“Yashnobod” innovatsion texnopark Direksiyasining rahbari tayinlandi

26/07/2017 - 17:51 13277

Joriy yilning 17 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining  2017 yil 5 iyundagi PF-5068-son farmoniga asosan tashkil etilgan “Yashnobod” innovatsion texnopark Muvofiqlashtiruvchi kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uni Iqtisodiyot vaziri G. Saidova boshqardi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasining  2017 yil 5 iyuldagi 468-son qaroriga muvofiq tashkil  etilgan “Yashnobod”  innovatsion texnopark direksiyasi faoliyati va uning direktorini tayinlash bilan bog‘liq tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi.

Muhokamadan so‘ng Muvofiqlashtiruvchi kengash tomonidan shu paytgacha Vazirlar Mahkamasining mas'ul xodimi bo‘lib ishlab kelayotgan Axmedjanov Nodir O‘tkirovich “Yashnobod” innovatsion texnopark direksiyasi direktori etib tayinlandi.

Ma'lum qilamizki, N.O‘. Axmedjanov Vazirlar Mahkamasida ishlashidan oldin ko‘p yillar mobaynida Iqtisodiyot vazirligida, respublikamiz hududida tijoriy yo‘nalishda faoliyat yuritgan  xalqaro tashkilotlarning moliya bo‘linmalarida turli mas'ul vazifalarda ishlab kelgan.

Eslatib o‘tamiz, “Yashnobod” innovatsion texnoparki davlatimiz Rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan edi. Uning asosiy vazifasi etib innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha butun tizimni amalga oshirish uchun ilmiy va ishlab chiqarish  tashkilotlarining faoliyatini integratsiyalash belgilangan.

Texnopark rezidentlari qator soliq to‘lovlaridan ozod etilgan bo‘lib, imtiyozli kreditlash, Toshkent shahri hududida uzoq muddat davomida foydalanish uchun ishlab chiqarish maydonlari, Toshkent shahri Yashnobod tumanida joylashgan yerlarni foydalanish uchun olish, shuningdek ilmiy muassasalarning laboratoriyalaridan foydalanish imkoniyatlari kabi barcha texnopark preferensiyalaridan foydalanish huquqiga egadirlar.

“Yashnobod” texnoparki faoliyatining eksterritorialliligi butun Toshkent shahrida amal qiladi (ya'ni berilgan preferensiyadan Toshkent shahri hududi bo‘yicha bir xil foydalanish huquqiga ega). Bunday imtiyoz poytaxt hududi bo‘yicha innovatsion ishlab chiqarishga tadbirkorlik sub'yektlarini jalb qilishda qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
 
Texnopark direksiyasi quyidagi manzilda joylashgan: Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Majnuntol ko‘chasi, 5. Mo‘ljal - “Aviasozlar saroyi” qarshisi.

Axborot xizmati