O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

09/08/2018 - 16:00 2943

Mazkur qaror loyihasi "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" portaliga joylashtirilgan.

Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi mahallalarda “Tadbirkorlik markazlari”ni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida

Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholining tadbirkorlik tashabbuslarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirishda tizimli amaliy yordam ko‘rsatish, aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish maqsadida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 7 iyundagi PQ-3777-sonli “Har bir oila - tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturiga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish tizimini takomillashtirish belgilanganligi ma'lumot uchun qabul qilinsin.

2. Toshkent shahar hokimligi, Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining tajriba tariqasida Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 58 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarida Tadbirkorlik markazlari (keyingi o‘rinlarda - Markazlar deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma'kullansin.

3. Quyidagilar belgilab qo‘yilsin:

Markazlar biznes-inkubator shaklida tadbirkorlik faoliyatini, shu jumladan, oilaviy tadbirkorlik va hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etiladi;

Markazlarga fuqarolar yig‘inining raislari rahbarlik qiladi hamda Markazlar ishini tashkil etadi va muvofiqlashtiradi;

Markazlar faoliyatiga zarur hollarda tegishli hududdagi tajribali tadbirkorlar, hunarmandlar, namunali oila boshliqlari va fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ning maslahatchilari jalb qilinishi mumkin. 

4. Markazlarning asosiy vazifalari etib, quyidagilar belgilansin:

har bir mahalla xonadonlarini uyma-uy yurib o‘rganish va uning asosida tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan shaxslarni aniqlash hamda 
ularga tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishlari uchun ko‘maklashish va markazga keng jalb qilish;

fuqarolarning o‘z bizneslarini tashkil etish va yuritish ko‘nikmalari, jumladan, loyiha biznes-rejasini tayyorlash, soliqqa tortishning turli rejimlarini to‘g‘ri tanlash va qo‘llash, biznes yuritishning huquqiy asoslari, moliyaviy menejment va buxgalteriya hisobini o‘zlashtirish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish;

zarur bo‘lgan hollarda, yangidan faoliyat boshlayotgan tadbirkorlar “oyoqqa turib olgunga qadar” ularga Markazlar (biznes-inkubator) binosidan, 
shu jumladan yoshlar tadbirkorlik klasterlari binolaridan belgilangan tartibda joy ajratib berish uchun ko‘mak berish;

tadbirkorlarga, shuningdek tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lgan aholiga o‘z bizneslarini tashkil etishda biznes-rejalar ishlab chiqish, marketing tadqiqotlari o‘tkazish, soliqqa tortish, ishchilar yollash, statistika, moliya, soliq va boshqa hisobotlarni topshirish, bank xizmatlari, bino va joylarni ijaraga olish, davlat mulki ob'yektlarini “nol” qiymatida xarid qilish bo‘yicha maslahat yordami ko‘rsatish va amaliy ko‘mak berish;

tadbirkorlik sub'yektlariga ishonchli hamkorlar, yangi bozorlarni izlash va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga olib chiqishda hamda minitexnologiyalar va uskunalarni sotib olishda amaliy ko‘mak ko‘rsatish;

mahalla yoshlarining, avvalo oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari bitiruvchilarining o‘z biznesini tashkil qilish va yuritishga ko‘maklashish;

mahalla fuqarolar yig‘ini xududidagi jismoniy va yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “yagona darcha” tamoyili bo‘yicha faqat Davlat xizmatlari markazlari orqali ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari haqida ma'lumot berish;

mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqarolarga bank, lizing, sug‘urta, auditorlik, konsalting, buxgalteriya, baholash, rieltorlik va bozor infratuzilmasi sub'yektlarining boshqa xizmatlari haqida axborot berish;

aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq o‘zining buzilgan huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan tegishli davlat organlariga murojaat etishda maslahatlar berish hamda aholini tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati davomida yuzaga keladigan muammolarni hal etishga ko‘maklashish.

5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat organlari va boshqa vakolatli tashkilotlar mazkur qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, 
o‘z vakolatlari doirasida, Markazlar faoliyatini tashkil etishda Markazlar bilan doimiy hamkorlik qiladilar va ularning samarali faoliyat olib borishilarini ta'minlashga qaratilgan ko‘maklashuvni ta'minlaydilar.

6. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi (Ikramov) Davlat raqobat qo‘mitasi (G‘ulomov) bilan birgalikda:

mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, shuningdek Markazlar xodimlarining bilim va malakasini oshirish bo‘yicha zamonaviy interaktiv o‘quv metodlarini qo‘llagan holda bir yilda ikki marta (sentyabr va mart oylari) o‘quv-seminarlar o‘tkazilishini;

tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari hududidagi aholi va tadbirkorlik sub'yektlariga biznesni tashkil etish, yuritish va yanada rivojlantirishda, 
davlat organlari va bozor infratuzilmasi sub'yektlari xizmatlaridan foydalanishda, shuningdek yangidan faoliyat boshlayotgan tadbirkorlar va hunarmandchilik sub'yektlariga biznes-rejalar tayyorlashda maslahat yordami va amaliy ko‘mak ko‘rsatilishini ta'minlasin.

7. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Olmazor tumani hokimligi bilan birgalikda tegishli hududda yashovchi yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va startaplar tashkil etish uchun ularga belgilangan tartibda yoshlar tadbirkorlik klasterlari hududidan maydonlar taqdim etilishini ta'minlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi buyurtmanomasiga ko‘ra Markazlarni belgilangan tartibda zarur bo‘lgan aloqa vositalari bilan ta'minlasin, shuningdek keng qamrovli Internet tarmog‘idan foydalanish imkoniyatini yaratib bersin.

9. Toshkent shahar hokimligi (Artikjodjayev, Aripov), Olmazor tumani hokimligi (Raxmonov) bir oy muddatda Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi bilan birgalikda Markazlarni Olmazor tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarida joylashtirilishini hamda kerakli mebel, jixozlar va zarur orgtexnika vositalari bilan to‘liq jihozlash va markazlarni samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun sharoit yaratib berilishini ta'minlasin.

10. Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Tadbirkorlik markazi to‘g‘risidagi namunaviy nizom loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Fuqarolarni o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Belgilab qo‘yilsinki, har chorak yakuni bo‘yicha Olmazor tuman hokimining Markazlar faoliyati samaradorligi va ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida hisobotlari xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida eshitiladi.

13. Toshkent shahar hokimligi (Artikjodjayev, Aripov), Olmazor tumani hokimligi (Raxmonov) rahbarlari zimmasiga markazlar faoliyatini tashkil etish va samarali faoliyat olib borishlarini ta'minlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

14. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Kuchkarov va Toshkent shahar hokimi J.A.Artikxodjayev zimmasiga yuklatilsin.


O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri                                           A. Aripov    

Mazkur qaror loyihasi "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" portaliga joylashtirilgan.