Toshkent viloyatida sanoat ishlab chiqarish hajmi 1,7 baravarga oshiriladi

26/09/2019 - 11:56 241

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 24 sentabrdagi 802-son qarori bilan 2019-2020 yillarda Toshkent viloyatining sanoat salohiyatini rivojlantirish dasturi ma’qullandi.

Dasturga muvofiq sanoat ishlab chiqarish hajmlarini 1,7 baravarga, eksportni 1,4 baravarga oshirish hamda 49 mingdan ortiq doimiy ish o‘rinlari tashkil etish, bu borada umumiy qiymati 48,9 trillion so‘m, shu jumladan 3,86 mlrd. doll. mikdoridagi xorijiy investitsiyalar va kreditlarni jalb qilgan holda 609 ta loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, dasturda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining xomashyo bazasini va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJda metall prokati ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish, Olmaliq va Chirchiq shaharlarida kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish, Piskent tumanida 850 MVt quvvatga ega bo‘lgan zamonaviy issiqliq elektr stansiyasini qurish, Zangiota tumanida yiliga 190 ming dona zamonaviy 1,2 litr hajmdagi turbo dvigatellar ishlab chiqarish quvvatini ishga tushirish, Ohangaron sement zavodida yillik quvvati 3 million tonnaga teng bo‘lgan yukori sifatli sement ishlab chiqarish tashkil etish belgilangan.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatining paxta ishlab chiqaruvchi tumanlari 2022 yilda paxta xomashyosi yetishtirish va qayta ishlashning barcha bosqichlarini o‘z ichiga olgan klaster shakliga to‘liq o‘tkaziladi.

Dasturni amalga oshirish doirasida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi viloyatning sanoat salohiyatini oshirishga mo‘ljallangan loyihalarni ishlab chiqish, amalga oshirilayotgan loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish hamda to‘liq quvvatda ishlashiga ko‘maklashish, ushbu loyihalarni zarur ishlab chiqarish infratuzilma ob’ektlari bilan ta’minlash masalalariga mas’ul etib belgilandi.