Qarorga ayrim sharhlar

07/07/2017 - 18:33 5434

Ma'lumki, joriy yilning 17 mart kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati ishlab chiqaruvchilarini yanada rag‘batlantirish maqsadida  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qo‘shimcha qulay sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi  PQ-2843-sonli qarori qabul qilingan edi. 

Mazkur qarorga ko‘ra, ushbu hududda tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan xo‘jalik sub'yektlari soliq to‘lovlari va valyuta tushumlarini majburiy sotishdan ozod qilinadilar. Ya'ni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan va tadbirkorlik faoliyatini olib borayotgan yuridik shaxslar o‘zlari ishlab chiqarayotgan sanoat tovarlarini eksport qilish hisobiga kelib tushgan valyuta tushumini majburiy sotishdan ozod etiladi (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Tovarlar (ishlar, xizmatlar) eksportini rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" 1997 yil 10 oktyabrdagi PF-1871-sonli Farmoni 2-ilovasiga kiritilgan xom ashyo tovarlari bundan mustasno).

Bundan tashqari, ushbu qarorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan farmatsevtika tovarlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari (kabel-o‘tkazgich mahsulotlaridan tashqari), shuningdek, pardozlash qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yuridik shaxslar 2017 yilning 1 aprelidan 2022 yilning 1 yanvarigacha bo‘lgan davrda mulk solig‘i, yer solig‘i, obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish solig‘i, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasiga majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etilishi belgilab qo‘yilgan.

YUqoridagi qarorning ijrosini ta'minlash maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan “Soliq imtiyozlari tatbiq etiladigan farmatsevtika mahsulotlari va preparatlari, elektrotexnika mahsulotlari, shuningdek, pardozlash qurilish materiallariga taalluqli bo‘lgan mahsulotlarning Ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaror ishlab chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirligi tomonidan 2017 yil 9 iyundagi 2888-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazildi. 

Axborot xizmati