O‘zbekistonda yana bir sement zavodi qurilmoqda

01/04/2019 - 17:21 1787

Andijon viloyati Buloqboshi tumanida xitoylik hamkorlar tomonidan yangi sement zavodining qurilish ishlari boshlab yuborildi.

Mamlakatimizda qurilish materiallari sanoatini yanada rivojlantirish, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirish hamda sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2017 yil 20 iyuldagi “Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida sement zavodi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ana shu ishlarning amaldagi ifodasidir.

Xitoyliklar bilan hamkorlikda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etish mahalliy xom ashyo asosida jahon talablari darajasida mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi. Bu borada Xitoyning sement sohasida kuchli 10 talikka kiruvchi “Zhejiang Shangfeng Building Materials Co., Ltd”, “Zhejiang Tongli Heavy Machinery Co., Ltd.” va “Beijing Triumph International Engineering Co., Ltd” kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur loyihaga asosan 2019 yil oxirigacha 15 million dollar o‘zlashtirish belgilangan.

Hozirda hamkorlarimizning texnikalari bilan ish boshlaganmiz, – deydi “Beijing Triumph International Engineering Co., Ltd” kompaniyasi direktor o‘rinbosari Sao Yu Bo. – Bugungi kunda O‘zbekiston hukumati kompaniyamiz tomonidan kirib keladigan texnikalarning muddat va bojxona imtiyozlarini ko‘rib chiqmoqda. Shu jarayonni oxiriga yetkazib, bu yilgi investitsiya miqdorini 55 million dollarga yetkazmoqchimiz. Andijon viloyati Buloqboshi tumani va Farg‘ona viloyati SHo‘rsuv shaharchasida olib borayotgan loyihalarni amalga oshirish natijasida sement miqdorini Farg‘ona vodiysida 4 million 200 ming tonnaga olib chiqishni rejalashtirganmiz.

Shuni alohida ta'kidlash kerak, Buloqboshi tumanida qurilayotgan yangi sement zavodi mukammal loyihalardan bo‘lib, u ekologik jihatdan ham xalqaro talablarga to‘la javob beradi. Mazkur sement zavodi qurilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi (o‘sha vaqtda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi)ning 2015 yil 27 noyabrda hamda 2017 yil 18 yanvarda ekologik davlat ekspertizasi xulosasi olingan bo‘lib, u atrof tabiiy muhit holatiga va fuqarolarning sog‘ligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmaydi. Ikkinchidan, ishlab chiqarish jarayoni davomida paydo bo‘ladigan atrof-muhitga zarar yetkazuvchi chiqindilarning salbiy ta'sirini yo‘qotish maqsadida bu yerda o‘rnatilayotgan texnologiyalar eng so‘nggi rusumdagisi bo‘lib, havoga hech qanday chang chiqarmaydi, ekologiyani buzmaydi. Mazkur qo‘shma korxonaga o‘rnatilayotgan havo tozalash filtrlarini o‘ziga 12,5 million dollardan ortiq mablag‘ sarf etilayotgani ham uni ekologik jihatdan puxta loyiha ekanligini bildiradi.

Manba: O‘zA