Buxoro viloyatida Qandim gazni qayta ishlash majmuasi tantanali ishga tushirildi

20/04/2018 - 09:36 5523

2018-yil 19-aprelda Qandim gazni qayta ishlash majmuasi ishga topshirilishi munosabati bilan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.

Marosimda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, respublika hukumati rahbarlari, shuningdek Rossiya Federatsiyasi Energetika vaziri Aleksandr Novak, “LUKOIL” OAJ prezidenti Vagit Alekperov va boshqa rasmiy shaxslar qatnashdilar. 

Majmuani qurish va Qandim konlari guruhini tayyorlash ishlari Oʻzbekiston Respublikasi va “Oʻzbekneftgaz” AJ tarkibidagi investorlar konsorsiumi va Rossiyaning “Lukoil” kompaniyalari oʻrtasida tuzilgan Mahsulot taqsimotiga oid bitim doirasida amalga oshirilmoqda.

Majmuada yiliga 8,1 milliard kubometr gaz qayta ishlanadi, bu esa 7,9 milliard kubometr tozalangan gaz, 134,4 ming tonna gaz kondensati, 212,9 ming tonna oltingugurt ishlab chiqarish imkonini beradi. 

Loyiha doirasida juda katta ishlar hajmi bajarildi. Jumladan, 77 ta quduq tayyorlandi, gazni yigʻish va qayta ishlash tizimi qurildi. Majmuani qurishda murakkab texnikaviy yechimlar, ilgʻor texnologiyalar qoʻllanildi. Yoʻllar, terminallar, magistral gaz quvuri, elektr va suv ta’minoti tarmoqlari va boshqa infratuzilma ob’ektlari, jumladan ijtimoiy ob’ektlar qurib bitkazildi. 2000 dan ortiq ish oʻrinlari yaratildi.

Respublikaning yoqilgʻi-energetika sohasiga va Qandim gazni qayta ishlash majmuasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jadal jalb qilinganligi Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi hamkorlikning navbatdagi yorqin timsolidir. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amalga oshirilgan ishlarni yuqori baholadi, muhandislar va quruvchilarga minnatdorchilik bildirib, korxona jamoasiga muvaffaqiyatlar tiladi. 

Axborot xizmati