Energetika resurslaridan oqilona foydalanish - davr talabi

25/04/2018 - 14:57 10227

Yoqilg‘i-energetika resurslarining yetishmovchiligi va ularga bo‘lgan narxlarning o‘zgaruvchanligi sharoitida, mamlakatimiz aholisining hamda iqtisodiyotimiz asosiy tarmoqlarida energetika resurslaridan oqilona foydalanish, shuningdek, an'anaviy energiya manbalaridan muqobil energiya manbalariga o‘tishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. 

Bugungi kunda, 2030-yilga qadar, issiqlik energetikasi hamda muqobil/qayta tiklanuvchi energetika sohasida 50 dan ziyod loyihalarni amalga oshirish orqali respublikamizning elektroenergetika quvvatlarini qo‘shimcha 10 000 MVtga oshirish ko‘zda tutilgan. Mamlakatimizda elektroenergiya ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, o‘z ichiga ishlab turgan issiqlik elektrostansiyalardagi energobloklarni modernizatsiya qilish, ularda qo‘shimcha zamonaviy energo bloklarni qurish, zamonaviy issiqlik elektrostansiyalarni barpo etish, shuningdek, O‘zbekiston uchun yangi bo‘lgan atom energetikasini joriy etishni qamrab olgani bilan izohlanadi. Shu bilan birga, qayta tiklanadigan energetika sohasida mavjud gidroelektrostansiyalarni modernizatsiya qilish, yangi gidroelektrostansiyalar bunyod etish, quyosh va shamol elektrostansiyalarini qurish rejalashtirilgan.

Ayni paytda O‘zbekiston elektroenergetika sohasida elektroenergiyaning 88,5 foizi issiqlik elektrostansiyalarida, 10,6 foizi gidroelektrostansiyalarida va 0,9 foizi blok stansiyalarida ishlab chiqariladi.

Respublikaning elektroenergetika resurslari 2018-yilning 1-choragida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 103,9 foizni tashkil etdi. 

Axborot xizmati