Norma ijodkorligida yuqori mas'uliyat - samara garovidir

20/08/2018 - 17:27 5659

O‘zbekiston Respublikasida tizimlashtirilgan qonunchilik bazasini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning huquqiy jihatdan ta'minlanishini takomillashtirish, shuningdek, Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil ro‘yobga chiqarish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgust kuni PF-5505-son “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmonining mazmun-mohiyatini tushuntirish, vazirlikda uning ijrosini to‘liq ta'minlash maqsadida 2018 yil 20 avgust kuni “Qonun ijodkorligi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining barcha bosh boshqarma, boshqarma, bo‘lim boshliqlari va xodimlari, vazirlik tizimidagi tashkilot mutaxassislari ishtirok etishdi. Seminarga O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining birinchi o‘rinbosari M.M.Mirzayev rahbarlik qildi.

M.Mirzayev o‘z nutqida tinglovchilarning e'tiborini Iqtisodiyot vazirligida normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqarish jarayonida havolaki normalarga yo‘l qo‘ymaslik, norma ijodkorligida yagona yondashuvni shakllantirish, normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqarishda ishtirok etayotgan mutaxassislar tomonidan ushbu hujjatlar loyihalarini tayyorlashda stabillikni izchil joriy qilish masalalariga qaratdi.

Mazkur masalaga aniqlik kiritish uchun so‘zga Iqtisodiyot vazirligi Yuridik bo‘limining boshlig‘i S.Qo‘ychiyev ma'ruza qildi. Unda mazkur farmon bilan, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasi, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha komissiya tarkibi tasdiqlanganligi, farmon ijrosini ta'minlash uchun norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari belgilanligi haqida tinglovchilarga batafsil gapirib berdi. 

Shuningdek, norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning beshta asosiy yo‘nalishini sanab, ularga alohida izoh berib o‘tdi:

1. Qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligini ta'minlash;

2. Normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish;

3. Norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

4. Norma ijodkorligida «aqlli tartibga solish» modeli elementlarini qo‘llash;

5. Norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish.

Seminar yakunida vazirlik mutaxassislari tomonidan berilgan savollarga atroflicha javob berildi.

Axborot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.