Mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanchi

24/11/2018 - 14:52 3719

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va Navoiy shahrining 60 yillik tantanalari keng nishonlanmoqda. 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 18-oktyabrdagi “Navoiy shahri va “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tashkil topganligining 60 yilligini keng nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori asosida viloyatda turli xalqaro anjuman va tadbirlar oʻtkazilmoqda. 

Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy nomi bilan ataluvchi viloyat yer osti va yer usti tabiiy boyliklari, ulkan iqtisodiy salohiyatga ega. Viloyat markazi esa yurtimizning navqiron va goʻzal shaharlaridan biridir. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan viloyatda kon-metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati jadal rivojlanmoqda. 

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tarixi 1958-yil Qizilqum mintaqasida qimmatbaho metallarni qazib olish uchun moʻljallangan kombinat qurilishi bilan bogʻliq. Hududning yer osti boyliklarini aniqlashda mashhur olim, akademik Habib Abdullayevning ilmiy izlanishlari muhim ahamiyatga ega. Xalqimizning otashqalb farzandi Sharof Rashidovning Zarafshon vohasida Navoiy kon-metallurgiya kombinatini tashkil etish, bepoyon sahro bagʻrida Navoiy, Zarafshon, Uchquduq singari koʻrkam shaharlarga asos solinishidagi fidoyiligi tufayli ular bugun mamlakatimiz iqtisodiy taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Mustaqilligimiz sharofati bilan kombinat oʻtgan tarixan qisqa, ammo zalvorli davrda oʻzining ishlab chiqarish quvvatlarini yil sayin oshirib, katta marralarga erishmoqda. 

Yubiley munosabati bilan Navoiy davlat konchilik institutida “Kon-metallurgiya majmuasini innovatsion rivojlantirish istiqbollari” mavzusida xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi. Unda yurtimiz olimlari bilan birga, Rossiya, Germaniya, Kanada, Ukraina, Qozogʻiston va Qirgʻizistondan kelgan kon-metallurgiya sohasining yetuk mutaxassislari ishtirok etdi. 

Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida tashkil etilgan yubiley tadbirida Prezidentimizning “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va Navoiy shahrining 60 yilligi munosabati bilan yoʻllagan bayram tabrigini Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov oʻqib eshittirdi. 

Prezidentimizning“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi va Navoiy shahrining 60 yilligi munosabati bilan ishlab chiqarish ilgʻorlari va jamoatchilik faollaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida"gi farmoniga muvofiq faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlangan bir guruh konchilik sanoati vakillariga mukofotlar topshirildi. 

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi I.Rahmatov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. 

– Kombinatda kadrlar siyosatining bosh strategiyasi – yetuk mutaxassislar tayyorlash, ularning zaxirasini tashkil etish, malakasini va amaliy mahoratini muttasil oshirib borishga alohida eʼtibor qaratilayotir, – deydi I.Rahmatov. – Bugungi kunda kombinatda 60 mingga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi. Kombinatning bosh anʼanasi – inson omiliga eʼtibor qaratish, uni ijtimoiy muhofaza qilish, ishchi-xodimlar turmush sharoitini yaxshilash, ularni sogʻlomlashtirish, dam olishi va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazishi uchun sharoit yaratishdir. Kombinatda bu borada barcha shart-sharoit mavjud. 

Taniqli sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi. 

Manba: OʻzA