PRESS-RELIZ: O‘zbekistonda Barqaror rivojlanishning milliy maqsad va vazifalari taqdim qilindi 

15/11/2018 - 18:06 7451

Bugun Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 20-oktyabrda qabul qilingan 841-sonli «2030-yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi  qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsadlar va vazifalar va ularni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimotda vazirlik va idoralar, fuqarolik sektori, BMT agentliklari, diplomatik korpus va xalqaro moliyaviy institutlar vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Global maqsadlar deb ataluvchi Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlar (BRM) qashshoqlikni tugatish, sayyorani muhofaza qilish, shuningdek barcha odamlar uchun tinchlik va farovonlikni ta'minlash yo‘lida harakatlanishga umumiy da'vatdir. Global Maqsadlar 2015-yil sentyabrida BMT ga a'zo barcha davlatlar, shu jumladan, O‘zbekiston tomonidan ma'qullangan. U o‘z ichiga 2030-yilgacha erishilishi lozim bo‘lgan 17 maqsad va 169 vazifani qamrab olgan. 

BMT yordamida amalga oshirilayotgan Barqaror rivojlanish sohasidagi global Maqsad va vazifalarni mamlakatimiz sharoitiga moslashtirish jarayoni natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston Hukumati tomonidan 2030-yilgacha mo‘ljallangan 16 milliy  maqsad va 125 vazifani qabul qilindi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori barqaror rivojlanish maqsadlarini davlat rivojlanish dasturlariga asta-sekin integratsiyalash, shuningdek BRM ning O‘zbekistonda amalga oshirilishi bo‘yicha muntazam milliy ma'ruzalar tayyorlanishini ko‘zda tutadi.

Milliy BRM iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik yo‘nalishlarda muayyan maqsadlar va vazifalar to‘plamini ko‘zda tutadi. Tadbirda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Milliy maqsadlar va vazifalarni implementatsiya qilishni tashkillashtirish bo‘yicha Yo‘l xaritasi taqdim qilindi.

Shuningdek, ishtirokchilarga 2018-yil aprelida Toshkentga tashrif buyurgan BMT va Jahon bankining BRMlarini ilgari surish bo‘yicha milliy jarayonni qo‘llab-quvvatlash MAPS qo‘shma missiyasi ma'ruzasi taqdim qilindi. Missiya natijalariga ko‘ra, BRM ni jadallashtirish sohalari bo‘yicha O‘zbekiston uchun 50 tavsiyalarni ko‘zda tutuvchi ma'ruza tayyorlandi. Xususan, ushbu tavsiyalar davlat boshqaruvi, ijtimoiy rivojlanish, ekologiya, resurslardan samarali foydalanish sohalari, shuningdek gender tenglik va inson huquqlariga rioya qilish masalalariga taalluqlidir. 

Shuningdek tavsiyalarda ichki va tashqi (ham xususiy, ham davlatga oid) moliyaviy resurslarni safarbar qilish bo‘yicha takliflar hamda BRM amalga oshirilishini qo‘llab-quvvatlovchi  statistik ma'lumotlar sifati, ulardan foydalanish imkoniyati va ishonchliligini oshiruvchi chorlar ko‘zda tutilgan. 

BMT va Jahon banki vakillari O‘zbekiston Hukumati va xalqiga Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida keng qamrovli yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini ma'lum qildi. 

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.