Energetika boshqaruv tizimlarini joriy qilish - muvafaqqiyatlar garovi

15/11/2017 - 13:00 13541

Ma'lumki, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiyotni rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Qo‘yilgan maqsadlarga erishishda energiya ta'minoti asosiy omillardan biri hisoblanadi. Iqtisodiyotning o‘sishi va tabiiy ijobiy demografik tendensiyalar, o‘z navbatida energetika resurslaridan yanada ko‘proq foydalanishni talab etmoqda.

Bunda energiyadan oqilona foydalanish, energiya ta'minoti barqarorligini va energetik xavfsizlikni ta'minlash maqsadida energiyani tejash va energiya samaradorligini oshirish masalalari muhim ahamiyatga ega. 

Joriy yilning 14 noyabr kuni Toshkent shahridagi “Radisson Blu Hotel” mehmonxonasining konferensiyalar zalida ISO 50001 “Energetika boshqaruv tizimlari. Talablar va qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma” standartini joriy qilish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Seminar Jahon banki tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Musaffo rivojlanish bo‘yicha koreya maqsadli fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlaridan 40 dan ortiq vakillar (Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, “ETMK” AJ, O‘zdavenergonazorat, O‘zdavneftgazinspeksiya, “O‘zstandart” agentligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zavtosanoat” AK, “O‘zbekengilsanoat” AJ, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zqurilishmateriallari” AJ, “O‘zbekenergo” AJ, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “O‘zpaxtayog‘” AJ, NTMK, OTMK, “O‘zmetkombinat” AJ, “Qizilqumsement” AJ, “Kvars” AJ, “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ, TDTU va boshqalar) hamda Koreyaning “Eksimbank” banki, Yaponiyaning Djayka agentligi, Islom taraqqiyot banki, Birlashgan millatlar tashkiloti taraqqiyot dasturi kabi xalqaro moliya institutlari va banklar xodimlari ishtirok etishdi.

Seminar davomida ishtirokchilar energetika boshqaruv tizimlarini joriy qilish bo‘yicha davlatimiz tomonidan amalga oshirilayotgan siyosat, Jahon bankining O‘zbekistondagi 4 ta korxonada, jumladan “Bekobodsement” AJda ISO 50001 standartini joriy qilish bo‘yicha tajriba loyihasining yakuniy ma'lumotlari bilan tanishtirildilar. Shuningdek, ushbu standartni joriy qilishda qator muammolar, jumladan xodimlar malakasi, texnik jihozlanganlik, korxona rahbariyatining hamda jamoasining energiya samaradorligini oshirishga moyilligi kabi masalalar muhokama qilindi.

“Bekobodsement” AJ vakillari qatnashchilarni ushbu standartni joriy qilish jarayoni, joriy qilingandan keyingi natijalar va olingan ko‘nikmalar bilan batafsil tanishtirdilar. Ta'kidlanishicha, ushbu energetika boshqaruv tizimlarini joriy qilish hisobiga (joriy qilish xarajatlari - 389,4 mln.so‘m) korxona 10 oy davomida 2,6 mln.kVt.s elektr energiyasi va 1,9 mln.kub.m tabiiy gazni tejashga erishgan, jami iqtisod qilingan energiya resurslarining puldagi ifodasi 1,2 mlrd. so‘mni tashkil etgan.

Xalqaro ekspertlar Xitoy va AQSH davlatlarida ISO 50001 standartini joriy qilish jarayonida olingan bilim va tajribalar bilan ham o‘rtoqlashdilar.

Ta'kidlandiki, O`zDSt ISO 50001 “Energetika boshqaruv tizimlari. Talablar va qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma” milliy standarti 2015 yil 1 iyunda kuchga kirgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida respublikamizning 20 dan ortiq korxonalarida muvafaqqiyatli joriy qilindi. Iqtisodiyot vazirligi vakillari yaqin istiqbolda ushbu standart yana 50 ta korxonada joriy qilinishini qayd etishdi. 

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati