Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonni toza energiya qabul qilishda qo‘llab-quvvatlaydi

06/09/2018 - 16:14 2495

AQSH hukumati O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlikda Markaziy Osiyo mamlakatlariga sof, samarali, kamxarj bo‘lgan qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etishni jadallashtirishga yordam beruvchi dasturni ishga tushirdi. AQSH Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtirilgan «Kelajak Energiyasi» dasturi ushbu sohadagi siyosiy, normativ-huquqiy, texnik va moliyaviy to‘siqlarni bartaraf etish hamda mintaqada toza energiyaga investitsiyalar kiritish muhitini takomillashtirish maqsadida milliy hukumatlarga ko‘mak beradi va donorlar xamda boshqa muhim manfaatdor tomonlar bilan yaqindan hamkorlik qilishni ko‘zda tutadi.

O‘zbekiston hukumati qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etishni 2017-2021 yillar uchun mo‘ljallangan O‘zbekiston rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasi doirasida ustuvor yo‘nalish deb belgiladi. O‘tgan yili O‘zbekiston kelgusi bir necha yillar davomida qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish va energiya samaradorligini oshirish maqsadida davlat dasturi qabul qildi va gidroenergetika, quyosh va shamol energetikasini rivojlantirish uchun investitsiya yo‘naltirish  va sezilarli miqdorda mablag‘lar ajratishni rejalashtirmoqda.

Dasturning ishga tushishiga bag‘ishlangan bugungi marosim «Markaziy Osiyoda qayta tiklanadigan energiya manbalarini qo‘llash orqali elektr energiya sektorini rivojlantirish» mavzusi ostidagi ikki kunlik xalqaro konferensiyani ochib berdi. Konferensiyada ishtirok etish uchun Qozog‘iston, O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston respublikalaridan olimlar, akademiklar va nodavlat notijorat tashkilotlari, tadqiqot markazlari va institutlari vakillari kelib, qayta tiklanadigan energetika sohasidagi ilg‘or texnologiyalar va amaliyotlarga oid yangiliklar bilan tanishdilar va o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdilar.

USAIDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Geri Robbins, O‘zbekiston Iqtisodiyot vazirligining energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Ahmedov hamrohligida shunday dedi: «Dunyo bo‘ylab qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish katta xajmda o‘sib boryapti. Faqatgina 2016 yilda 161 gigavatt quvvatiga ega uskunalar o‘rnatilgan. Bu o‘sish qayta tiklanadigan energiya sohasida hajm hisobiga erishiladigan tejamkorlikka olib keladi, va nafaqat elektr energiyasining an'anaviy shakllari bilan raqobatbardosh bo‘lishiga, balki iqtisodiy o‘sish va ish o‘rinlarini yaratishga ham sabab bo‘ladi».

Manba: AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi sayti