Atom elektrostansiyasi ekologiyaga xavf tug‘diradimi?

08/06/2019 - 18:35 705

O‘tgan haftada Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri Dmitriy Medvedevning yurtimizga tashrifi davomida muhim iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatga ega masalalar yuzasidan qator kelishuvlarga erishilganini bilamiz. Ular orasida mamlakatlarimiz aro savdo munosabatlarini yanada oshirish, energetika, jumladan, O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilgan Atom elektrostansiyasi bo‘yicha kelishuvlar ham bor. Mehmon ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida O‘zbekistonda atom elektrostansiyalarini qurish to‘g‘risidagi umumiy bitim 2019 yil oxirigacha tayyorlanishi kerakligi, shundan so‘ng loyihaning asosiy iqtisodiy ko‘rsatkichlari aniqlanishi va AES qurilishi loyihasining taxminiy muddatlari haqida gapirish mumkinligini e’tirof etgan. Atom elektr stansiyalari qurilishi uchun joy tasdiqlanganligini ham qo‘shimcha qilgan.

Yuqoridagi kabi bayonotlar asnosida AES qurilishi bo‘yicha loyiha aholi o‘rtasida keng muhokama etilyapti. Aksariyat fuqarolar buni energetika tizimida to‘planib qolgan qator muammolarning yagona yechimi ekanini ta’kidlasa, boshqalar masalaning ekologik xavfi to‘g‘risida mushohadalarga berilgan. Xo‘sh, AES qurilishi rostdan ham ekologiyaga xavf tug‘diradimi? Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish bo‘yicha imkoniyatlarimiz qanday? Shu va shu kabi masalalar bo‘yicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari - Ekoharakat deputatlik guruhi rahbari, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi raisi Boriy Alixonovning fikrlari bilan qiziqdik.

Stereotiplarni o‘zgartirish kerak

- Ayrim odamlarda stereotiplar bor, - dedi Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari. - Ya’ni kimningdir yoki nimaningdir ta’sirida shakllanib qolgan tushunchalar. Bunday insonlar atomni dahshatli, vajohatli, vayron qiluvchi kuch, deb tushunishadi. O‘sha ma’lum sonli odamlarning dunyoqarashini, fikrlashini o‘zgartirishimiz, ularda energiya manbalariga to‘g‘ri munosabat uyg‘otishimiz kerak. Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanishda xavfsizlikni ta’minlashning samarali mexanizmlari “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarda foydalanish to‘g‘risida”gi qonun loyihasida ham o‘z aksini topgan. Bundan tashqari, dunyoda vujudga kelayotgan energetik vaziyatga ochiq ko‘z bilan qarashimiz lozim. Hozir dunyoda yiliga 12 milliard tonna neft ekvivalentiga teng bo‘lgan energiya iste’mol qilinadi. Bu o‘rta hisobda har bir odam 2 tonna neftdan hosil bo‘ladigan energiya iste’mol qilishini anglatadi. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, shu ketishda dunyodagi neft-gaz zaxiralari 40-60 yilda tamom bo‘ladi. Ko‘mir zaxiralari esa 100-115 yilga yetishi bashorat qilinyapti.

Xavfsizlikka kafolat bor

Darhaqiqat, AESlar xavfsizligi - kun tartibidagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda bu loyihaga dabdurustdan, rejasiz kirishilgani yo‘q. Bir guruh deputatlar, mutaxassislar atom elektr stansiyalari faoliyatini o‘rganish uchun xorijiy mamlakatlarda bo‘lib qaytgan. Jumladan, Rossiyaning Novovoronej shahrida, Vengriyada, Yaponiyadagi Fukusima atom elektr stansiyalarida bo‘lib ayni holat ko‘rib chiqilgan. Novovoronejda bo‘lganimizda bolalardan to kattalargacha xizmat ko‘rsatuvchi Atom energetikasi axborot markazi bilan tanishdik. Bu yerda atom energetikasiga oid bilimlar oddiy, sodda tilda innovatsion usullar yordamida qiziqarli qilib tushuntirib beriladi. Biz O‘zbekistonda ham shunday axborot markazlarini tashkil etmoqchimiz. Turli davlatlardagi AESlar bilan yaqindan tanishib, hamma jarayonni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rganimizdan so‘ng bu energetik va ekologik jihatdan bezarar texnologiya ekaniga iqror bo‘ldik.

Reaktorda sodir bo‘layotgan reaksiya reaktorning ichida qoladi. 11 ta himoya qilish qobig‘i, muhofaza tizimlari bor. Bular stansiyada xavfsizlikni butkul ta’minlaydi. AES energiya samaradorligini oshirish, yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishish garovi bo‘lishi bilan bir qatorda energetik va ekologik xavfsiz resurs.

Ekologiyaga foydami yoki zarar?

AESdan foydalanish at­mosferaga karbonat angidrid gazi, is gazi, azot oksidla­ri va oltingugurt ajralib chiqishini istisno qiladi. O‘rtacha quvvatdagi IES har yili 20 million tonnadan ortiq karbonat an­gidrid gazi, 2 million ton­nagacha kul, jumladan, deyarli nazorat qilib bo‘lmaydigan uchar kul kabi atrof-muhit uchun o‘ta zararli chiqindilarni ajratib chiqaradi. Bunday quvvatdagi AES­dan foydalanganda esa 50 tonnagacha radioaktiv chi­qindi paydo bo‘ladi, ular to‘liq nazorat ostiga oli­nadi. Ko‘milib, qo‘riqlana­di. Ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi qoldiqlari, dunyoda shakllangan amaliyotga ko‘ra, uni tayyorlagan mamlakatga jo‘natiladi. IESdan chiqa­digan radioaktiv moddalar AESdan chiqadigan radioak­tiv moddalarga nisbatan 10-11 baravar ko‘p. AESdagi mazkur chiqindilar, asosan, kam yashaydigan radioaktiv inert gazlar hisobidan bo‘l­sa, IESdan ajralib chiqadi­gan chiqindilar uzoq yashovchi radioaktiv, yuqori darajada zaharli og‘ir metallardan tashkil topadi.

Qayta tiklanuvchi energiya e’tibordan chetda qolmaydi

Ammo bu AES qurilishi bilan O‘zbekiston energetika masalasidagi muammolardan butkul forig‘ bo‘ladi, degani emas. Oldimizda kelajak yoqilg‘isi hisoblangan qayta tiklanuvchi energiya resurslarini chuqur o‘zlashtirish, bu borada ilmiy tadqiqotlarni kuchaytirish singari muhim vazifa turibdi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda elektr va issiqlik energiyasini ishlab chiqarishda birlamchi yoqilg‘i sifatida asosan tabiiy gaz va boshqa an’anaviy uglevodorod yoqilg‘i turlaridan foydalaniladi. Lekin, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining (quyosh, shamol va biogaz energiyasi) mavjud yuqori imkoniyatlaridan amalda kam foydalanilmoqda.

O‘zbekistonda yiliga 320 kundan ko‘proq quyoshli kun bor. Quyoshdan energiya olish imkoniyati juda yuqori. Bugungi texnologiyalar bilan biz quyoshdan yiliga 182 million tonna neft ekvivalentidan ko‘proq hajmda energiya olishimiz mumkin. Bu hozir O‘zbekistonda iste’mol qilinayotgan energiya hajmidan qariyb uch baravar ko‘p demakdir. Quyosh - O‘zbekistonda eng optimal va samarali energiya manbasi hisoblanadi. Demak bu sohaning hali jadal rivojlanishi kutilmoqda. Qabul qilinayotgan qator davlat dasturlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar ham bundan dalolat.

DARVOQE...

AES qaerda quriladi?

“O‘zatom” agentligi matbuot xizmatining ma’lumot berishicha, 2018 yilning avgustidan shu yilning mart oyiga qadar AES qurilishi uchun ajratilgan taxminiy maydonlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi amalga oshirilgan. Xususan, mazkur yo‘nalishdagi ishlar Navoiy va Buxoro viloyatlarining To‘dako‘l suv ombori yaqinidagi 4 ta, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li atrofida joylashgan 3 ta maydonda olib borildi va AES qurilishi uchun maqbul joy sifatida Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinidagi maydon tanlangan.

Hozirgi kunda tanlangan maydonni tasdiqlash hamda litsenziyalash borasida muhandislik-tadqiqot ishlarining ikkinchi bosqichi davom ettirilmoqda.

Ulug‘bek IBODINOV,

Manba: «Mahalla» gazetasi

O'zA

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.