlash bo‘yicha yangi ustaxonalar ishga tushirildi, ularning ish samaradorligi oshirilmoqda.

Shu yilning birinchi yarimida 372,1 mingga yaqin  yangi ish o‘rinlari (hududiy dasturlar ko‘rsatkichlariga nisbatan 118,2 foiz), shu jumladan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida 203,8 mingta yoki ularning umumiy soniga nisbatan 54,8 foiz, xizmat ko‘rsatish va servis sohasida  130,2 mingdan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi (bu yaratilgan ish o‘rinlari umumiy sonining 35 foizini tashkil etadi).

Kasanachilikni rivojlantirish negizida korxonalar va xizmatlar ishlab chiqarish o‘rtasidagi kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha  olib borilgan  faol ishlar natijasida 66,7 mingta ish o‘rni yaratildi. Shu jumladan,  yirik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida 16,2 mingta, boshqa tarmoqlarning yirik korxonalari bilan 26,2 mingta tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan  kichik sanoat korxonalari  bilan 24,3 mingta  ish o‘rinlari tashkil etildi. Umuman, hisobot davrida kasanachilikda mehnat shartnomalari, pudrat va oilaviy biznes shartnomalari bo‘yicha  ish o‘rinlari hisobga olingan holda, 132,6 ming kishi ish bilan ta’minlandi.

Mehnat bozorida olib borilgan faol siyosat aholi bandligining 2,9 foiz o‘sishiga ko‘maklashdi va ish bilan band bo‘lganlar soni 305,9 ming kishiga ko‘payib, 10,8 million kishini tashkil etdi.

V. Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ  holatini yaxshilash va unumdorligini oshirishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar samaralari, aholini oziq-ovqat bilan barqaror ta’minlash

Joriy yilning birinchi yarimida Sug‘oriladigan yerlarning  meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan суғориладиган yerlarning meliorativ holatini yaxshilash  bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida uzunligi 8070,1 kilometr magistral, tumanlararo va xo‘jaliklararo kollektorlarni qurish, rekonstruksiya qilish hamda ta’mirlash-qayta tiklash bo‘yicha 469 loyiha bajarildi. Melioratsiya va boshqa ishlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan 49 davlat unitar korxonasi tashkil etildi.

Joriy yilning birinchi yarimida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan  qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti o‘sishi 105,4 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilgiga qaraganda poliz ekinlari (141 foiz),  meva (115,1 foiz), sabzavot (114,6 foiz), kartoshka (111,9 foiz), sut (106,6 foiz) va go‘sht (106,4 foiz)  ko‘p yetishtirildi.

Fermer xo‘jaliklariga turli xizmatlar ko‘rsatish maqsadida  yonilg‘i- moylash materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha 1333 shoxobcha, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash bo‘yicha 915 shoxobcha, 1780 muqobil MTP, 1203   mini-bank, 1676 suvdan foydalanuvchilar uyushmasi va boshqalar faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarini ko‘paytirishni  rag‘batlantirish dasturini bajarish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

2008 yilning  birinchi yarimi davomida  respublika bo‘yicha tashkil etilgan 166 kim oshdi savdosi shoxobchalari orqali 10406 bosh zotdor qoramol sotildi. 13,6 ming oilaga   sigir bepul tarqatildi.

2008 yil 1 iyul holatiga ko‘ra,  tijorat banklari, Mehnat   va aholini ijtimoiy muhofaza qilish  vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi  tomonidan  aholiga  qoramol sotib olish uchun umumiy miqdori 20,1 milliard so‘mga teng mikrokreditlar ajratildi. Buning natijasida o‘tkan yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan aholi jon boshiga go‘sht ishlab chiqarish 4,5 foizga, sut ishlab chiqarish 3,5 foizga ko‘paydi.

Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va bu mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar kooperatsiyasini tashkil etish dasturi doirasida qayta tashkil etilgan shirkatlar negizida 193  agrofirma tuzildi. Qishloq xo‘jaligi uchun mini texnologiyalar va ixcham uskunalarning III-халқаро ixtisoslashtirilgan ko‘rgazma-savdosi doirasida 173 loyiha, jumladan, meva-sabzavotni qayta ishlash bo‘yicha 58 loyiha, meva-sabzavotlarni quritish bo‘yicha 57 loyihani amalga oshirish bo‘yicha savdo shartnomalari imzolandi.

Meva-sabzavot va go‘sht-sut mahsulotlari ishlab chiqarishning ko‘payishi  dehqon bozorlari mablag‘ aylanmasini 7 foizga oshirishni ta’minladi. 

Aholini oziq-ovqat tovarlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida joriy yilning birinchi yarimida respublika oziq-ovqat va qayta ishlash korxonalarida oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish 130,2 foiz    ta’minlandi. Aholiga o‘tgan yilning shu davridagiga qaraganda 4,1 foiz ko‘p un sotildi, non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish 2 baravar, shakar 2,1 baravar, o‘simlik yog‘i 7,7 foiz, sut va sut mahsulotlari 9,4 foiz, spirtsiz ichimliklar qariyb 1,5 barvar oshdi.

VI. Aholi daromadlari va turmush darajasini oshirish

Hukumat tomonidan ish haqini ko‘paytirish, bandlikni kengaytirish, ishlab chiqarish hajmini oshirish va korxonalarning moliyaviy ahvolini mustahkamlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholining real pul daromadlari 2007 yilning shu davriga  nisbatan 23,4 foiz, o‘rtacha nominal ish haqi 51 foiz, o‘rtacha pensiya miqdori 76,1 foiz o‘sdi.

Shu yilning birinchi yarimida aholining  ta’lim, sog‘liqni  saqlash, bolalar sporti va ijtimoiy infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar davom ettirildi. Bu borada 13265 o‘quvchiga mo‘ljallangan 18 ta kasb-hunar kolleji va akademik litsey, 3784 o‘quvchiga mo‘ljallangan  19 ta umumta’lim maktabi, 6 qishloq vrachlik punkti, uzunligi 1023,5 kilometr suv quvuri va 451,8 kilometr gaz uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan dasturlar doirasida  bolalarni umumiy ta’lim, 9 sinf bitiruvchilarini kasb-hunar kollejlari va akademik litseylarda o‘qish bilan 100 foiz qamrab olishni ta’minlaydigan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi. Iqtisodiyot tarmoqlaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlaridagi tarkibiy o‘zgarishlar hisobga olingan holda, hududlar va mutaxassisliklar nuqtai nazaridan yoshlarning bandlik darajasi kompleks tarzda inventarizatsiya qilindi.  

«Yoshlar yili» Davlat dasturini amalga oshirish davomida yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yangi ish joylarini tashkil etish, yosh oilalarning  turar-joy va maishiy shart-sharoitini yaxshilash, yoshlar ta’limi sifatini oshirish orqali ularning farovonligini ta’minlashga qaratilgan qator tadbirlar bajarildi.

O‘tgan davr mobaynida 5,3 ming nafar ishsiz   yigit-qiz bozor ehtiyojlari hisobga olingan holda qayta tayyorlandi, Qurolli Kuchlar safida xizmatini o‘tab qaytgan 9,7 ming nafar yigit ish bilan ta’minlandi. Kollejlar bitiruvchilarini qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z ishini tashkil etishi uchun Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 1480,9 million so‘mga teng mikrokreditlar ajratildi. Uy-ro‘zg‘or buyumlarini sotib olish uchun qiymati 16,3 milliard so‘mlik imtiyozli iste’mol kreditlari, shuningdek, yosh oilalarga uy-joy qurish, rekonstruksiya qilish va xarid qilish uchun 17,1 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari berildi. Qishloq joylarda 241 yosh o‘qituvchi oilasiga yakka tartibda uy qurish uchun yer uchastkalari ajratildi.

Iqtisodiyotni rivojlantirishning yuqori sur’atlarini ta’minlash, iqtisodiyotda ijobiy tarkibiy va sifat  o‘zgarishlarini davom ettirishga  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2008 yilda belgilab berilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish orqali erishildi. Bu esa  iqtisodiyotda bozor islohotlarini jadallashtirish, aholi farvonligini oshirish va O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosi uchun qulay kafolatlar yaratishga xizmat qiladi.
    
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi