PRESS-RELIZ

08/08/2017 - 10:17 5242

Sanoat korxonalarining eshigi ommaviy axborot vositalari vakillari uchun doimo ochiq

Iqtisodiyot vazirligi Jahon banki guruhi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” deb nomlangan navbatdagi media-turni uyushtirmoqda.

Joriy yilning 8-12-avgust kunlari vazirlik va vakolatli tijorat banklar taklifiga binoan, ommaviy axborot vositalari vakillari Samarqand, Navoiy hamda Qashqadaryo viloyatlaridagi “Kattaqo‘rg‘on yog‘-moy” AJ, Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Qizilqumsement” AJ hamda ”SHo‘rtanneftgaz” va “Muborakneftgaz” korxonalariga tashrif buyuradilar. 

Mazkur tadbirning asosiy maqsadi energiya iste'molchilariga yirik sanoat korxonalarida energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tajribasi hamda energiya samaradorligiga investitsiya yo‘naltirishning foyda va afzalliklarni ko‘rsatish hisoblanadi.

Joriy yilning 26-mayida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida»gi №PQ-3012-son Qarorining e'lon qilinishi ham mazkur Media-turning qanchalik dolzarb ekanidan dalolatdir.

“Media-turning aynan shu bosqichini mamlakatimizdagi energiyani ko‘p iste'mol qiladigan sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish natijalarini taqdim etish chora-tadbirlarining bir qismi deb hisoblasa bo‘ladi. - deydi biz bilan suhbatda Dariya Kudabayeva, loyihaning jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha mutaxassisi. - Kamida oltita viloyatda joylashgan energiyani tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy etgan zavod va kombinatlarga tashrif buyurish rejalashtirilgan. Media-tur Kattaqo‘rg‘on shahridan boshlanib, uning ishtirokchilari yog‘-moy ishlab chiqarish korxonasida yangi ishga tushgan bug‘ qozonxona faoliyati bilan tanishadilar. So‘ng media-tur ishtirokchilari Uchquduq shahriga o‘tib, Navoiy kon-metallurgiya kombinatining bug‘ turbina o‘rnatmasini borib ko‘rishadi. Navoiy shahrida esa ularni sement zavodining mutaxassislari kutib olishadi.Media-turimiz Qashqadaryo viloyatida yakunlanib, chiqindi gazlarni qayta ishlash texnologiyasi yordamida tabiiy gazni qazib chiqarish stansiyalarini jurnalistlarga o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishga imkon beradi”. 

Tadbir davomida media-tur ishtirokchilari 19 ta subloyihalarning natijalarini o‘rganish, ommaviy axborot vositalari vakillari esa yangi asbob-uskunalarni suratga olish va korxonalarning energiyani tejash yo‘llari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.

Ma'lumki, “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi 2011 yildan buyon o‘z faoliyatini olib bormoqda. Loyiha doirasida 30 dan ortiq sanoat korxonalari Xalqaro taraqqiyot uyushmasi va O‘zbekiston tijorat banklari hisobidan ajratilgan imtiyozli kreditlarga ega bo‘ldilar. Ushbu korxonalar elektr energiyasi va tabiiy gaz iste'mol hajmini qisqartirish kabi qator qulayliklardan foydalanishmoqda. 

Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda loyiha doirasida jami energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha 82 ta subloyiha amalga oshirilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu loyihalarning muvaffaqiyatli bajarilishi natijasida O‘zbekiston hududlari bo‘ylab yiliga 500 million  kVt/soat elektr energiyasi va 187,7 million kub metr tabiiy gazni tejashga olib keladi.

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasining muvofiqlashtirish guruhi