Oʻzbekiston biznes yuritish boʻyicha zarur choralarni amalga oshirmoqda

27/02/2019 - 09:30 1536

Oʻzbekiston 2022 yilgacha Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” hisobotidagi jahon mamlakatlarining birinchi yigirmataligi darajasiga mos keladigan eng qulay shart-sharoitlarni yaratishga intilmoqda.

Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2018 yil 13 iyuldagi “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingini yanada yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorida oʻz ifodasini topgan.

Qayd etish kerakki, soʻnggi 5 yil davomida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida Oʻzbekiston Respublikasining reytingi 2 baravardan ortiq yaxshilandi. Oʻzbekiston jahonning 190 mamlakati orasida 2012 yildagi 166-oʻrindan 2017 yilda 74-oʻringa koʻtarilib, biznes yuritish uchun eng qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish koʻrsatkichi boʻyicha islohotchi mamlakatlarning birinchi oʻntaligidan joy oldi.

Poytaxtimizda boʻlib oʻtgan Jahon bankining “Biznes yuritish” hisobotidagi “Kontraktlar ijrosini taʼminlash” indikatori boʻyicha Oʻzbekistondagi islohotlarga bagʻishlangan seminarda shu haqda soʻz yuritildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Savdo-sanoat palatasi, Prezident huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) va BMT Taraqqiyot dasturining “Oʻzbekistonda qonun ustuvorligi yoʻlida hamkorlik” loyihasi xodimlari, tadbirkorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda kontraktlar ijrosini taʼminlash bilan bogʻliq holatlar tahlil etildi. Bu jarayonda vaqt, sarf-xarajatlar, sud jarayoni sifati (shu jumladan, sud tizimi va majlisi, ishlarning koʻrib chiqilishi, sudlarning avtomatlashtirilishi) kabi masalalar sud tizimida qanday hal etilganligiga alohida eʼtibor qaratildi.

2018 yil may oyida eʼlon qilingan Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotiga koʻra, Oʻzbekiston “Kontraktlar ijrosini taʼminlash” indikatori boʻyicha 67,26 ball koʻrsatkichi bilan 190 davlat ichida 41-oʻrinni egalladi.

Davlatimiz rahbarining yuqorida nomi zikr etilgan qarorida kontraktlar ijrosini taʼminlash sohasida bir qator chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlov hayʼati raisining oʻrinbosari Qobiljon Komilov, USAIDning Oʻzbekiston boʻyicha direktori Gari Robbins Oʻzbekistonda islohotlar samaradorligini oshirish, xalqaro hamjamiyatda mamlakatning ijobiy qiyofasini shakllantirish boʻyicha izchil ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.

Oliy sud tomonidan qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”da belgilangan tadbirlarni amaliyotga joriy etishga kirishildi. Iqtisodiy sudlarda ishlarni yuritishga doir statistik maʼlumotlar, xususan, iqtisodiy ishlarni koʻrish davomiyligi haqidagi, shuningdek, iqtisodiy sudlarga kelib tushgan daʼvo arizalar va koʻrib hal etilgan ishlar haqidagi statistik maʼlumotlarni Oliy sud rasmiy veb-saytida joylashtirib borish yoʻlga qoʻyildi. Foydalanuvchilarga zarur maʼlumotlarni oson topishi uchun qulaylik yaratish maqsadida Oliy sud rasmiy sayti bosh sahifasida “Statistika” rukni joylashtirildi.

Barcha foydalanuvchilar, shu jumladan, sudyalar va ishda ishtirok etuvchi shaxslar foydalanishlari mumkin boʻlgan elektron tizim yaratilib, Oliy sud rasmiy veb-saytidagi interaktiv xizmatlar yordamida sud amaliyoti umumlashmalari va obzorlari, sudga taqdim etiladigan murojaatlar namunalarini olish, sudning ish yurituvida boʻlgan barcha ishlar boʻyicha sud majlislari jadvali (ish koʻriladigan sana, masʼul sudya, ish raqami va boshqalar aks ettirilgan) haqidagi maʼlumotlarni avtomatik ravishda olish imkoniga ega boʻlishdi.

Shuningdek, iqtisodiy sudlarga murojaatlarni elektron tarzda taqdim etish, mazkur elektron murojaatlar yuzasidan olib borilgan protsessual harakatlar, ularning borishi hamda natijalarini kuzatib borishni taʼminlaydigan E-XSUD axborot tizimi ishlab chiqildi. Har qanday manfaatdor shaxsga oʻzining buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlarini yoxud qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilish uchun daʼvo arizasini (arizani), shikoyatni (protestni), murojaat va unga ilova qilinadigan hujjatlarni iqtisodiy sudga elektron hujjat tarzida yuborish imkoniyati yaratildi.

Oliy sudning rasmiy saytida “Sud qarorlari toʻplami” deb nomlangan alohida interaktiv menyu joylashtirilgan boʻlib, mazkur interaktiv xizmat sud ishlarini yuritish elektron tizimi bilan integratsiya qilingan va hozir istalgan foydalanuvchi Oliy sudning rasmiy saytida joylashtirib borilayotgan qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlari bilan erkin tanishishi mumkin.

Seminarda soʻzga chiqqan Oliy sud sudyasi B.Sayfullayev, Oliy sudining AKT va axborot xavfsizligini taʼminlash boshqarmasi boshligʻi B.Ochilov kontraktlar ijrosini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, sud ishtirokchilari uchun yaratilgan interfaol xizmatlar hamda sudlar faoliyatida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi haqida batafsil maʼlumot berdi.

Seminar ishtirokchilari mavzu yuzasidan mulohazalar bildirdi. Taklif va tavsiyalarni joriy etish bilan bogʻliq masalalar muhokama etildi.

Manba: OʻzA