Mamlakatimiz to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati korxonalarining eksport salohiyati to‘g‘risida

02/06/2017 - 10:30 5090

Mamlakatimizda qulay investitsiya muhiti yaratilishi, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga alohida e'tibor qaratilishi natijasida to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlaridan biriga aylanib bormoqda.

Ayni paytda tarmoqda 2,5 mingdan ortiq korxona samarali faoliyat yuritib, bu korxonalarda ip kalava, tayyor gazlama va matolar, tikuv-trikotaj va paypoq mahsulotlari, shuningdek gilam kabi tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.

2017 yilning 1-choragida tarmoq korxonalari tomonidan mahsulot ishlab chiqarish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,2 barobardan ziyod, ularning eksport hajmi esa qariyb 1,5 baraborga o‘sdi.
 
Tarmoqda eksport hajmining yuqori o‘sish sur'atlari mahsulotlar eksporti fizik hajmining 36 foizga va ular narxining 7,8 foizga o‘sishi hisobidan ta'minlandi. Ayniqsa, tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti fizik hajmining o‘sishi 70,5 foizni, ip gazlamada 54 foizni, paypoq mahsulotlarida 53  foizni tashkil qildi. 

Ishlab chiqarilgan mahsulotlar Rossiya, Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi kabi 40 dan ortiq davlatlarga eksport qilindi va hisobot davrining o‘zida 2 ta yangi tashqi bozorlarga mahsulot eksport qilish o‘zlashtirildi. 

Xususan, Farg‘ona viloyatidagi “Indorama Qo‘qon tekstil” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan ip kalava Venesuela, Toshkent viloyatidagi “Azaliya Garment” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan tayyor trikotaj mahsulotlari va Namangan viloyatidagi “Lyuks plyus servis” korxonasida ishlab chiqarilgan erkaklar kostyum va ko‘ylaklari Keniya davlatlariga eksport qilindi.

Vazirlik Axborot xizmati