Qashqadaryoda chigit ekish boshlandi

17/03/2018 - 10:50 3355

O‘tgan yili davlatga rejaga qo‘shimcha 10 ming tonnadan ziyod paxta sotgan mirishkorlik omilkor dehqonlar joriy yilda ham mo‘l hosil yetishtirish uchun qizg‘in agrotexnik tadbirlarni boshlab yubordi.

Tumandagi “Sulaymon Murodov” muqobil mashina-traktor parki eng ko‘p fermer faoliyat ko‘rsatayotgan hudud hisoblanadi. Ayni paytda bu yerda 141 fermer xo‘jaligi mavjud. Joriy yilda ular 2 ming 580 gektar maydonga chigit ekishni mo‘ljallamoqda.

– Nasib etsa, bu yil baraka urug‘ini qadashni boshladik, – deydi hududning “Samirbek” fermer xo‘jaligi rahbari Ashurboy Sharipov. – Urug‘ qancha erta ekilsa, hosil shuncha vaqtli tayyor bo‘ladi. O‘tgan yilda belgilangan rejani ortig‘i bilan uddaladik. Joriy yilda 44 gektar maydonga g‘o‘zaning “Buxoro-6” navini ekmoqdamiz. Ekish oldidan barcha agrotexnik tadbirlar me'yorida o‘tkazildi. Gektariga 200 kilogrammdan mineral o‘g‘it sepildi, ishlarimiz ko‘ngildagidek ketsa, paxtadan 40 sentnerdan oshirib hosil olamiz.

Mirishkor tumanida joriy yil ekish mavsumini qisqa muddatlarda sifatli o‘tkazishni ta'minlash uchun aniq chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, chigit ekish rejalashtirilgan 21 ming gektardan ziyod maydonda agrotexnika tadbirlarini o‘z vaqtida bajarish uchun ekish otryadlari shakllantirilib, barcha texnika vositalari mavsumga shay qilindi. Jumladan, 464 chopiq traktori va mingta barona, bundan tashqari 184 ta 90 sxemadagi va 34 dona qo‘sh qator ekadigan seyalkalar tayyorlab qo‘yildi.

Manba: O‘zA