Urbanizatsiya dasturi: maqsad, vazifalar va kutilayotgan natijalar

22/01/2019 - 19:13 3456

O‘zbekistonda beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida jahon amaliyotini hisobga olgan holda mamlakatda yuqori iqtisodiy o‘sish sur'atlarini ta'minlovchi yangi instrumentlar va mexanizmlar yanada kengroq qo‘llanilmoqda. Ular qatoriga faol davlat urbanizatsiya siyosatiga o‘tishni kiritish mumkin.

«Urbanizatsiya» so‘zi lotin tilida shahar ma'nosini anglatib, mamlakat (mintaqa) aholisi tarkibidagi shahar aholisining salmog‘i orqali o‘lchanadi. Urbanizatsiya jarayonlarining asosiy natijalari quyidagilar bilan bog‘liq:

- barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta'minlash;

- aholi turmushining sifati yaxshilash va darajasini ko‘tarish; 

- uy-joy, ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilma ob'yektlari qurilishini keng miqyosda amalga oshirish;

- yer uchastkalaridan samarali foydalanish;

- shaharlarni iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik omillar, mavjud shart-sharoitlarni hisobga olgan holda kompleks rivojlantirish;

- industrial-innovatsion rivojlanishning ustuvor vazifalarini hal etish va raqamli iqtisodiyotni qo‘llash;

- katta, o‘rta va kichik shaharlar rivojlanishini maqbullashtirish;

- shahar aglomeratsiyalari orqali ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishning samarali shakllarini tatbiq etish;

- shaharlarda sanoat zonalari, texnoparklar, innovatsiya markazlari tashkil etish.

Urbanizatsiya jarayonlarini tartibga solish bo‘yicha jahon amaliyotining tahlili va undan chiqadigan xulosalar shuni ko‘rsatadiki, Yaponiya, Koreya Respublikasi, Xitoy, Singapur, Hindiston va boshqa mamlakatlarda aniq maqsadga yo‘naltirilgan urbanizatsiya siyosati faol sanoatlashuv, shaharlarni kompleks rivojlanishini rag‘batlantirish, mavjud salohiyatdan samarali foydalanish, aholi turmush sharoitini izchil oshirib borish, doimiy va barqaror ish o‘rinlarini yaratish, yer islohotlarini amalga oshirish va yer uchastkalari bozorini shakllantirish kabi qator chora-tadbirlar bilan uyg‘unlikda olib borilgan. Ko‘pgina boshqa mamlakatlarda iqtisodiy o‘sish va ijtimoiy taraqqiyotning muhim omili bo‘lgan urbanizatsiyaning barqaror rivojlanish tendensiyasi kuzatilmoqda.

Amalga oshirilgan tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, urbanizatsiya darajasining 1 foizga ortishi aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot ko‘rsatkichining Xitoyda 10 foizga, Hindistonda esa 13 foizga o‘sishini ta'minlagan.

BMT prognoz hisob-kitoblariga ko‘ra, jahonda shahar aholisining ulushi 2018 yildagi 55,3 foiz o‘rniga, 2030-yilga borib 60,4 foizga yetadi. Shahar aholisining nisbatan yuqori o‘sish sur'atlari rivojlanayotgan mamlakatlarda ham kuzatiladi. Mazkur mamlakatlarda bu jarayon asosan qishloq aholisining shaharlarga ko‘chishi va shahar aholisi tabiiy o‘sishi bilan bog‘liq.

Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda shaharlar rivojlanishi bo‘yicha muayyan ishlar amalga oshirildi. Shahar aholisining salmog‘i 1991-yildagi 40,3 foiz o‘rniga 2018-yilga kelib 50,6 foizga o‘sdi. Bunday o‘sish sur'atlariga asosan ma'muriy o‘zgarishlar, ya'ni 2009-yilda mingga yaqin qishloq aholi punktlarining shahar posyolkalariga aylantirilishi hisobiga erishildi.

Shu bilan birga, urbanizatsiya jarayonlarida qator nomutanosibliklar kuzatilmoqda:

- urbanizatsiya darajasi bo‘yicha mamlakatimizning jahonda tutgan o‘rni past. BMT xalqaro reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha O‘zbekiston 2018-yilda ushbu yo‘nalishda 233 mamlakat orasida 155-o‘rinni egalladi. Vaholanki, bu sohada dunyodagi o‘rtacha ko‘rsatkich 55,3 foiz bo‘lib, u Rossiyada 74,4 foizni, Turkiyada 75,1 foizni, Qozog‘istonda 57,4 foizni, Turkmanistonda 51,6 foizni tashkil etadi;

- oxirgi 10 yil mobaynida (2009-2018-yy.) mamlakatimizda urbanizatsiya darajasi 51,7 foizdan 50,6 foizga kamaydi. Xorazm (33,3%), Surxondaryo (35,5%), Buxoro (37,4%) va Samarqand (37,4%) viloyatlarida urbanizatsiya darajasi ayniqsa past;

- 2012-yildan hozirga qadar shaharlar soni o‘zgarmadi (119 ta) va ularda 10,1 mln. kishi istiqomat qiladi. Mamlakat shaharlar tarmog‘ining asosini kichik shaharlar (jami shaharlar tarkibidagi ulushi 68,4 foiz) tashkil qiladi va ularning jami shahar aholisidagi ulushi 20,5 foizga teng. Shaharlar rivojlanishining o‘ziga xos jihatlaridan yana biri shundaki, shahar aholisining deyarli ¼ qismi (24,2%) poytaxt - Toshkent shahrida istiqomat qiladi. O‘tgan davr ichida 6,4 mln. kishi (38,7%) istiqomat qiladigan shahar posyolkalari soni 1065 tadan 1071 taga ko‘paydi. Shahar posyolkalari sonining juda ko‘pligi ham O‘zbekistonda shaharlar tarmog‘ining o‘ziga xos jihati sifatida talqin qilinishi mumkin;

- ko‘pgina kichik shaharlar va shahar posyolkalari ma'muriy usullar orqali tuzilgan bo‘lib, ular shaharsozlik talablariga to‘la javob bermaydi. Amalda aholi qishloq xo‘jalik mehnati bilan band, ularning turmush tarzi esa qishloqqa xos. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, bunday toifadagi shaharlar uchun ularning ma'lum bir sohaga chuqur ixtisoslashganligi, ishsizlikning yuqori darajasi, ishlab chiqarish va infratuzilma ob'yektlarining eskirganligi, transport kommunikatsiyalari va xizmat ko‘rsatish sohalari holatining qoniqarsizligi, moliyaviy mablag‘lar va malakali xodimlarning yetishmasligi kabilar xosdir;

- 2012-2018-yillarda shahar aholisi soni 1,4 mln. kishiga yoki 9,2 foizga ortdi (shu davrda qishloq aholisi mos ravishda 1,7 mln. kishi va 11,9 foizga ko‘paydi). Aholining tabiiy harakati (102,0%), migratsiya (-13,4%) va ma'muriy-hududiy o‘zgarishlar (11,4%) shahar aholisi soni o‘sishida asosiy omil bo‘lib xizmat qilgan.

Yurtimizda urbanizatsiyaning mazkur holatda shakllanishiga quyidagilar sabab bo‘lgan:

- asosan qazib chiqaruvchi sanoatga yo‘naltirilgan yirik investitsiya loyihalari shaharlar sanoatlashuviga ijobiy ta'sir ko‘rsatgani yo‘q;

- qishloq aholisi harakatchanligining pastligi va tashqi mehnat migratsiya darajasining yuqoriligi;

- shaharlarni kompleks va barqaror rivojlantirishga yo‘naltirilgan maqsadli urbanizatsiya siyosatining mavjud emasligi;

- shaharsozlik sohasida ishlab chiqilayotgan hujjatlar va me'yoriy-huquqiy bazaning zamon talablariga mos kelmasligi;

- sanoat va infratuzilma ob'yektlari barqaror rivojlanishini ta'minlash uchun mahalliy moliyaviy resurslar va shahar hokimliklari vakolatlarining cheklanganligi;

- iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida yuqori malakali mutaxassislar va ishchilarning yetishmasligi;

- har bir shahar bo‘yicha uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish strategiyalarining mavjud emasligi;

- mahalliy hokimiyat organlari tomonidan shahar aholisining talab va ehtiyojlarining e'tiborga olinmasligi.

- investitsiya loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish chog‘ida alohida toifadagi shaharlar uchun xos bo‘lgan xususiyatlarni yetarlicha hisobga olinmasligi;

- shaharlar, ayniqsa katta va yirik shaharlar aholisi sonini hisobga olish bo‘yicha statistik hisobotlarda xatoliklarning mavjudligi va h.k.

Barqaror rivojlanishni ta'minlashning yangi omili sifatida mavjud nomutanosibliklar va tizimli muammolarni bartaraf etish, urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasida mamlakatimizda urbanizatsiya darajasini 2030-yilgacha 60 foizga yetkazish vazifasini strategik maqsad sifatida belgilab berdilar. Ushbu vazifani bajarish uchun mamlakatda davlat tomonidan urbanizatsiyani maqsadli tartibga solish va shaharlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar va kompleks chora-tadbirlarni ko‘zda tutuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Urbanizatsiya jarayonlarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi (2019-yil 10-yanvar).

Mutlaqo yangi uy-joy siyosatini amalga oshirish asosida urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish, bunda aholi punktlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalar bilan ta'minlanganligiga e'tibor qaratish; jismoniy va yuridik shaxslar uchun turar joy va noturar joy bino va inshootlar ostidagi yer uchastkalariga egalik qilish huquqini amalga oshirishni kafolatlash, yer uchastkalarini fuqarolik muomalasiga kiritish uchun shart-sharoitlar yaratish; migratsiya jarayonlarini ma'muriy tartibga solish tizimini takomillashtirish yo‘li bilan aholining qishloq joylardan shaharlarga erkin harakatlanishi uchun shart-sharoitlar yaratish; aglomeratsiyalarning afzalliklaridan foydalanishni nazarda tutgan holda o‘rta shaharlarni, shu jumladan, tuman markazlarini boshqarishda ilg‘or xalqaro tajribani keng joriy etish; yo‘ldosh-shaharlar tarmog‘ini kengaytirish, yirik shaharlarning markaziy qismida sanoat va boshqa zonalar hududlarini qisqartirgan holda ishbilarmonlik va xizmat ko‘rsatish zonalari hududlarini kengaytirish urbanizatsiya jarayonlarini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari sifatida qayd etildi.

Tabiiyki, urbanizatsiya siyosatini samarali qo‘llash uchun uning aniq mexanizmlari va amalga oshirish yo‘llari ishlab chiqilishi zarur. Bunda eng avvalo, ushbu yo‘nalishda yangi me'yoriy-huquqiy hujjatlarni (“Noqishloq xo‘jalik ahamiyatidagi yer uchastkalarini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi) ishlab chiqish hamda Yer, Shaharsozlik, Uy-joy Kodekslari va boshqa mavjud qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish orqali amalga oshiriladi.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonining ijtimoiy-siyosiy ahamiyatini va o‘ziga xos murakkabliklarini e'tiborga olib, bu jarayonlarni tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ular hukumat tomonidan qabul qilinishidan avval umumxalq muhokamasiga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Shu o‘rinda bir muhim jihatni e'tiborga olmoq zarur bo‘ladi. Buni shoshma-shosharlik bilan qilib bo‘lmaydi, yetti marta o‘lchab bir marta kesish kerak. Qaror qabul qilingunga qadar, bino va inshootlar ostidagi hamda ularga yaqin joylashgan yer uchastkalarining bozor qiymatini aniqlash va xususiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi xorijiy davlatlar tajribasini chuqur o‘rganish va tahlil qilish lozim bo‘ladi.

Faol urbanizatsiya siyosatini amalga oshirish maqsadida quyidagi asosiy tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlardan foydalanish ko‘zda tutilgan:

- O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga qadar urbanizatsiya Konsepsiyasini ishlab chiqish;

- strategik rejalashtirish, mamlakat, mintaqalar va shaharlarning uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish prognozlari, aholini joylashtirishning Bosh sxemasi, infratuzilma ob'yektlarini joylashtirish va rivojlantirish Sxemalari, shaharlarning bosh rejalariga oid hujjatlar to‘plamini yagona tizim sifatida ishlab chiqish;

- urbanizatsiyani tartibga solish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, alohida yo‘nalishlar bo‘yicha shaharlarning kompleks rivojlanishiga mas'ul turli vazirliklar, idoralar va mahalliy davlat organlari, jumladan ilmiy va loyiha-tadqiqot ta'minoti bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida urbanizatsiya agentligini tashkil etish;

- urbanizatsiya jarayonlarida yetakchilik bo‘ladigan istiqbolli qishloq aholi punktlari, shahar posyolkalari va kichik shaharlarni (xatlab) hamda mintaqalar iqtisodiyoti barqaror rivojlanishida o‘sish nuqtalari bo‘la oladigan o‘rta va yirik shaharlar aniqlash;

- urbanizatsiya jarayonlari uy-joy qurilishi bilan bog‘liq bo‘lishi bilan birga, raqamli texnologiyalarni qo‘llagan holda shaharlarni industrial-innovatsion rivojlantirishga e'tibor qaratiladi, shaharlarda sanoat korxonalarini ularning salohiyatidan kelib chiqib oqilona joylashtirish, alohida toifadagi shaharlar kesimida investitsiya dasturlari va loyihalar aniqlashtirish;

- shahar aglomeratsiyalari shakllanishini tartibga solishga yo‘naltirilgan Toshkent shahri, viloyat markazlari atrofida yo‘ldosh-shaharlarni barpo etish mo‘ljallangan;

- eng istiqbolli shaharlarga - iqtisodiy rivojlanishning yetakchisi mavqeini berish va ular uchun ishlab chiqarish va ijtimoiy ob'yektlarni joylashtirish uchun qulay investitsiya muhiti va shart-sharoitlarni yaratish, yer uchastkalari bozorini shakllantirish, maqsadli moliya mablag‘larini yo‘naltirish;

- shaharlar barqaror rivojlanishini ta'minlash maqsadida mavjud tabiiy-iqtisodiy salohiyatdan, byudjet va byudjetdan tashqari manbalardan hamda yangi tashkil etilgan urbanizatsiya jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanish evaziga shahar hokimliklari mustaqilligi va mas'uliyatini ta'minlash chora-tadbirlarini ko‘rish;

- urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish maqsadida mavjud va tashkil etish ko‘zda tutilayotgan erkin iqtisodiy zonalar, ayniqsa kichik sanoat zonalari imkoniyatlaridan samarali foydalanish;

- xalqaro standartlar va reytinglar bilan uyg‘unlashtirgan holda shahar aholisi sonining statistik hisobini yuritishni takomillashtirish kabilar.

Umuman, O‘zbekistonda urbanizatsiya jarayonlarini faollashtirish iqtisodiy rivojlanishning yangi manbalari va imkoniyatlarini ochib beradi, aholi turmush sharoitining sezilarli darajada yaxshilanishiga olib keladi.

Tursun AHMEDOV, 
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari.