Makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlashda moliyaviy dasturlashning ahamiyati

31/07/2018 - 16:57 6603

Bugun vazirlik yoshlari bilan an'anaviy seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan iqtisodchi, ustozimiz Abbos Abdupattaxovich Nabixo‘jayev “Moliyaviy dasturlash” mavzusida ma'ruza qildi va taqdimot o‘tkazdi. 

Ma'lumki, Moliyaviy dasturlash (MD), bu belgilangan maqsadlarga erishish uchun makroiqtisodiy siyosatning kompleks chora-tadbirlari hisoblanadi. Albatta, MD iqtisodiy o‘sishning asosi bo‘lmish makroiqtisodiy barqarorlashtirishni ta'minlashga qaratilgan bo‘lishi kerak.

Ma'ruzachi o‘z chiqishida MD iqtisodiyotning to‘rtta asosiy sektorlariga, ya'ni real sektor; tashqi sektor; davlat sektori hamda Bank sektoriga asoslanib tuzilishiga alohida urg‘u berdi. 

Shuningdek, taqdimotda ma'ruzachi tomonidan mavjud muammolarni kompleks tahlil qilishda, avallambor muammolarning aniqlanishi, aniq maqsad qo‘yilishi, siyosiy chora-tadbirlar, prognozlash va ularning monitoringiga e'tibor qaratildi.

​​​​​​​ 

Mamlakatda makroiqtisodiy o‘sishni ta'minlash borasida ishlab chiqarishning pasayishi; past darajadagi jamg‘arish; yuqori darajadagi inflyatsiya; almashuv kursining nobarqarorligi; to‘lov balansining yomonlashuvi; davlat byudjetining yuqori darajadagi kamomadi; tashqi qarzning haddan tashqari oshib ketishi; makroiqtisodiy disbalanslar; moliya institutlari faoliyatidagi nobarqarorlik kabi omillar to‘liq inobatga olinishi ta'kidlandi.

Shu bilan birga, iqtisodiy o‘sish bilan bog‘liq inflyatsiyaning pasayishi, to‘lov balansining barqarorlashuvi, oltin-valyuta zaxiralarining ko‘payishi, aholi turmush darajasining o‘sishi kabi muhim iqtisodiy mezonlarning har biriga iqtisodiy ta'riflar berildi.

Seminar-trening o‘zaro savol-javoblar bilan yakunlandi.

Seminar-trening taqdimoti ilova qilinadi.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.