O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasini qabul qildi

14/10/2018 - 15:54 2633

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-oktyabr kuni mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya hukumatlararo komissiyasining Rossiya tomonidan raisi o‘rinbosari, Rossiya Federatsiyasi iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Oreshkinni qabul qildi. Bu haqida O‘zbekiston prezidentining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. 

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama aloqalarni yuksak darajada faollashtirishga xizmat qildi. Keyingi yilda yuqori darajada 80 dan ortiq o‘zaro tashriflar tashkil etildi. Sentyabr oyida ikki davlat hukumatlari rahbarlari raisligida Hukumatlararo komissiya majlisi samarali o‘tdi. Keyingi oylarda mamlakatimiz hududlari Rossiyaning 28 sub'yekti bilan sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘ydi. 

Joriy yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 20 foizdan ziyod oshdi. Xaridorgir mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish, infratuzilmani rivojlantirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kuchaytirish va istiqbolli qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. 

Yaqin kunlarda Toshkent shahrida ikki tomonlama munosabatlar tarixida ilk bor O‘zbekiston va Rossiya hududlari hamda oliy ta'lim muassasalari rektorlarining forumlari bo‘lib o‘tadi. Ushbu forumlarda ikki mamlakat hududlari, kompaniya va korxonalari, oliy o‘quv yurtlari rahbarlari ishtirok etadi. 

Uchrashuvda Rossiya Federatsiyasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga bo‘lajak davlat tashrifi kun tartibidagi iqtisodiy masalalar yuzasidan fikr almashildi. 

Iqtisodiy rivojlanish vaziri davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin hamda Hukumat Raisi Dmitriy Medvedevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. 

Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikni rivojlantirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta'kidlandi.

Manba: O‘zA