"Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi

27/02/2019 - 11:18 3227

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-sonli “O‘zbekiston Respublikasi davlat boshqaruviga raqamli iqtisodiyot, elektron hukumat hamda axborot tizimlarini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq Loyiha boshqaruvi milliy agentligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda joriy yil 1 mayga qadar "Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasining ishlab chiqilishini ta'minlashi belgilangan.

"Elektron hukumat" tizimini rivojlantirish konsepsiyasi loyihasida quyidagi:

elektron hukumatning davlat, aholi va biznesning samarali o‘zaro hamkorligini, shuningdek, jahonning raqamli makoniga integratsiyalashuvini ta'minlash bo‘yicha yagona milliy tizim sifatidagi maqsadli ahamiyatini belgilash;

"Elektron hukumat" tizimining tarkibi va tuzilmasini, uni yaratish shartlari va arxitekturasining konseptual asoslarini, jumladan tashkiliy, funksional, texnik tuzilmasini, shuningdek, asosiy raqamli aktivlar ro‘yxatini aniq belgilash;

elektron hukumatni yaratishning asosiy prinsiplari va funksional vazifalarini, elektron hukumat imkoniyatlaridan foydalangan holda raqamli transformatsiyaga erishishning aniq ko‘rsatkich va indikatorlarini belgilash;

elektron hukumatni yaratishning huquqiy va tashkiliy-texnik choralarini, jumladan raqamli transformatsiya jarayonlarini tadqiq etish metodologiyasiga, ularning o‘zaro muvofiqligiga, axborot sohasida birgalikdagi hamkorlik, ma'lumotlar almashish protokollari va formatining o‘zaro mosligiga doir talablarni belgilash;

shaxsiy ma'lumotlarni himoya qilish bo‘yicha talablarni hisobga olgan holda axborotni yig‘ish, qayta ishlash, to‘plash, saqlash va uzatishda axborot xavfsizligini ta'minlash;

"Elektron hukumat" tizimini yaratish va joriy etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish mexanizmlari va bosqichlarini nazarda tutish;

"Elektron hukumat" tizimini joriy etishda uning samaradorligi va shaffofligini oshirishni ta'minlaydigan, jumladan loyihalar bo‘yicha yagona milliy distribyutorni tashkil etish orqali yaxlit jarayonni (ishlab chiqish, loyihalashtirish, kelishish, loyihalar bo‘yicha tovarlar, ishlar, xizmatlar xarid qilish, shuningdek, ularni foydalanishga topshirishning yagona tizimini) barpo etish;

Loyiha boshqaruvi milliy agentligi negizida boshlang‘ich loyiha sifatida elektron raqamli imzo infratuzilmasining namunaviy elementini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish hamda boshqa shu kabi muhim masalalar o‘rin olishi ko'zda tutilgan.