O‘zbekiston – Turkiya ishbilarmon doiralarining davra suhbati

17/01/2018 - 10:05 3971

Poytaxtimizda 16-yanvar kuni Turkiyaning “Ziraat Bankasi A.S.” banki boshqaruvi raisi Huseyn Aydin boshchiligidagi delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi doirasida O‘zbekiston – Turkiya ishbilarmon doiralari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. 

O‘zbekiston Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, "O‘zqurilishmateriallari" aksiyadorlik jamiyati, "O‘zto‘qimachiliksanoat" uyushmasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan tadbirda rasmiy delegatsiya a’zolari, shuningdek, ikki mamlakatning qurilish, energetika, mashinasozlik, geologiya, oziq-ovqat, kimyo sanoati, farmatsevtika, sayyohlik kabi sohalari uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi. Unda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning joriy holati, investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari, transport-kommunikatsiya, turizm, qurilish va boshqa sohalardagi aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 

Mamlakatimizning qulay geografik joylashuvi tufayli mintaqa bozorlariga chiqish imkoniyatining mavjudligi, tobora erkinlashayotgan iqtisodiyoti, qulay investitsiyaviy muhiti ko‘plab xorijiy sarmoyadorlar qatori turkiyalik ishbilarmonlarni ham o‘ziga jalb qilmoqda. Ushbu mamlakatning rivojlangan sanoati, transport kommunikatsiyalari, dengiz yo‘llari, qishloq xo‘jaligi va turizm salohiyati borasidagi imkoniyatlari ham, o‘z navbatida, mamlakatimiz uchun manfaatli. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.Ahmadxo‘jayev, Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Bashar va boshqalar bugun O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik tenglik, o‘zaro ishonch ruhida rivojlanayotganini ta’kidladi. Ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlari, vazirlik va idoralar delegatsiyalarining tashriflari, qator qo‘shma tadbirlar tufayli manfaatli sheriklik aloqalari tobora kengaymoqda. 

Birgina misol. 2017-yil Turkiya Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri, milliy mudofaa vaziri boshchiligidagi delegatsiyalar O‘zbekistonda, mamlakatimiz Bosh vaziri o‘rinbosarlari, mudofaa vaziri rahbarligidagi delegatsiyalar Turkiyada bo‘ldi. Turli tadbir va forumlar o‘tkazildi. 25 may kuni poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasining majlisi, 30 sentabr kuni Toshkentda va 6 oktabr kuni Istanbulda o‘tgan biznes-forumlarda hamkorlikning ko‘plab istiqbolli yo‘nalishlari belgilab olindi. 

Davra suhbatida o‘zaro hamkorlikda hali foydalanilmagan imkoniyatlar ko‘pligi, ushbu tashrif ikki mamlakat vazirlik va idoralari, ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalar rivojiga yangi sur’at baxsh etishi ta’kidlandi. 

Tadbirda mamlakatimizda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni liberallashtirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish maqsadida xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida so‘zlab berildi. 

Tadbirda mamlakatimizda keyingi yillarda jadal rivojlanayotgan farmatsevtika sanoati bilan bog‘liq masalalar ham muhokamalar markazida bo‘ldi. 

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 151 ta litsenziya berilgan. Ulardan 94 tasi dori, 3 tasi tashxis qo‘yish vositalari, 54 tasi tibbiyot buyumlarini ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Davlatimiz rahbarining farmatsevtika sanoatini rivojlantirishga qaratayotgan alohida e’tibori sabab dori va tibbiy buyumlar ishlab chiqarish yo‘nalishida yana 167 tadbirkorlik subyekti faoliyat boshladi. 

Forumda mamlakatimizning farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish uchun ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi. Mamlakatimizda 577 xildagi dorivor o‘simliklar o‘sishi qayd etilgan va bugungi kunda ularning atigi 17 foizidan dori vositalari ishlab chiqarishda foydalanilmoqda. Tadbirda turkiyalik ishbilarmonlarga ushbu sohada faoliyat yuritish, taqdim etiladigan imtiyoz va qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berildi. 

– O‘zbekistonda iqtisodiy sektorni erkinlashtirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va diversifikatsiyalash borasidagi islohotlar izchillik bilan amalga oshirilayotgani mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda, – deydi tadbirkor Halil To‘ra (Turkiya). – Biz ham bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, sarmoya kiritish istagidamiz. Kompaniyamiz geologiya, energetika, logistika, turizm, xizmat ko‘rsatish va servis kabi qator sohalarda faoliyat yuritadi. Bugungi tadbirda logistika markazlari, turizm, energetika yo‘nalishida ish yuritish va xizmatlarni tashkil etish masalalarini muhokama qildik. 

Muzokaralarda qo‘shma loyihalar va dasturlarni amalga oshirish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi. 

Manba: O‘zA