“Huawei” kompaniyasining Innovatsiyalar markazida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

25/04/2019 - 16:38 2156

Prezident Shavkat Mirziyoev “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumidagi ishtiroki doirasida “Huawei” kompaniyasining Tadqiqotlar va innovatsiyalar markaziga tashrif buyurdi.

“Huawei” kompaniyasining Innovatsiyalar markazida hamkorlik masalalari muhokama qilindi

“Huawei Technologies Co.Ltd.” kompaniyasi telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida dunyodagi yetakchi ishlab chiqaruvchilardan biridir. Kompaniya Gonkong kompaniyasining ofislar uchun avtomat telefon stansiyalari kommutatorlari ishlab chiqaruvchi hamkor sifatida tashkil topgan. 

Bugungi kunda “Huawei” 170 dan ortiq mamlakatda o‘zining filiallariga ega hamda AQShning telekommunikatsiya bozoridagi eng yirik ishlab chiqaruvchilari «HewlettPackard» (HP), «IBM», «Cisco» kompaniyalari bilan raqobatlashadi. Kompaniya tizimida 180 mingdan ortiq xodim, jumladan, Xitoy, AQSh, Germaniya, Turkiya, Hindiston, Shvesiya, Rossiya kabi davlatlardagi 20 ta ilmiy-tadqiqot markazida 80 mingga yaqin mutaxassis mehnat qiladi. 2018 yilda kompaniya 105,2 milliard dollar daromad ko‘rgan, shundan 8,7 milliard dollari sof foydadir.

Innovatsion axborot mahsulotlari va yechimlari, ma’lumot uzatish tizimlari, optik qurilmalar, routerlar, tarmoq uskunalari, ma’lumot markazlari, iste’molchilar uchun smartfonlar, planshetlar, kompyuterlar, maishiy elektr jihozlari ishlab chiqarish kompaniya faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi. 

2f57fb0d-a3ff-cf40-3d0f-be9880a55f84.jpg

Kompaniya, shuningdek, dunyodagi dasturiy mahsulot ishlab chiqaruvchi yirik konsernlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. “Huawei” shu kungacha Pokiston, Moldova, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklaridagi yirik shaharlarda transport oqimini boshqarish, videokuzatuv tizimi, ziyoratchilar xavfsizligini ta’minlash, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash markazlarini barpo etish bo‘yicha yuqori texnologik loyihalarni amalga oshirgan.

O‘zbekistonda “Huawei” kompaniyasi bilan birgalikda telekommunikatsiya tarmoqlarini kengaytirish, mobil aloqa operatorlari va provayderlari tarmoqlarini rivojlantirish, optik tolali aloqa liniyalari yordamida yuqori tezlikda ma’lumotlar uzatish texnologiyalarini ishga tushirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilgan. 

f60ddff6-fac9-d3f1-4d30-d783c31a4538.jpg

Kompaniyaning Pekindagi ko‘rgazmalar markazi oliy martabali mehmonlar tashrif buyuradigan muhim ob’ekt bo‘lib, bu yerda strategik yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik yuzasidan muzokaralar o‘tkaziladi. Markazda kompaniya strategiyasi, aloqa operatorlari va korporativ mijozlar uchun yechimlar, bulutli texnologiyalar, mahsulotlarning yangi avlodini yaratish ustida tadqiqotlar olib boriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoev dastlab “Huawei” kompaniyasining eng so‘nggi texnologik yechimlari va mahsulotlari namunalari bilan tanishdi.

“Huawei Technologies Co.Ltd” kompaniyasi asoschisi Jen Chjenfey bilan mamlakatimizda “Xavfsiz shahar”, “Elektron hukumat” va shoshilinch tibbiy yordam xizmatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

146bc32d-1a9d-d421-484c-86b7094d7e6b.jpg

Toshkent shahrida “Xavfsiz shahar” investitsiya loyihasini joriy etish orqali jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikni keskin kamaytirish, shahar infratuzilmasini rivojlantirish, aholi va turistlar uchun eng maqbul sharoitlarni yaratish ko‘zda tutilgan. “Elektron hukumat” loyihasi hukumat tuzilmalari o‘rtasidagi to‘siqlarni bartaraf etish va ularning ish samaradorligini oshirishni nazarda tutadi. Navbatdagi loyiha shoshilinch tibbiy yordam tizimi yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirishga qaratilgan bo‘lib, bu tezkor, sifatli xizmat ko‘rsatish imkonini beradi. 

“Huawei” kompaniyasi ushbu loyihalarning dizaynini ishlab chiqish, axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasini yaratish, davlat xizmatlari samaradorligini oshirish, katta hajmli ma’lumotlar bilan ishlashning turli yechimlarini tatbiq etish bo‘yicha loyihalarni ishlab chiqishda ulkan tajriba va salohiyatga ega.

Prezidentimiz sun’iy intellektga asoslangan mahsulotlarga yuqori baho berdi. Kompaniya bilan hamkorlikda mamlakatimizda amalga oshirilgan loyihalar, mutaxassislarni tayyorlash masalalari bilan qiziqdi. 

– Yangi texnologiyalarni jalb etishdan oldin ularni ishlatuvchi mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish juda muhim. Kompaniya bilan avvalo ushbu yo‘nalish bo‘yicha hamkorlik qilish, mamlakatimizda 5G texnologiyasini joriy etishni tezlashtirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoev.

Uchrashuv yakunida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

b5a60db0-fe42-6efe-0093-b61dd508912b.jpg

85bd7c18-c33e-31a8-ff17-7088160f2f8b.jpg

63bbe44d-c7d7-f16e-5313-a0b99dcb4b1d.jpg

109b86c8-7dcd-d09d-a387-b0f418a1a7ec.jpg

e4e0c13b-61c6-e011-afd6-3ed4aaa8c40c.jpg

34f16501-a0bf-8a59-5cd9-c9aca59e5fb7.jpg

Manba: O‘zA