Elektr energetikasi sohasini yanada isloh qilish vazifalari belgilandi

21/02/2019 - 09:14 1987

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni elektr energetikasi tarmogʻida investitsiya loyihalarini amalga oshirish va sohani rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Elektr energetikasi iqtisodiyot rivoji, hayot sifatini taʼminlaydigan asosiy manbalardan biri. Bu tarmoqda qator kamchiliklar mavjudligi belgilangan islohotlarni samarali amalga oshirish va mamlakatimizni innovatsion rivojlantirishga xalaqit qilayotgan edi.

Shu bois, Prezidentimizning 2019 yil 1 fevraldagi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tashkil etildi. Unga elektr energetikasi hamda neft-gaz sohasidagi muammolarni bartaraf etish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat aholisini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash boʻyicha katta vakolatlar berildi.

2019 yilgi Investitsiya dasturiga elektr energiyasi tizimi boʻyicha umumiy qiymati 8,1 milliard dollarlik 33 ta loyiha kiritilgan. Joriy yil qariyb 620 million dollar oʻzlashtirilib, 7 ta yirik loyiha ishga tushirilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari ushbu investitsiya loyihalarini sifatli amalga oshirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha topshiriqlar berdi.

Masalan, xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi “Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasidan Xorazm – Sarimoy punktigacha 220 kilovoltli elektr liniyalarini tortish”, “Yuqori kuchlanishli podstansiyalarni modernizatsiya qilish”, “Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihalarini amalga oshirish muddatlari kechikkan. Shu bois, Energetika vazirligi va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro moliya tashkilotlari mablagʻlarini toʻliq oʻzlashtirish, loyihalarni oʻz vaqtida bajarib, mablagʻlarni iqtisod qilish vazifasi qoʻyildi.

Elektr energiyasi quvvatlarini modernizatsiya qilish ishlari talab darajasida emasligi qayd etildi. Tarmoqda investitsiya siyosati notoʻgʻri tashkil etilgani, yaʼni toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilishga umuman eʼtibor qaratilmagani tanqid qilindi. Buning oqibatida korxonalar qarz olish yoki loyihalarni oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshirishga majbur boʻlmoqda.

Prezidentimiz sohadagi muhim yoʻnalishlarni belgilab berdi. Xususan, davlat-xususiy sheriklik asosida muqobil energetikani rivojlantirish, bunday loyihalarga chet el investitsiyalari jalb etish imkoniyati katta ekani taʼkidlandi.

Hozirda yurtimizda quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish boʻyicha Turkiyaning “Yildirim grup”, Birlashgan Arab Amirliklarining “Mazdar” jamgʻarmasi va Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan ish olib borilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga umumiy qiymati 2,5 milliard dollarlik 13 ta istiqbolli loyiha boʻyicha xorijiy hamkorlarni aniqlash, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha manzilli “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqish topshirildi. Sohada davlat-xususiy sheriklikni joriy etish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni keng jalb qilish uchun xususiy ishlab chiqaruvchilardan elektr energiyasi sotib olish tartibi va tariflarini belgilash zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, debitor qarzdorlikni kamaytirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.

Elektr energiyasini eksport qilish boʻyicha mamlakatimizning tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, Surxon – Puli – Xumri tarmogʻini qurishni tezlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 fevraldagi qarorida “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatini qayta tashkil etish boʻyicha qaror loyihasini tayyorlash belgilangan edi. Davlatimiz rahbari bu qarorda ishlab chiqaruvchi – yetkazib beruvchi – taqsimlovchi vazifalardan kelib chiqib, korxonalar funksiyasini aniq ajratish, sohaga bozor munosabatlari, jumladan, davlat-xususiy sheriklikni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisoboti tinglandi.

Manba: OʻzA