Tovar xomashyo birjasida birinchi marta qimmatbaho metallar sotila boshlandi

26/03/2019 - 12:23 1371

O‘tgan haftada “O‘zRTXB” AJda qimmatbaho metallar bo‘yicha ilk bitimlar imzolandi. 2019-yil 18-20-mart kunlari o‘tkazilgan birja savdolari davomida umumiy qiymati 192,6 mln so‘mga teng 46,5 kg kumush sotildi.

O‘tkazilgan savdolar natijalariga ko‘ra kumushning haftalik birja kotirovkasi 1 gramm uchun 4 142,56 so‘mni tashkil qildi. Birja savdolarida sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar ishtirok etdilar. 

Ayni vaqtda ichki birja bozorda qimmatbaho metallarni sotish bo‘yicha ikkita shartnoma ochilgan. Xususan, birja kotirovkalash varag‘iga kumush quymasining 500 gramm lotlik Ag-1 markasi va oltin quymasining 100 gramm lotlik Au-1 markasi uchun shartnomalar kiritilgan. Birja savdolariga kumushning kunlik qo‘yilish hajmi 15,5 ming grammni, oltinning kunlik hajmi – 2,6 ming grammni tashkil qiladi. Qimmatbaho metallarni yetkazib berish sharti – “Olmaliq KMK” AJ omborlaridan EXW (o‘zi olib ketish) ko‘rinishida.

Qimmatbaho metallarning boshlang‘ich narxi London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining so‘nggi tonggi fiksingiga asosan O‘zbekiston milliy valutasida belgilanadi. Xaridorlar Hisob-kliring palatasidagi o‘z hisob raqamlariga birja bitimining mo‘ljallanayotgan summasining 1 foizi miqdoridagi zakalatni o‘z ichiga olgan avansni kiritadilar.

Eslatib o‘tamiz, qimmatbaho metallar O‘zRTXB birja savdolarida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 1-martdagi №186-sonli “O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi” AJ birja savdolarida qimmatbaho metallarni sotish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida sotila boshladi.

Savdolarda ishtirok etish uchun zargarlik va boshqa buyumlarni ishlab chiqaruvchilar birjaga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan beriladigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani taqdim etishlari kerak. 

Manba: Kun.uz