Xotira aziz va qadrli

28/04/2017 - 16:06 5072

Ma'lumki, Davlatimiz tomonidan 1999-yildan e'tiboran 9-may kuni mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni deb e'lon qilinib, poytaxtimizning markaziy xiyobonlaridan birida Xotira maydoni ochildi. Shundan buyon yurtimizda har yili 9-may - Xotira va qadrlash kuni sifatida o‘tkazib kelinadi. 

Xotira va qadrlash tushunchasi chuqur ma'noga ega. Bu kunda fashizmga qarshi janglarda qatnashgan, qolaversa o‘z Vatanini himoya qilishda jonini fido qilgan, xalq orzu qilgan erkinlik uchun kurashgan milliy qahramonlarni ruhini shod etib eslash barcha yurtdoshlarimiz uchun ham farz ham qarzdir.

9-may - Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan xalqning ezgu fazilatlari yanada yorqin namoyon bo‘ladi. Yurtdoshlarimiz Ikkinchi jahon urushi dahshatlarining guvohi bo‘lganlarni holidan xabar olishadi,  bugungi tinch va osoyishta hayot uchun kurashgan insonlar jasoratini beqiyos deb bilishadi.
 
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida 9-may - Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan “Milliy qadriyatlarimizning barhayotligi va ularning umuminsoniy qadriyatlar bilan uyg‘unligi” mavzusida vazirlik xodimlarining huquqiy bilimi va huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, YUNESKO akademigi, siyosiy sharhlovchi, Respublika ma'naviyat targ‘ibot markazining eksperti Qobilbek Karimbekov ma'ruza bilan ishtirok etdi.

Notiq o‘z so‘zida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab o‘zbekistonliklar xotirasini yod etish, olovli janggohlardan omon qaytgan bobolarga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish tom ma'noda milliy qadriyatga aylanganini alohida ta'kidladi. Bunday ibratli tadbirlar yoshlarni yurtparvarlik, mehnatsevarlik, ajdodlari, ularga munosib vorislar bo‘lish ruhida tarbiyalashda beqiyos ahamiyatga ega ekanligiga urg‘u berdi. Ushbu qutlug‘ sanani bayram qilishga tayyorgarlik ko‘rish doirasida urush va mehnat fronti faxriylari ko‘rsatgan matonat hamda jasorat ahamiyatini aholining keng qatlamlari, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarga qaratdi. 

Darhaqiqat, har qaysi xalqning bag‘rikengligi va olijanobligi, kerak bo‘lsa, odamiyligi va insonparvarligi nafaqat o‘z yaqinlari, balki begona odamlarning boshiga musibat tushganda ulardan o‘z mehri va yordamini ayamasligida yaqqol ko‘rinadi, sinovdan o‘tadi.

Shuningdek notiq o‘z ma'ruzasida, bizga qo‘shni Afg‘onistonda mana qariyb qirq yildirki beqaror vaziyat hukm surayotganiga ham to‘xtalarkan, ushbularni qo‘shimcha qildi: “Ekstremizm, terrorizm deb nom olgan, ko‘lami tobora kengayib borayotgan xatarlar, turli yovuz niyatli kuchlarning yana maydonga chiqayotgani barcha-barcha yurtdoshlarimizda tashvish uyg‘otmoqda. Bunday murakkab va tahlikali vaziyat barchamizdan hamisha ogoh va hushyor bo‘lib yashashimizni taqozo etadi. Shu ma'noda, barcha ommaviy axborot vositalari orqali, ayniqsa, Markaziy tele va radiokanallar hamda hududiy teleradiokompaniyalarda «9 may - Xotira va qadrlash kuni» rukni ostida turkum hujjatli va badiiy filmlar, axborot dasturlarida lavhalar namoyish etilishi yo‘lga qo‘yilgan. Zotan, inson xotirasi aziz, o‘tganlar xotirasini qadrlash, qahramonlar jasoratini teran anglash kabi xalqimizga xos muqaddas tushunchalarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini ochib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar aytganda, faxriylarning munosib hayot kechirishi uchun zarur sharoitlar yaratib berayotgan davlat tomonidan ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, e'tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish maqsadida samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Zero, bugun ular tufayli mamlakatimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda, hayotimiz farovon. Jang maydonlarida jon bergan, urushdan qaytmaganlarni eslash, bugun oramizda sog‘-salomat hayot kechirayotgan nuroniy otaxon va onaxonlarimizga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish bizning muqaddas burchimizdir. Shu bilan birga, urush maydonlaridan qaytmagan, mana shunday musaffo osmon, tinch va osoyishta hayot uchun jon berib, qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasi oldida bosh egib ta'zim qilish barchamiz uchun ham qarz, ham farz, deb hisoblayman dedi, u.

Ma'ruzachi o‘z nutqida juda ko‘plab qiziqarli voqyea hamda dalillarga murojaat etdi. Tadbir vazirlik jamoasida katta qiziqish uyg‘otdi.

Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati