Sanoat korxonalarining eshigi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun doimo ochiq

26/09/2017 - 11:02 7705

Press-reliz

Iqtisodiyot vazirligi Jahon banki guruhi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” deb nomlangan navbatdagi media-turni uyushtirmoqda. 

Joriy yilning 26-29 sentyabr kunlari vazirlik va vakolatli tijorat banklar taklifiga binoan, ommaviy axborot vositalari vakillari Farg‘ona, Namangan hamda Andijon viloyatlaridagi “Qo‘qonspirt”, “Farg‘onaazot”, “Kvars”, “Uchqurg‘onegmoy”, hamda “O‘ztransgaz” kompaniyasiga qarashli Xo‘jaobod gaz saqlash korxonasiga tashrif buyuradilar.

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi energiya iste'molchilariga yirik sanoat korxonalarida energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tajribasi hamda energiya samaradorligiga investitsiya yo‘naltirishning foyda va afzalliklarni ko‘rsatish hisoblanadi.

Joriy yilning 26 mayida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021 yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi №PQ-3012-son Qarorining e'lon qilinishi ham mazkur Media-turning qanchalik dolzarb ekanidan dalolatdir. 

Tadbir davomida media-tur ishtirokchilari 11 ta subloyihalarning natijalarini o‘rganish, ommaviy axborot vositalari vakillari esa yangi asbob-uskunalarni suratga olish va korxonalarning energiyani tejash yo‘llari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Ma'lumki, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi 2011 yildan buyon o‘z faoliyatini olib bormoqda. Loyiha doirasida 30 dan ortiq sanoat korxonalari Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va O‘zbekiston tijorat banklari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlarga ega bo‘ldilar. Ushbu korxonalar elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'mol hajmini qisqartirish kabi qator qulayliklardan foydalanishmoqda. 

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda loyiha doirasida jami energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha 82 ta subloyiha amalga oshirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyihalarning muvaffaqiyatli bajarilishi natijasida O‘zbekiston hududlari bo‘ylab yiliga 500 million  kVt/soat elektr energiyasi va 187,7 million kub metr tabiiy gazni tejashga olib keladi.

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasini muvofiqlashtirish guruhi
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi