O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik holati va rivojlanishi haqida ma'lumot

20/04/2018 - 18:46 28193

2017-yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 53,3 foizni yoki 119301 mlrd so‘mni tashkil etdi. (Yaponiyada - 55%, Germaniyada - 54%, AQSH da - 52%, Qozog‘istonda - 25,6%, Rossiyada - 20%). 

Mamlakatda band aholining 78,3 foizi kichik biznesda faoliyat yuritmoqda, vaholanki 2000 yilda ushbu ko‘rsatkich 49,7 foizni tashkil etgan.

Kichik biznesning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi ulushi 2000-yilda 12,9% ni tashkil etgan bo‘lsa, 2017-yilda ushbu ko‘rsatkich 39,6% ni tashkil etdi, qishloq xo‘jaligida - 99% ni, qurilish sohasida - 65,1% ni, chakana savdo aylanmasida - 88,4% ni tashkil etdi. Kichik biznesning mamlakat umumiy eksportidagi ulushi 27% ni, importda - 50% ni, investitsiyada esa - 32% ni tashkil etdi.

Amaldagi qonunchilikka binoan, yillik o‘rtacha xodimlar soni qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligida - 50 kishigacha, sanoatda faoliyat turiga qarab - 100 dan 270 kishigacha; savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida - 25 dan 50 kishigacha ishchilarga ega bo‘lgan sub'yektlar kichik korxonalar tasnifiga kiradi.

Respublikmizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun quyidagi sharoitlar yaratilgan:

1. Kichik biznes sub'yektlarining ro‘yxatdan o‘tish vaqti 30 daqiqani tashkil etadi. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish uchun faqat bir dona, yuridik shaxs sifatida kichik korxonani ro‘yxatga olishda esa - ikki dona hujjat talab etiladi. 

2. Deyarli barcha tarmoqdagi kichik korxonalar kichik biznesni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishning muhim omili hisoblanadigan yagona soliq to‘lovi stavkasi, realizatsiya qilingan tovarlar va xizmatlar hajmining 5% ni tashkil etadi. Shu bilan bir qatorda kichik biznes sub'yektlari uchun yagona ijtimoiy to‘lovning amaldagi stavkasi 15% ni tashkil etadi.

3. Yangi tashkil etilgan chet el investitsiyasi ishtirokidagi ishlab chiqarish korxonalarga besh yil davomida ular ro‘yxatdan o‘tgan kunidagi soliq va majburiy to‘lovlar stavkasini qo‘llash huquqi beriladi. 2018-yildan boshlab 1 gektardan ko‘proq yer maydoniga ega bo‘lgan kichik korxonalar yagona er solig‘i to‘lashi belgilab qo‘yildi. 

4. Kichik biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash quyidagi yo‘llar orqali amalga oshirilmoqda: banklar tomonidan imtiyozli stavkalar bo‘yicha kreditlar berish; tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining tadbirkorlik faoliyatiga berilgan kredit mablag‘larining 50% miqdoridagi kafillik va tijorat banklari kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz xarajatlarini qoplash*.

5. Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga mas'ul institut tomonilan biznes manfaatlari himoyalangan. O‘zbekistonda kichik biznes sub'yektlari faoliyatini rejadan tashqari tekshirish bekor qilindi, shuningdek birinchi marta sodir etilgan moliyaviy-xo‘jalik huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik sub'yektlari ma'muriy jarimalarning barcha turlaridan ozod etilgan**. 

6. Respublikaning barcha hududlarida tadbirkorlik sub'yektlariga davlat  xizmatlarini ko‘rsatuvchi “yagona darcha” tamoili ostida faoliyat ko‘rsatadigan markazlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlovchi markazlar tashkil qilingan. Tadbirkorlik faoliyatini endi boshlovchi sub'yektlar uchun o‘zlarining biznes rejalarini tuzish, huquqiy va amaliy ko‘mak berish, shuningdek faoliyatlari uchun zarur ma'lumotlarni olishlari uchun “biznes-inkubatorlar tashkil etilgan. 

7. Respublika bo‘yicha tadbirkorlarga biznes yuritish bo‘yicha o‘quv kurslari, xususiylashtirilgan ob'yektlar bazasida loyihalar amalga oshirish, 5 yil muddatga nol stavkada ijara asosida yer maydonlari ajratish orqali yosh tadbirkorlar uchun klasterlar tashkil etildi. 

2018-yil 1-aprel holatiga respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan kichik biznes sub'yektlari soni (dehqon va fermer xo‘jaliklaridan tashqari) 238,5 mingtani (2001 yilda 99,4 mingta) tashkil qildi. Jumladan ularning 8,2 foizini kichik korxonalar va qolgan 91,8 foizini esa mikrofirmalar tashkil etmoqda. 

Ushbu ko‘rsatkichni tarmoqlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak 9,1 foiz kichik biznes sub'yektlari qishloq xo‘jaligida, 20,9 foiz sanoatda, 11 foiz qurilishda, 34 foiz savdo va umumiy ovqatlanishda, 5,2 foiz yuk tashish va 19,7 foiz boshqa sohalarda faoliyat yuritayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Hududlarda kichik biznes sub'yektlarining sanoatdagi ulushini ko‘radigan bo‘lsak, Toshkent shahrida 71,3 foiz, Namangan viloyatida 68,4 foiz, Jizzax viloyatida 61,3 foiz va Samarqand viloyatida 55,5 foizni tashkil etgan. Xuddi shu ko‘rsatkich Toshkent viloyatida 29,6 foiz, Qashqadaryo viloyatida 23,1 foiz, Navoiy viloyatida 18,8 foiz va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 18 foizni tashkil etgan. 

Shu bilan bir qatorda kichik biznes salohiyatini to‘liq amalga oshirishiga to‘sqinlik qiladigan muammolarni ta'kidlab o‘tishimiz lozim.

1. Kichik biznesda bandlarning 62 foizidan ko‘prog‘i yakka tartibdagi tadbirkorlikda band bo‘lsa, atigi 16 foizi kichik korxona va mikrofirmalarga to‘g‘ri kelmoqda. Kichik korxonalarning bandlikdagi past darajalari Navoiy (11,3 %), Qashqadaryo (12,4 %) va Toshkent  viloyatiga (13,2%) to‘g‘ri kelmoqda. 

Kichik biznesda bandlarning 34,2 foizi qishloq xo‘jaligida, 12,7 foizi - sanoatda, 11,6 foizi qurilishda, savdoda 13,4 foizi va 28,1 foizi xizmatlar sohasida band. 

Yuqoridagi bandlarning tarmoqlar kesimidagi tahlilidan ko‘rinib turibdiki, boshqa tarmoqlarga nisbatan yaratilayotgan ish o‘rinlari samaradorligi yuqori bo‘lgan sanoat tarmog‘ida kichik biznesning nisbatan past darajadagi o‘rnini ko‘rishimiz mumkin. Ushbu ko‘rsatkichni hozirgi o‘sish darajasining saqlanib qolishi kelgusida aholining ish haqi va tadbirkorlik faoliyatidan oladigan real daromadlarining oshishi bilan bog‘liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu holat davlatning aholiga ajratadigan ijtimoiy kafolatlarini cheklashiga olib kelishi mumkin.  

3. Kichik bisnes sub'yektlari sonining savdodagi ulushi yuqori darajada saqlanib qolmoqda (jami kichik biznes sub'yektlarining 26,7%i yoki 63,7 mingta sub'yekt). Chakana savdo tovar aylanmasida esa, 20,2%ni kichik bisnes va mikrofirmalarning ulushi tashkil etgan bo‘lsa, yakka tartibdagi tadbirkorlarning ulushi 69,4% ni tashkil etganini ko‘rishimiz mumkin, bu bank sektoriga pul tushumiga salbiy ta'sir ko‘rsatadi va kichik biznes sub'yektlarining soliq solinadigan bazasida nomuvofiqliklarni keltirib chiqaradi. 

4. Hududlar kesimida kichik biznes sub'yektlari sonini qaraydigan bo‘lsak eng ko‘p sub'yekt Toshkent shahrida (22,6%), Toshkent (9,6%), Farg‘ona (8,8%) va Andijon (8,7%) viloyatlari o‘z faoliyatlarini yuritishmoqda. Bu to‘rt hududda kichik biznes sub'yektlarining umumiy sonining 50%i atrofida o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Bundan ko‘rinib turibdiki, Sirdaryo (3,2%), Navoiy (3,3%) va Jizzax (4,2%) kabi respublikamizning boshqa viloyatlarida kichik biznes sub'yektlarining mavjud potensialidan yetarli darajada foydalanilmayotganidan darak bermoqda.

Mamlakatimizda kichik biznesning rivojlanishida qurilish va pardozlash materiallari, asbob - uskunalar, mashinasozlik ehtiyot qismlari va uskunalari, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika mahsulotlari, iste'mol tovarlarining ko‘plab turlarini ishlab chiqarish va boshqalar yuqori potensial ega sohalar hisoblanadi.

Kichik biznesning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shadigan hissasini oshirilishini, kichik sanoat zonalarining yaratilishi, investitsion muhit va raqobat muhitini yaxshilanishi, kichik biznes bilan davlat-xususiy sherikchiligi doirasida davlat xaridlari hajmini kengaytirilishi, yirik va kichik korxonalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlanishi, innovatsiya jarayonlariga tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilish orqali ko‘rishimiz mumkin.

Shuni ham ta'kidlash joizki, yetarli eksport salohiyatiga ega bo‘lgan, biroq ayni paytda yanada rivojlanish uchun yetarli darajada kapitalga ega bo‘lmagan muvaffaqiyatli va istiqbolli kichik korxonalarni moliyaviy qo‘llab quvvatlash katta ahamiyatga ega.

Ushbu chora-tadbirlarlarni samarali kichik biznes sohasida ko‘proq ish o‘rnini yaratishga, jahon bozoriga kirish imkoniyatlarini oshirishga yordam berib, mamkalatni eksport salohiyatini oshirishga va aholi daromadlarini oshishiga imkon yaratadi.


* O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-avgustdani Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasini tashkil qilish to‘g‘risidagi qarori.

** O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni.

Iqtisodiyot vazirligi