Har bir murojaat zamirida inson taqdiri mujassam

05/03/2019 - 16:51 3208

Mamlakatimizda  taraqqiyot strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan yangilanishlar, islohotlar jamiyatimizning barcha sohalarida, jumladan iqtisodiyotda ham izchil davom etmoqda. Bu ijobiy o‘zgarishlar so‘nggi yillarda fuqarolarning, ayniqsa tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, odamlarni qiynayotgan turli muammolarni hal etish, aholining iqtisodiy madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlarda tobora namoyon bo‘lib bormoqda.

Bu borada, boshqa davlat organlari va tashkilotlari qatorida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tizimida ham jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimli yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu tizim tegishli Nizom talablari asosida amalga oshirilib kelinmoqda.

Misollarga murojaat etaylik. O‘tgan 2018-yil davomida vazirlikka jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan jami 1181 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, bu 2017-yilga nisbatan 4,1 foizga kamayganligini ko‘rsatmoqda.

Jami murojaatlarning 338 tasi to‘liqligicha  qanoatlantirilgan va 827 ta murojaat bo‘yicha murojaatlar mazmunidan kelib chiqib huquqiy tushuntirishlar berilgan. Shuningdek, 5 ta murojaat murojaatchining ismi sharifi, yashash manzili ko‘rsatilmaganligi sababli O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 3 va 29-moddalariga asosan anonim deb topilib rad etilgan.

- O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuni mazmun-mohiyati bo‘yicha xodimlarga muntazam tushuntirish ishlarini olib boramiz, - deydi Davron Xajiyev, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari bilan ishlash bo‘lim boshlig‘i. - Murojaatlarni ko‘rib chiqishda qonun talablariga amal qilmagan, tegishli tartibda o‘rganish muddati buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas'ul xodimlarga nisbatan muntazam ravishda belgilangan tartibda jazo qo‘llanib borilmoqda. Masalan, o‘rganish natijalari bo‘yicha jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ish yuritishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi va o‘z xizmat vazifasiga mas'uliyatsizlik bilan yondoshganligi uchun 2 ta xodim egallab turgan lavozimidan ozod etildi, 3 ta xodimga nisbatan esa intizomiy chora sifatida “hayfsan” berildi.

Yana shuni ta'kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan 2018-yil reja-jadvali asosida Iqtisodiyot vazirligi rahbariyatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jismoniy va yuridik shaxslarni qo‘shimcha sayyor qabul qilish jadvaliga muvofiq jami 32 ta sayyor qabullar o‘tkazilib, 111 ta jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining masalalari ko‘rib chiqilib tegishli bayonnomalar bilan rasmiylashtirildi va ularning ijrosi nazoratga olindi. Shuningdek, vazirlik rahbariyati tomonidan hisobot davrida 47 nafar jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari shaxsan qabul qilingan bo‘lib, ularning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalarni hal etish choralari ko‘rildi.

Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali 299 ta, 234 ta og‘zaki, 596 ta yozma va 61 ta elektron murojaatlar kelib tushgan va ko‘rib chiqilgan bo‘lib, eng ko‘p murojaatlar asosan narx-navoni barqarorlashtirish, soliq va bojxona tariflari masalasi va iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha takliflar mazmunidagi murojaatlardan tashkil topgan.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash jarayonida vazirlik mas'ul xodimlari tomonidan murojaatlarning mazmunidan kelib chiqib chuqur tahlil qilgan holda, o‘z vakolatlari doirasida javob xatlarini muddatlaridan kechiktirmasdan va sifatli tayyorlashlari va takroriy murojaatlar bo‘lishining oldini olishlariga katta e'tibor qaratilgan.

Hududlar kesimida tahlil etilganda, murojaatlarning asosiy qismi Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro va Qashqadaryo  viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo‘limining ish rejasi asosida bo‘lim xodimlari tomonidan viloyatlar va Toshkent shahar bosh boshqamalarida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ish yuritilishining to‘g‘ri tashkil etilganligi hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida o‘rganishlar o‘tkazilgan va tegishli tavsiyalar berilgan.

Vazirlik rahbariyati tomonidan jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish va ularning murojaatlari ijrosini o‘z vaqtida, sifatli bajarilishini ta'minlashga katta e'tibor qaratib kelinmoqda, ya'ni murojaatlarning ijrosi to‘g‘risidagi masalalar haftalik apparat yig‘ilishlarida, oy va chorak yakunlari bo‘yicha o‘tkaziladigan hay'at yig‘ilishlarida muhokama qilib borilayotir.

Vazirlik tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bo‘yicha ishlarni tashkil etish yuzasidan 2019 yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar Dasturi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lib, har bir murojaatning ijrosini o‘z muddatida ta'minlashga katta e'tibor qaratilishi belgilangan.

Fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, aholining davlat organlari va xo‘jalik boshqaruvi organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirishdan asosiy  maqsad aholining jadal va izchillik bilan olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yanada samarali bo‘lishiga munosib hissa qo‘shishdir.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Axborot xizmati