Nukus shahrida matbuot anjumani o‘tkazildi

04/08/2017 - 16:40 10863

Bugun O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichida hududlar, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib holda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish davr talabiga aylanib bormoqda. Shu ma'noda mamlakaatimiz hududlarida, jumladan Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini, maqsadlarini, erishilayotgan natijalarini doimiy ravishda xalq ommasiga, keng jamoatchilikka yoritib borish dolzarb vazifalardan sanaladi. 

Shu munosabat bilan, 4 avgust kuni Nukus shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Qoraqalpog‘iston Respublikasi yangi taraqqiyot bosqichida: hududiy islohotlarning amalga oshirish jarayonlari” mavzusiga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasining manfaatdor vazirlik va tashkilotlari, Savdo-sanoat palatasi, tijorat banklari, tadbirkorlik sub'yektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasida olib borilayotgan islohitlar, hududiy dasturlarning bajarilishi, ularning mazmun mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida so‘z bordi. 

Jumladan, davlatimiz rahbari hamda Hukumatimiz tomonidan joriy yilning o‘zida Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi turmush darajasini yuksaltirish, mavjud ekologik, ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni, ayniqsa, hududlar taraqqiyotidagi nomutanosibliklarini bartaraf etishga qaratilgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilayotganligi qayd etildi.
 
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 yanvardagi «2017-2021 yillarda Orol bo‘yi mintaqasini rivojlantirish dasturi» to‘g‘risidagi 2731-sonli qaroriga ko‘ra, aholi salomatligini tiklash va muhofaza qilish, ekologik muammolarni yumshatish, muhandislik-kommunikatsiya tizimlarini qurish, shu bilan birga, Mo‘ynoq, Shumanay, Qonliko‘l, Taxtako‘pir, Chimboy tumanlarida sanoat sohasida (avtomobillarga gaz to‘ldiruvchi kompressor stansiyalaridan tashqari) yangi tashkil etilayotgan mikrofirmalar va kichik korxonalarni soliq to‘lovlaridan ozod qilish ko‘zda tutilganini e'tirof etish mumkin. 

Joriy yilda qabul qilingan «Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanini 2017-2018 yillarda iqtisodiy rivojlantirish va aholi bandligini ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 2803-sonli qarorida umumiy qiymati 52,3 mlrd.so‘m, shundan 990 ming dollarlik chet el investitsiyasi hisobiga 72 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish va buning natijasida 1343 ta doimiy ish o‘rinlarini yaratish, 12 ta bo‘sh turgan ob'yektlarni “nol” qiymatida tadbirkorlarga berish, 20 gektar maydonda tashkil etilgan kichik sanoat zonasidagi sanoat korxonalari va xususiy tadbirkorlarni 10 yil soliqlardan ozod qilish, shu bilan birga, tuman turizm salohiyatini oshirish chora-tadbirlarining belgilanishi ham mazkur tumanning har tomonlama rivojlanishiga zamin yaratadi.  

Matbuot anjumani ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi va taqdim etilgan mavzular yuzasidan ko‘plab savollar berildi. 

Vazirlik Axborot xizmati

O‘zbek tilida press-reliz

Rus tilida press-reliz