Tadbirkorlikka keng yo‘l

29/05/2017 - 16:43 5454

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan muhim va salmoqli hissasi, shuningdek e'tiborli roli va ahamiyatini alohida ta'kidlash zarur. Mazkur soha mamlakatning iqtisodiy hayotida asosiy o‘rin tutibgina qolmay, ichki bozorni zarur mahsulotlar va xizmatlar bilan to‘ldirish, aholi farovonligini oshirish va bandligini ta'minlashda salmoqli omillardan biri hisoblanadi.

Bu yo‘nalish 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida hamda O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarning ustuvor sohalaridan biridir.
 
Davlatimiz rahbarining joriy yil 1 fevraldagi “Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi.

YUqoridagi qarorga binoan qo‘shimcha 86 turdagi litsenziya va ruxsatnomani "yagona darcha" markazlari orqali rasmiylashtirish mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Avtomatlashtirilgan ro‘yxatga olish tizimining samarali ishlashini ta'minlash maqsadida "yagona darcha" markazi xodimlarining malakasi oshiriladi.

“E-ijro” idoralararo elektron hamkorlik tizimini faol joriy etish asosida joriy yilning I choragida tadbirkorlik sub'yektlariga “Yagona darcha” markazlari orqali 30 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi.

Joriy yilning aprel oyidan boshlab tadbirkorlik sub'yektlari Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalidagi tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yishning avtomatlashtirilgan tizimiga murojaat etish yo‘li bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmoqda. Bu esa o‘z biznesini boshlamoqchi bo‘lganlarga internet tarmog‘i orqali tadbirkorlik sub'yekti sifatida ro‘yxatdan o‘tish imkonini beradi.

Endilikda ro‘yxatdan o‘tish uchun belgilangan tartibda to‘ldirilgan ariza va ta'sis hujjatlarini taqdim etishning o‘zi yetarli. Tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun internet tarmog‘i orqali murojaat qilsa, belgilangan davlat bojining yarmini to‘laydi.

Bundan tashqari fuqarolar va tadbirkorlik sub'yektlarini davlat organlariga ishonchini yanada mustahkamlash, respublikamizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, shuningdek korrupsion jinoyatlarni oldini olish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi.

Kichik tadbirkorlik sub'yektlarini kredit resurslariga bo‘lgan ehtiyojini qondirishni kengaytirish, hamda tijorat banklari kreditlari evaziga yangi zamonaviy texnologik uskunalar xarid qilishda zaruriy ta'minot bilan ta'minlash maqsadida kichik tadbirkorlikni rivojlantirish Kafolat jamg‘armasi tashkil etildi.

Qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda yanada rag‘batlantirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar joriy yilning I choragi mobaynida qariyb 13,6 ming yoki 2016 yilning shu davriga nisbatan 64% ga ko‘p yangi kichik biznes sub'yekti tashkil etish imkonini berdi. Yalpi ichki mahsulotda kichik biznes ulushi 44,9%, sanoatda 41,6%, bandlikda 77,7% gacha oshdi.

Raqobatdosh korxonlarni yaratish maqsadida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik korxonalarini yiriklashtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha ilmiy asoslangan va natijador takliflarni ishlab chiqish maqsadida Iqtisodiyot vazirligi huzurida tashkil etilgan Jamoat kengashi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar, tadqiqot institutlari, oliy ta'lim muaassalari bilan hamkorlikda doimiy ravishda davra suhbatlari o‘tkaziladi. Hozirda o‘rta biznesni joriy etish uchun eng maqbul takliflarni ishlab chiqish bo‘yicha jahon tarjibasi o‘rganilmoqda.

Vazirlik Axborot xizmati