2018-yil yanvar-mart oylarida sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish Dasturini amalga oshirilishi to‘g‘risida

30/04/2018 - 16:48 17797

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 26-dekabrdagi “2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2698-sonli qaroriga asosan 2018-yilda jami 1146 ta mahalliylashtirish loyihasini amalga oshirilishi hisobiga 12 009,0 mlrd. so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarish,  shu jumladan joriy yilning I chorak yakuni bo‘yicha - 1 984,0 mlrd. so‘mlik 894 loyihani amalga oshirish belgilangan.

Joriy yilning I choragi davomida 619 ta mahalliylashtirish loyihasi bo‘yicha ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilib (shu jumladan ishlab chiqarilishi I chorakda rejalashtirilmagan 49 ta loyiha kiritilib), 4 563,3 mlrd. so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va reja 230,0 foizga bajarildi. buning natijasida import o‘rnini bosish samaradorligi qariyb 570,4 mln. dollarni tashkil qildi (1-ilova). 

Mahalliylashtirish dasturiga kiritilgan loyihalarni amalga oshirish natijasida sanoat mahsulotlarining 100 dan ortiq yangi turi, jumladan, burg‘ulash uskunalari uchun tormoz shkivlari, sink oksidi (цинковые белила), burg‘ulash asbob-uskunalari uchun qattiq qotishmalar, qattiq qotishmali burg‘ulash asbobi, volfram karbidi, dorivor o‘simliklar asosida dori vositalarini ishlab chiqarish, steklovata, DOOSAN va XCMG ekskovatorlari uchun 1,2 m³ kovsh, lokomotiv uchun tormoz kolodkalari, tormoz kolodkalari, gematogen, keramika mahsulotlari hamda boshqa tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.

Shuningdek, 135,0 mln. doll. hajmdagi mahalliylashtirilgan mahsulotlar eksportga yo‘naltirildi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 129,5% ni tashkil qildi.

Mahalliylashtirilgan mahsulotlarning umumiy hajmida eksportning ulushi 23,7% ga baholanmoqda, bu o‘z navbatida mahalliylashtirilgan mahsulotlarning mamlakat ichidagi ehtiyojlarni qondirish ustuvorligini ko‘rsatmoqda.

Joriy yilning I choragida eksportga 88 turdagi tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar eksport qilindi. (ma'lumot o'rnida: 2017-yilning shu davrida Dasturi doirasidagi loyihalardan 75 xildagi mahsulotlar eksportga yo‘naltirilgan edi).

Bundan tashqari, «O‘zeltexsanoat» AK (davr rejasiga nisbatan 16,1 barobar), «O‘zavtosanoat» AK (8,2 barobar), «O‘zqurilishmateriallari» AK (3,2 barobar), «O‘zmetkombinat» AJ (2,8 barobar), «Olmaliq KMK» AJ (2,3 barobar), «O‘zmaxsusmontajqurilish» AK (1,8 barobar) korxonalari, shuningdek, Namangan viloyati (17,0 barobar), Toshkent viloyati (3,5 barobar), Navoiy viloyati (6,0 barobar), Toshkent shahri (3,5 barobar), Jizzax viloyati (3,2 barobar), Samarqand va Xorazm viloyatlari (2,6 barobar) hududiy korxonalari tomonidan ishlab chiqarish rejalari ortig‘i bilan bajarilgan (2-ilova).

Ilovalar

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati