O‘zbekistonda Kartoshka yetishtiruvchilar assotsiatsiyasi tuziladi

27/02/2018 - 17:10 3174

Respublikada urug‘lik kartoshkasini yetishtirishni yanada rivojlantirish choralari to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi, deya xabar berdi Adliya vazirligining Telegramdagi “Huquqiy axborot” kanali.

Qarorga asosan manfaatdor tashkilotlarning Kartoshka yetishtiruvchilar assotsiatsiyasini tuzish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Assotsiatsiyaning asosiy vazifalaridan biri respublikada xorijiy texnologiya asosida mahalliy kartoshka urug‘chiligini rivojlantirish, hosildorligi yuqori bo‘lgan kartoshka ko‘chatlarini yetishtirishni tashkil etish hisoblanadi.

Tuproq va iqlim sharoitlaridan kelib chiqib Qo‘rg‘ontepa, Kitob, Shahrisabz, Yangiqo‘rg‘on, Bulung‘ur, Zomin, Baxmal, Bo‘stonliq tumanlari urug‘likka mo‘ljallangan kartoshkani yetishtirishga ixtisoslashtirilgan tumanlar etib belgilandi.

Manba: O‘zA