"Diniy ekstremizm va terrorizm barqarorlik va ijtimoiy xavfsizlikka tahdid omili" mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi

24/07/2017 - 16:51 6921

Tarixdan ma'lumki, inson uchun eng xavfli tahdid bu ma'naviy tahdiddir. Darhaqiqat, bugun eng katta xavf sifatida diniy ekstremiz va terrorizm tilga olinmoqda. Terrorizm birinchi galda insoniyat uchun eng muhim va qimmatli bo‘lgan boylik, ya'ni tinchlik, ko‘ngil xotirjamligi, mamlakat taraqqiyotining muhim tarixiy omili bo‘lgan fuqarolararo hamjihatlikka rahna soluvchi asrimizning eng xavfli ijtimoiy illati sifatida tilga olinmoqda. 

Diniy ekstremizm diniy rang-baranglikni rad etadi. Shu asnoda aqidaparastlar nafaqat ijtimoiy hayotning siyosiy, iqtisodiy yoki madaniy sohalariga zarar yetkazadilar, balki jamiyatga ommaviy tarzda psixologik bosim o‘tkazib, eng mudhish shakllardagi zo‘ravonlik va agressivlik mafkurasini yoyadilar. Ushbu illat bugun eng rivojlangan mamlakatlar qatorida diyorimizga ham xavf solmoqda. Uning ta'sir doirasi ayniqsa, yoshlarimizni turli diniy oqimlarga jalb etilishida yaqqol namoyon bo‘layotgani hech birimizga sir emas. 

Bu kabi xatarlarga qarshi respublikamizda qator targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Mazkur tashviqotlar nafaqat, OAVlari orqali balki, turli tashkilotlar, ayniqsa, o‘quv yurtlarida seminar-trening, “davra suhbatlari” ko‘rinishida ham  namoyon bo‘lmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida “Diniy ekstremizm va terrorizm barqarorlik va ijtimoiy xavfsizlikka tahdid omili” mavsusida tashkil etildi. 

Seminarda  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘tkir Xasanboyev va Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov o‘z ma'ruzasi bilan ishtirok etdilar.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Dilshod Asamov olib bordi. U o‘z kirish so‘zida mamlakatimiz azaldan insoniy qadriyatlar yuksak baholangan va ular diniy qarashlar bilan uyg‘unlashib ketgan diyor sanalishi, shu asnoda, ota-onaga bo‘lgan yuksak ehtirom, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, nafaqat yaqinlar balki, begonalarga ham yaxshilik qilish kabi azaliy qadriyatlar qon-qonimizga singib ketganini tilga oldi. Shuningdek, u yuqorida ta'kidlangan millatimizning o‘ziga xos jihatlari muqaddas dinimiz sanalmish - islom aqidalariga mutanosib kelishi, islom dini ham boshqa dinlar qatorida insoniyatni hamjihatlik va ezgulikka chorlovchi din ekanligi, tinchlik va barqarorlik esa iqtisodiyotning eng muhim omili sanalishini alohida tilga oldi.

Shundan so‘ng, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi diniy ishlar bo‘yicha qo‘mita raisining o‘rinbosari O‘tkir Xasanboyev so‘zga chiqdi. U o‘z ma'ruzasida respublikamizda mavjud dinlar orasida islomning mavqyei nihoyatda katta ekanligi, xususan, hozirgi kunda O‘zbekiston aholisining soni 32 mln.dan oshgan bo‘lib, ular 130 dan ziyod millatga mansub hisoblanishi, fuqarolarning 94% dan ziyodi islom diniga e'tiqod qilishi, shu bois, islom dini davlatimiz tub xalqlarining tarixiga, o‘tmish merosiga, madaniyatiga, ruhiyatiga chuqur singib ketganligini aytib o‘tdi. 

Shuningdek, ma'ruzachi diniy ekstremizm va terrorizmning butun dunyoga solayotgan xavfi haqida alohida to‘xtalib, ekstremistlar va terroristlarning g‘ayri insoniy va g‘ayri diniy harakatlari bizni doimo hushyor va ogoh bo‘lishga, haqiqiy diniy qadriyatlarni ularniing soxta va o‘ta g‘arazli talqinlaridan keskin farqlashga yordam beradigan bilimlarni egallashga undashi, terrorizmning bugungi kunda o‘ta xavfli siyosiy hodisaga aylanib borayotganligini tilga oldi. 

Shundan so‘ng Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un G‘ofurov so‘z olib, afsuski, kommunikatsiya va informatsion texnologiyalarning tez sur'atlardagi taraqqiyoti g‘oyaviy ta'sir o‘tkazish imkoniyatlarining kengayishiga turtki bo‘lib, geosiyosiy maqsadlarga bo‘ysindirilgan, inson qalbi va ongi uchun kurashlarning yangidan-yangi usul va vositalarining ko‘payib borayotgani, ayniqsa, bu borada din omilidan foydalanishga urinishlarda yaqqol namoyon bo‘layotgani, aksariyat holatlarda ushbu kurash qurolli tus olib, ko‘plab xalqlarning boshiga fojiali kunlarni solayotgani, ushbu harakatlarni amalga oshirayotganlar orasida esa, vatandoshlarimiz, xususan yoshlarimizning bor ekanligi ayanchi hol ekanligini ta'kidlab o‘tdi. 

Tadbir so‘ngida yig‘ilganlarga diniy ekstremizm, separatizm va aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, qirg‘in solishga yoki fuqarolarni zo‘rlik bilan ko‘chirib yuborishga da'vat etadigan yoxud aholi orasida vahima chiqarishga qaratilgan materiallarni tayyorlash yoki ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek diniy-ekstremistik, terrorchilik tashkilotlarining atributlarini yoki ramziy belgilarini tarqatish yoxud namoyish etish maqsadida tayyorlash, saqlash O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 244/1-moddasiga muvofiq ta'qiqlanishi, ushbu harkatlar eng kam ish haqining ikki yuz baravaridan to‘rt yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud olti oygacha qamoq yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi belgilangani eslatib o‘tildi. 

Xulosa qilib aytganda, global muammo sifatida e'tirof etib kelinayotgan “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi” kurashda fuqarolarning mafkuraviy immunitetini oshirish va ma'naviyatini yuksaltirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Shunday ekan mana shunday og‘ir bir tahlikali davrda farzandlarimizni yovuz kuchlarning qo‘liga berib qo‘ymasligimiz, ularni o‘zimiz tarbiyamizga olishimiz, hamda oila - mahalla - ta'lim muassasasi hamkorligini yanada kuchaytirishimiz, ota-onalarimizni o‘z farzandlarining tarbiyasiga alohida e'tibor bergan holda, ularni doimo nazorat qilib borishimiz juda muhim hisoblanadi. Zero, farzandlarining kelajakda yetuk, komil inson bo‘lib yetishishi ularning hayotda bergan tarbiyalariga bog‘liq. 

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati

Veb-sayt test holatida ishlamoqda.