Mahsulot yetishtirishdan eksportgacha

23/11/2018 - 14:43 3162

Jizzax viloyatida o‘tgan yilning shu davrida qishloq xo‘jaligi sohasiga 57,9 milliard so‘mlik investitsiya jalb etilgan edi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,4 barobar ko‘p bo‘ldi.

Bozor iqtisodiyoti talablari qishloq xo‘jaligiga ham ishlab chiqarishning yangi shakl va usullarini tatbiq qilishni taqozo etmoqda. Aynan shu talabni hisobga olgan Zomin tumanidagi “Zomin meva logistika” MCHJ o‘z faoliyatini logistika usulida ishlashga yo‘naltirmoqda. Korxona mahsulotni nafaqat yetishtiradi, balki uni saralash va iste'molchiga yetkazib berishgacha bo‘lgan barcha jarayonni o‘zi bajaradi.

Shu maqsadda mas'uliyati cheklangan jamiyat a'zolari tomonidan yangi loyiha amalga oshirilmoqda. 5 million dollarlik bank krediti va 14 milliard so‘m o‘z mablag‘i sarflanayotgan loyiha tarkibida 116 gektar maydonda xorij texnologiyasi asosida intensiv bog‘ yaratiladi. Shuningdek, 4 ming tonna sig‘imli muzlatgich quriladi.

Hozirda ajratilgan maydonga Turkiyadan keltirilgan 147 ming tup olma ko‘chati ekildi. Kelasi yildan meva beradigan bog‘ 2020 yilda to‘liq hosilga kiradi.

Xorij texnologiyasi asosida qurilayotgan muzlatgich dekabr oyida ish boshlaydi.

- Mamlakatimizda tadbirkorlar faoliyati qo‘llab-quvvatlanayotgani tufayli bu loyihani amalga oshirishda muammolar bo‘lmadi, - deydi ushbu MCHJ rahbari Kamoliddin Toshpo‘latov. 
- Hozir loyiha tarkibidagi ishlarda 68 kishi mehnat qilmoqda. Muzlatgich ishga tushirilgach, yana 30 yangi ish o‘rni yaratiladi. Muzlatgichda o‘zimiz yetishtirgan hosildan tashqari, tevarak-atrofdagi sohibkorlar mahsulotini ham saqlaymiz.

Muxtasar aytganda, korxonada amalga oshirilayotgan ishlardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahsulotni eksportga yo‘naltirishdir.

Manba: O'zA